Olmazor tumanidagi innovatsion texnoparkda esa metallarni qayta ishlash, energiyani tejash texnologiyalari, muqobil energiya manbalari va elektron o’lchash jihozlari, robot texnikasi, mashinasozlik va elektronika sohasidagi tadqiqotlar olib boriladi.
Texnoparklar qurilishi va faoliyati davlat byudjeti, innovatsion tadqiqotlar va mahsulotlar buyurtmachilari, chet el grantlari, investorlar va tijoriy banklarning imtiyozli kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Mintaqaviy iqtisodiy siyosat olib borishning uchunchi yo’nalishi kichik sanoat zonalarini barpo etish va ularga imtiyozlar berishdan iborat.
Mintaqalardagi bo’sh turgan yoki samarasiz ish yuritayotgan ishlab chiqarish binolaridan samarali foydalanish, yangi korxonalar tashkil etishni rag’batlantirish maqsadida ular negizida kichik sanoat zonalari (KSZ) tashkil etilmoqda. KSZ faoliyati Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 31 dekabrdagi 378-son qarori bilan tasdiqlangan “Kichik sanoat zonalarini barpo etish va ularning faoliyatini tashkil qilish tartibi to’g’risidagi Nizom”igamuvofiq amalga oshiriladi. Unga ko’ra, 10 gektar va undan ko’p bo’linmas hududga ega sanoat zonalari uchun – Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi kichik sanoat zonalarini boshqarish direktsiyalari, 10 gektardan kam hududga ega bo’lgan, bitta tuman (shahar) doirasida joylashgan sanoat zonalar uchun – tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzurida kichik sanoat zonalarini boshqarish yagona direktsiyalari tashkil etilishi belgilangan.
Mamlakatda bugungi kunda 96 ta kichik sanoat zonalar tashkil etilgan bulib, ularda umumiy qiymati 535 milliard so’mga teng 1021 loyiha amalga oshirildi. Yangi korxonalar ishga tushishi tufayli 9,6 mingdan ziyod ish o’rni yaratildi.
Loyihalar doirasida ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo’lgan yengil sanoat, kimyo, oziq-ovqat mahsulotlari, elektr texnikasi buyumlari, zamonaviy qurilish materiallari, mebel va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, 248 loyihani amalga oshirish natijasida 11 ming yangi ish o’rni yaratish rejalashtirilmoqda.
Toshkentda 3 ta kichik sanoat zonasi faoliyat ko’rsatmoqda. Bundan tashqari, joriy yil 5 ta, 2018 yilda 2 ta zonalar tashkil etish rejalashtirilgan.
O’zbekiston Prezidenti 2017 yil 10 avgustdagi 3194-sonli qaroriga muvofiq, Toshkent viloyatining boy tabiiy-iqtisodiy, mineral-xomashyo, ilmiy-texnik va mehnat salohiyatidan to’liq foydalanish, yangi raqobatbardosh sanoat korxonalari hamda kichik xususiy korxonalar rivojini qo’llab-quvvatlash va rag’batlanitirish, aholi daromadlarini oshirish maqsadida viloyat hududida 17 kichik sanoat zonasi tashkil qilinmoqda.