So‘z-gapning sintaktik xususiyati. So‘z-gapning sintaktik xususiyati yuqorida ta’kidlaganimizdek, kesimlik qo‘shimchasini qabul qilmasligi, bog‘lama bilan birika olmasligida. So‘z-gap ham undalma, sodda gap kabi kengaygan yoyiq holatda bo‘lishi mumkin: 1.CHo‘lni o‘zlashtirgan mardlarga ofarin. (A.Qah.) 2. Falakning dastidan dod! (Hamza.) 3. Barakalla sizga! Misollardan ko‘rinib turganidek, so‘z-gap faqat bitta so‘zdan iborat bo‘lmay, nutqda kengayish qobiliyatiga ham ega. So‘z-gapning yana bir sintaktik xususiyati shundaki, [WRm] qurilishli gapda kesimlik kategoriyasi va ma’nosi (W)ga (Rm) orqali kiritiladi, (m)ning esa o‘zbek tilida juda ko‘p ko‘rsatkichi mavjud. SHakl o‘zgarishi bilan kesimlik kategoriyasining ma’no turi ham o‘zgaradi. Masalan, Bo‘ladi. Bo‘lmaydi. Bo‘lsa. Bo‘ldi va h.k. Ammo so‘z-gapda bunday emas. Har bir so‘z-gap shu gapga xos bo‘lgan ma’noni ifodalashga xoslangan bo‘ladi. CHunonchi, [ha] so‘zi tasdiqni ifodalaydi. Uning bo‘lishsizligi Ha, emas bilan emas, balki alohida [yo‘q] so‘z bilan ifodalanadi. [Albatta] yoki [shubhasiz] modal so‘zi qat’iy ishonch va tasdiqni ifodalaydi, inkor ma’nosi [mutlaqo], [aslo] so‘z-gapi bilan beriladi.
So‘z-gapda zamon va shaxs ma’nosi matnda muayyanlashadi. O‘zbek tilida gap (kesimlik) zamon va shaxs ma’nosidan xoli bo‘la olmaydi. Zero, so‘z-gapda zamon va shaxs-son ma’nosining kontekstual aniqlanish xususiyati bu so‘zning asosiy sintaktik xususiyati – kesimlik qo‘shimchasini qabul qilmay gap bo‘lib kela olishi bilan sharhlanadi. So‘z-gapning yana bir sintaktik xususiyati – uning gap tarkibida alohida pozitsiyada turishi, ya’ni boshqa gap bo‘laklari bilan bog‘lanmasligi va o‘zi gap sifatida “yashay olishi”, hamisha lisoniy alohidalikni saqlab qolishi bilan belgilanadi. CHunonchi, 1. -Ertaga kelasizmi? - Albatta. (O‘.Usm.) 2.-Engil tortdingmi, qizim? – SHukur. (A.Qah.)
Ko‘rinadiki, so‘z-gapning umumiy sintaktik xususiyati ular kesimlik qo‘shimchasini qabul qilmagan holda gap va uning markazini tuza olishida. To‘rt leksik-semantik turda (modal, undov, tasdiq/inkor, taklif/ishora so‘zlar) kesimlik kategoriyasini tashkil etuvchi ma’nodan har biri alohida bo‘rttirilgan va “yalang‘och” holda yuzaga chiqadi: modal so‘zlovchining munosabatini ((Rm)dagi maylni), taklif/ishora «shaxsga qaratilganlik» ma’nosini ((Rm) dagi shaxs-sonni), tasdiq/inkor ((Rm)dagi) tasdiq va inkorni va undov bo‘lajak harakatni ((Rm) dagi zamonni) ifodalashga xizmat qiladi.