10-ma’ruza: Ona tilidan ta’lim shakllari Reja



Yüklə 31,58 Kb.
səhifə3/7
tarix12.05.2023
ölçüsü31,58 Kb.
#111942
1   2   3   4   5   6   7
10-maruza

Ona tilidan dars turlari.
Ona tili darslarining maqsadi va tuzilishidan kelib chiqib, uni ikki katta guruhga ajratish mumkin: 1) ta’limiy darslar; 2) nazorat darslari.
Ona tilidan ta’limiy darslar. Ta`limiy darslarni katta guruhga ajratish mumkin:
Yangi bilim berish darslari.
Ko`nikma va malalarni shakllantirish darslari.
O`rganilganlarni takrorlash darslari.
Xatolar ustida ishlash darslari.
Yangi bilim berish darsi keng tarqalgan dars turlaridan biri bo`lib, bu darsda o`quvchilar yangi zaruriy bilimlar bilan qurollantiriladi va o`rganilganlar yuzasidan dastlabki malakalar hosil qilinadi. Darsning bu turi uy vazifasini tekshirish, egallangan bilimlar yuzasidan ko`nikma va malakalar hosil qilish, darsni xulosalash, uyga vazifa berish singari unsurlarning yig`indisidan iborat:
Yangi bilim berish darsi darsning boshqa bosqichlarida bajariladigan ishlarni o`ziga buysundiradi. Uy vazifasini tekshirish va o`rganilganlarni takrorlash yangi bilimlarni puxta egallashga tayyorlasa, mustahkamlash, xulosalash, uyga vazifa berish egallangan bilimlarni amaliyotda qo`llashga keng yo`l ochadi.
Yangi bilim berish darslari bilimlarni tayyor holda bayon qilib berish emas, albatta. O`quvchilarning ijodiy fikrlashga tayanib ish ko`rishi yangi bilim berish jarayonida ham davom ettiriladi. Bu darslarda ham tushuntirish-namoyish etish metodidan kamroq, muammoli vaziyatlar yaratish, o`quvchilarni ijodiy faoliyat ko`rsatishga undovchi metodlardan ko`proq foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Ko`nikma va malakalarni shakllantirish darslari maxsus dars turi bo`lib, hajm jihatidan katta, o`rganilishiga 2-3 soat vaqt ajratilgan mavzular yuzasidan o`tkaziladi. Bu dars turi yangi bilim berishdan tashqari boshqa barcha bosqichlarni o`z ichiga oladi. Agar yangi bilimlar berish darsida qayta xotirlash xarakteridagi topshiriqlar qisman izlanuvchanlik va izlanuvchanlik xarakteridagi topshiriqlarga qaraganda ko`proq qismi tashkil etsa, bu darslarda shuning teskarisidir.
Topshiriqlarning sharti ham bu darslarda ancha murakkablashadi. Har bir mashq uch-to`rt va hatto besh-olti topshirqni o`z ichiga qamrab olishi mumkin. O`rganilganlarni takrorlash darslarni bir necha soat davomida egallangan bilim, ko`nikma va malakalarni mukammallashtirishni nazarda tutadi.
Takrorlash darslari o`quv yilining boshida, oxirida, yillik mavzular o`rganilgandan keyin va bo`limlar tugagandan so`ng o`tkaziladi.
O`quv yilining boshida o`tkaziladigan takrorlash oldingi sinfda o`rganilgan materiallardan tashkil topadi. Til hodisalarini yaxlitligi, bir-biri bilan o`zaro chambarchas aloqadorligi o`quv yilining boshida oldingi sinfda o`rganilganlarni takrorlashni zaruriyatga aylantiradi. Chunki yangi o`rganiladigan materiallar oldin o`rganilganlarning mantiqiy davomi sanaladi.
O`quv yilining boshida o`tkaziladigan takrorlash ham umumlashtiruvchi, ham tayyorlovchi takrorlash bo`lib, u nafaqat oldingi sinfda o`rganilganlarni xotirada tiklashga, balki navbatdagi sinfda o`rganiladigan materiallarga zamin hozirlashga xizmat qiladi. Bu turdagi takrorlash darslari uchun o`quv materialini o`qituvchi darslikdan tanlashi yoki o`zi tuzishi mumkin.
Takrorlashning bu turini muvaffaqiyatli qo`llash uchun sinf o`quvchilarining o`quv imkoniyatlarini hisobga olish, qaysi til hodisalarini takrorlashga ko`proq ehtiyoj sezayotganligini nazarda tutish, zaruriyat tug`ilsa, darslikdagi qo`shimcha mashqlar shartiga qo`shimcha shartlar kiritish, ularni o`zgartirish, yangi mashqlar kiritish foydalidir.
Takrorlash bitta bo`lim yoki katta mavzu doirasida tashkil etilishi mumkin. Bunda asosiy e`tibor nafaqat o`rganilganlarni takrorlash va mustahkamlashga, balki o`quvchilar bilimidagi bo`sh tomonlarni hisobga olib, bu bo`shliqlarni to`ldirishga qaratiladi.
Keyingi yillarda takrorlash mashg`ulotlarini “Topqirlar bellashuvi” tarzida o`tkazishga e`tibor qaratilmoqda. Darsning bu shakli qiziqarli dars shakllaridan biri bo`lganligi uchun ham bu haqda batafsil to`xtalamiz.
Xatolar ustida ishlash darslari o`quvchilar nutqida qo`yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etishni ko`zlaydi.
Ona tili mashg`ulotlarida nafaqat xatoning oldi olinadi, balki yo`l qo`yilgan kamchiliklar bartaraf etiladi. O`qituvchilar ish amaliyotida xatoni tuzatishning ikki usulidan foydalaniladi:

