Raqobatli bozorda firma agar u chekli daromad chekli harajatga teng holatni
ta’minlaydigan hajmda mahsulot ishlab chiqarsa, maksimal foyda oladi, bunday mahsulot
hajmi optimal bo’ladi. Monopolist ham shu optimal ishlab chiqarish shartiga amal qilishi
kerak bo’ladi. Sof monopolist tovariga bo’lgan talab ham bozor talabi hisoblanadi.
Monopolist o’z tovari narxini oshirsa, unga talab hajmi kamayadi va aksincha, monopolist
tovar narxini tushirsa unga talab hajmi ortadi.
Xuddi shunday sof monopolist taklifi ham bozor taklifi hisoblanadi. Masalan, tovar
ishlab chiqarishning o’zgaruvchi harajatlari oshsa, monopolist maksimal foyda olish uchun
tovar hajmini qisqartiradi. Taklif hajmining qisqarishi va haridorlar o’rtasida raqobatning
mavjudligi tovar narxini oshiradi.
Agar monopolistning talab chizig’i raqobatlashgan
bozordagiday gorizontal
bo’lganda edi, u tovar hajmini o’zgartirishi bilan narxga ta’sir qila olmas edi.
Monopollashgan bozorda taklif chizig’i ma’noga ega emas. Nega bunday, chunki ishlab
chiqariladigan mahsulot (taklif) miqdori bilan narx o’rtasida proportsional bog’liqlik yo’q.
Monopolistning qancha miqdorda mahsulot ishlab chiqarishi
nafaqat chekli harajatga
bog’liq, balki talab chizig’ining shakliga ham bog’liq bo’ladi.
Monopol bozorda talabning o’zgarishi narxning va taklifning raqobatlashgan
bozordagiday proportsional o’zgarishiga olib kelmaydi. Monopolist, talab o’zgarganda
mahsulot hajmini o’zgartirmasdan narxni o’zgartirishi yoki narxni o’zgartirmasdan
mahsulot hajmini o’zgartirishi yoki bir vaqtning o’zida narxni hamda mahsulot miqdorini
o’zgartirish mumkin.
Monopolistning maqsadi maksimal foyda olish bo’lsa, u tovar narxini xohlagancha
oshira olmaydi. Narx oshishi bilan mahsulotga talab kamayib boradi, narx oshishi ma’lum
darajaga
yetganda, umumiy daromad umumiy harajatni qoplamaydi. Monopolist qanday
narx strategiyasini tutishini bilish uchun daromadning narxga ko’ra talab elastikligi bilan
qanday bog’liqligini eslash zarur bo’ladi. Talab chizig’ining elastik bo’lgan
qismida
narxning pasayishi umumiy daromadni o’sishiga olib keladi, elastiklik birga teng
bo’lganda, umumiy daromad maksimumga erishadi (MR=0), elastik bo’lmagan qismida
narxning pasayishi umumiy daromadni pasayishiga olib keladi.
Shuni tushungan
monopolist talab chizig’ining elastik bo’lmagan qismida harakat qilmaydi.