Talabalarning xulq madaniyatini shakllantirishda ijobiy ta’sir
etadigan vositalar:
a)
inson hissiyoti bilan bog‘liq,
uning idroki, tafakkuri, tasavvuri
mahsuli bo‘lgan madaniy estetik manbalar (adabiyotlar, tasviriy san’at
asarlari, musiqa, ilm-fan, diniy manbalar va h.k);
b)
illyustratsiya materiallari, madaniy meros
sifatida qadrlanadigan
geografik xaritalar, (Al-Xorazmiy yaratgan xarita), matematik- astronomiya
jadvallari (Beruniy, Ulug‘bek), miniatyuralar (Behzod), xalq amaliy san’ati
namunalari, milliy kiyimlar va h.k;
v) tabiiy o‘lkashunoslik materiallari: tarixiy me’morchilik obidalari,
muqaddas qadamjolar, ma’rifiy maskanlar, uy-muzeylar va h.k;
g) obrazli-ta’sirchan ifoda vositalari (ma’naviy meros haqida diafilm,
kinofilm, sahna asarlari,
radio eshittirishlari, oynayi-jahon ko‘rsatuvlari,
matbuot materiallari);
d) o‘quv-tarbiyaviy, ijodiy ko‘rgazmali vositalar, talabalar yoki
pedagog tomonidan tayyorlanadigan jadvallar, har xil ijodiy ishlar, referat,
ma’ruza, konspekt, kichik-kichik poetik asarlar, manzaralar tasviri va h.k.
Bu vositalardan dars jarayonida unumli foydalanish, noan’anaviy dars
shakllarining amaliyotga keng joriy
etish imkoniyatini yaratadi,
talabalarning darsga qiziqishini oshiradi, o‘rganiladigan mavzularning
mohiyatini chuqur anglab yetish imkonini beradi, mustaqil fikrlash, og‘zaki
va nutqni boyitish kabilarni shakllantiradi. Mustaqil ishda talaba o‘z ustida
mehnat qiladi, ijodiy izlanadi, o‘z nuqtayi nazari, qarashlarini shakllantiradi,
dunyoqarashi va ma’naviy saviyasini namoyon etadi.
Dars jarayonida
ma’naviy meros manbalaridan foydalanish natijasida talabalarda ma’naviy
merosga muhabbat, sadoqat, milliy o‘zligini anglash, milliy g‘urur
shakllanib boradi. Bu esa, o‘z navbatida, talabalarda xulq madaniyatini
shakllantirishga zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Shunday qilib, dars
talabalarning xulq madaniyatini shakllantirishning muhim shakli bo‘lib,
ma’naviy merosdan foydalanishda ta’lim-tarbiya tizimining asosiy bo‘g‘ini
hisoblanadi. Ta’lim-tarbiya jarayonida ma’naviy meros manbalaridan
foydalanish darsni samarali va qiziqarli tashkil etish, turli ko‘rgazmali
qurollardan, darsda noan’anaviy vositalardan foydalanish talabalarda xulq
madaniyatini shakllantirishga ta’sir etuvchi muhim omillar bo‘lib
hisoblanadi. Albatta, bunda pedagogning darsni tashkil etishi ham muhim
ahamiyatga egadir. Xulosa qilib shuni aytish kerakki, o‘qib- uqqan, chuqur
odob-axloqli, adolat va adolatsizlikning farqini
tushungan inson qaysi
yo‘ldan borayotganligiga tushunib yetadi. Yurtiga nisbatan mehr, g‘urur
paydo bo‘ladi. Natijada u ham Vatanning ravnaqiga munosib farzand
sifatida o‘z hissasini qo‘shadi. Ajdodlarimiz yashab o‘tgan, meni o‘z
bag‘riga olib ulg‘aytirayotgan Vatan uchun men nima qila oldim, meni
go‘dakligimdan yedirib- ichirgan ota-onam, ona zamin, qonlari tomirimda
jo‘sh urayotgan ajdodlarimiz sha’niga
munosib ishlar qilayapmanmi, degan
savollarini o‘z vijdoni oldiga ko‘ndalang qo‘yadi. Demak, har bir talaba
qaysi mutaxassis egasi bo‘lishidan qati nazar Vatanga muhabbatli, iymonli,
adolatparvar bo‘lishi muhimdir. Bunday fazilatlarni o‘zida kasb etgan
yoshlar qanday vaziyatda bo‘lmasin hamma vaqt o‘ziga to‘g‘ri yo‘l tanlay
oladi. Mustaqil jamiyatimizning kamol topishida o‘zlarining chuqur
bilimlari va adolatli xatti-harakatlarini ko‘nikmaga
aylantirishi bunday
nufuzli talaba yoshlarning asosiy vazifalaridir.
NAZORAT UCHUN SAVOLLAR
1. Pedagogning kasbiy potensialini nimalar tashkil etadi?
2. Pedagogik faoliyatning maqsadida qanday ijtimoiy pedagogik
vazifalar yechimini topishi lozim?
3. Kasbiy pedagogik faoliyat mazmunini ayting.