    1. xatoni tuzatib ko`rsatish;

    2. xato haqida xabar berish.

Xatoni tuzatib ko`rsatish usulidan, asosan, nazorat xarakteridagi yozma ishlarni tekshirishda foydalaniladi. Xato haqida xabar berish xarakterdagi yozma ishlarni tekshirishda foydalaniladi. Xato haqida xabar berish usuli eng samarli usullardan biri bo`lib, u ko`proq ta’limiy xarakterdagi yozma ishlarni tekshirishda qo`llaniladi.
Omilkor o`qituvchilar ish amaliyotida xato haqida xabar berishning qo`yidagi usullaridan foydalaniladi:
“4”, “5” bahoda o`qiydigan o`quvchilarning yozma ishlarini tekshirishda, xato tuzatilmay, balki hoshiyasida shu qatordagi xatoning soni ko`rsatiladi. Bunda imlo I xatolarini shartli ravishda 1 harfi bilan, tinish belgilarga oid xatolarni R harfi n bilan, uslubiy xatolarni to`lqinli chiziq bilan belgilash mumkin. Masalan, daftar hoshiyasiga I-1 belgisi qo`yilgan bo`lsa, demak shu qatorda bitta imloviy xato mavjud. O`qituvchi shu qatorda joylashgan 4-5 so`zdan qaysi birida xato qilganligini o`zi aniqlaydi va tuzatadi.
“3” baho bilan o`qiydigan o`quvchilarning yozma ishlaridagi xatolar haqida xabar berish maqsadida xatoli so`zning ostiga chizish, lekin xatoni tuzatib ko`rsatmaslik usulidan foydalaniladi. Bu holda o`quvchi yo`l qo`yilgan xatoni barcha so`zlardan emas, balki ostiga chizilgan so`zdan izlaydi.
Bo`sh o`zlashtiradigan yoki o`z xatosini anglashga qiynaladigan o`quvchilarning yo`l qo`ygan xatolarini xatoli bo`g`in ostiga chizish bilan belgilash maqsadga muvofiqdir. O`quvchi belgilangan bo`g`indan o`z xatosini qidiradi.
O`quvchilarning og`zaki javoblaridagi nutqiy xatolarni bartaraf etish yozma ishlardagi xatolarni bartaraf etishga qaraganda ancha murakkab, chunki yozma ishlardagi xatoni ko`rish oson, nutqdagi xatoni esa payqash qiyin.
Tovushlarni notug`ri talaffuz etish, so`z urg`usini noto`g`ri qo`llash, gap urg`usiga rioya qilmaslik, gap ohangini buzish kabilar nutqiy xatolar bo`lib, uni bartaraf etish o`quvchi javobi diqqat bilan tinglashni, og`zaki nutq namunalarini birgalikda tahlil etishni talab etadi.
Nutqiy xatolar ustida ishlashning eng samarali yo`li magnit lentasiga yozib olib, keyin o`quvchilar bilan birgalikda muhokama qilishdir. Xatoni bartaraf etishda o`quvchining ishtiroki qancha ko`paysa, uni bartaraf etish imkoniyati osonlashadi.
