11-mavzu qon va qon aylanish sistemasining yosh xususiyatlari v-fayllar.org
10.7. Yurak faoliyatining boshqarilishi.
Bolaning va katta yoshli odamning yuragini organizmdan ajratib olib, oziq moddali va kislorodli eritma bilan oziqlantirib turilsa, u bir necha soat qisqarib turadi. Yurakning bu xususiyati yurak avtomatiyasi deyiladi. Organizmda yurak avtomatiyasi ichki muhit o‘zgarishiga qarab nerv va gumoral yo‘l bilan boshqariladi. Yurakka adashgan nervlar orqali uzunchoq miyadan markazga intiluvchi impulslar keladi. Orqa miyaning ko‘kralk segmeptidan chiqqan simpatik tugunlardan 2 ta simpatik nerv adashgan nerv bilan birga yurak muskullariga tarmoqlanadi. Shunday qilib, umumiy uyqu arteriyasining yonidan aralash nervlar o‘tadi. Adashgan nerv markazlari qo‘zg‘alganda yurakning qisqarishi va kuchi, qo‘zg‘aluvchanligi hamda o‘tkazuvchanligi kamayadi.
Simpatik nerv markazlari qo‘zg‘alganda, aksincha, yurakning qisqarish soni, kuchi, qo‘zg‘aluvchanligi ortadi. Katta yoshli odamda adashgan nerv yurak avtomatizmiga bir qadar tormozlovchi ta’sir etadi. Bunga adashgan nerv tonusi deyiladi. Simpatik nervning yurak faoliyatiga ta’siri ortib ketsa, yurak muskullarida moddalar almashinuvi kuchayadi. Adashgan nervlar qo‘zg‘alganda qonga ko‘p miqdorda atsetilxolin ajralib chiqadi, bu gormon yurak ishini sekinlashtiradi.
Simpatik nervlar qo‘zg‘alganda, qonga noradrenalin va adrenalin gormonlari quyilib, qon orqali yurakka simpatik nerv kabi ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, qon tarkibidagi kalsiy, kaliy ionlari ham yurak faoliyatiga ta’sir qiladi. Kalsiy yurak ishini tezlashtiradi. Bola tug‘ilganda yurakni ta’minlovchi nerv apparati yetarli darajada rivojlangan bo‘ladi. Yurakka simpatik va parasimpatik nervlar ta’sir eta boshlaydi. Lekin yangi tug‘ilgan bola yuragiga simpatik nerv ta ’siri kuchliroq, ya’ni simpatik nerv tonusi yuqoriroq bo‘ladi. Uning ko‘z soqqasi biroz bosilsa, yurak qisqarishi siyraklashadi. 7-8 yashar bolada yurak muskullari nervlar bilan to‘la ta’minlanadi. Simpatik va parasimpatik nervlar ta’siri ancha barqaror bo‘lib qoladi. O‘smirlik davrida yurak funksiyalari katta odamlarnikiga o‘xshab qoladi.