Ona tilidan nazorat darslari. Nazorat darslari o`quvchilarning o`rganilgan materiallarni o`zlashtirganlik darajasini aniqlash, yo`l qo`yilgan imloviy, punktuacion va nutqiy xatolarni aniqlash maqsadida o`tkaziladi.
Ona tilidan nazorat darslarini uch turga ajratish mumkin:
Til hodisalarining o`zlashtirganlik darajasi ustidan nazorat.
O`quvchilarning imloviy va punktuacion savodxonligi ustidan nazorat;
Nutqiy malakalarning egallanganlik darajasi ustidan nazorat.
Til hodisalarini o`zlashtirganlik darajasi ustidan nazorat berilgan tovush, so`z, gap, matnni tahlil qilish, so`zlarni muayyan xususiyatlariga qarab guruhlash, til hodisalarini qiyoslab, ularning o`xshash va farqli tomonlarini aniqlash, umumlashtirish, qo`yilgan savollarga to`g`ri javob qaytarish, topshiriqlarni to`g`ri bajarish orqali aniqlanadi. Chunonchi, otlarning yoki sifatlarning ma’no guruhlari o`rganilgach, o`qituvchi oxirgi mashg`ulotni nazorat darsi sifatida rejalashtiradi.
O`quvchilarning imloviy va punktuacion savodxonligini ustidan nazorat, asosan ta’limiy diktantlar, shungdek, bayon va insholar orqali amalga oshiriladi.
O`quvchilar nutqini rivojlanganlik darajasi, umumiy savodxonligi, asosan, bayon, insho orqali aniqlanadi.Bayon qisman ijodiy mustaqil ish turlaridan biri bo`lib, u ta’limiy va nazorat maqsadlarida o`tkazilishi mumkin.
Bayonlarni o`tkazish tartibi quyidagicha:

  • matn bir marta o`qituvchi tomonidan o`qiladi;

  • matn mazmuni yuzasidan o`quvchilar bilan savol-javob o`tkaziladi;

  • zaruriyat tug`ilsa, bayon matnining ayrim o`rinlari qayta o`qiladi;

  • bayon rejasi tuziladi;

- o`quvchilarga notanish bo`lgan so`z va iboralarning ma’nosi sharhlanadi; ayrim imlosi qiyin so`zlar sinf taxtasiga yozib qo`yiladi.
Insho matnning oliy ko`rinishi bo`lib, o`quvchilarning ijodiy fikrlashi, fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og`zaki va yozma shaklda bayon qila olish darajasini belgilovchi asosiy mustaqil ish turidir.
Nazorat ishlari yil davomida 4-5 marta o`tkaziladi. Bu insholar avval qoralamada bajariladi va tahrir qilingach, oqqa ko`chiriladi.


Yüklə 31,58 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin