Ma’lumki quduqlar turli xil ilmiy izlanishlar, yer osti qatlamlarini o‘rganish, neft, gaz va boshqa qazilma boyliklarini qazib olish maqsadida burg‘ilanadi.
Burg‘ilash jarayoni o‘ziga hos murakkab jarayon bo‘lgani uchun uni amalga oshirish kompleks turli omillarga bog‘liq bo‘ladi. Bunday omillarning asosiylaridan biri – burg‘ilash eritmalarini tayyorlash va ishlatish texnologiyasidir. Chunki burg‘ilash eritmalari quduqni burg‘ilash jarayonida qator vazifalarni, texnologik funksiyalarni jarayon olib borilayotgan sharoitga ko‘ra bajaradi. Shunday qilib burg‘ilash eritmalari quduqni burg‘ilash jarayonida qo‘yidagi asosiy texnologik vazifalarni bajarishi shart:
quduqni turli xil tog‘ jinslarining parchalaridan, zarrachalaridan tozalash va yer yuzasiga olib chiqish;
burg‘ilash eritmasining sistema bo‘ylab aylanma harakati to‘xtatilgan paytda burg‘ilangan tog‘ jinsi parchalari va zarrachalarini eritmada muallaq tutib turish;
burg‘ilanayotgan atrof qatlam jinslarining parchalanishini yengillashtirish va burg‘ini sovitib turish;
quduq devorlariga va qatlam bosimiga qarshi gidravlik bosim hosil qilish, ya’ni gaz, neft, suv otilib chiqish xavfini bartaraf etish;
Quduq devorlarining barqarorligini oshirish maqsadida quduq devorlariga fizik-kimyoviy ta’sir o‘tkazish bilan birga uning yemirilishidan xabardor qilish yoki oldini olish;
turbinali usul bilan burg‘ilash jarayonida turboburg‘ini energiya bilan ta’minlash;
neft va gaz mahsulotlarini saqlovchi yer osti qatlamni ochish davrida uning tabiiy o‘tkazuvchanligini saqlab turish va boshqa texnologik vazifalarni bajarish.
Qo‘yida burg‘ilash eritmalarining ushbu ko‘rsatilgan asosiy texnologik funksiyalarini yoritib o‘tamiz.
Quduqni turli xil tog‘ jinslarining parchalari va zarrachalaridan tozalash va yer yuzasiga olib chiqish;
Burg‘ilash jarayonini yuqori tezlikda olib borish uchun dastavval burg‘ilanayotgan zonani turli tog‘ jinsi parchalaridan tozalash va ularni yer ustiga olib chiqish zarur. Bunday texnologik shart-sharoitni vujudga keltirish uchun avvalambor quduqni ichiga yuborilayotgan burg‘ilash eritmasining miqdori va uning sifati muhim ahamiyatga ega. Chunki burg‘ilanayotgan quduqqa vaqt birligi ichida qancha ko‘p miqdorda eritma yuborilayotgan bo‘lsa, quduq tubi shuncha tez tozalanadi va burg‘ining ishlash samarasi ortib, burg‘ilash jarayoni tezlashadi.
Burg‘ilash jarayonining samaradorligini oshirish albatta quduqqa yuborilayotgan burg‘ilash eritmasining sifatiga, ayniqsa uning reologik hossalariga bog‘liq bo‘ladi. Shu sababdan burg‘ilash eritmasining quduq bo‘ylab aylanma harkati va uni mexanizmlar yordamida haydash eritmaning qovushqoqligiga bog‘liq bo‘ladi.
Qovushqoqlik darajasi kichik bo‘lgan eritmalar, burg‘ilanayotgan quduq tubini tez va sifatli tozalabgina qolmay, balki eritmaning o‘zini ham turli xil boshqa parchalaridan oson tozalaydi.
Burg‘ilash jarayoni davrida quduqning butun chuqurligi bo‘ylab burg‘ilangan qatlam jinslarining zarrachalari nixoyatda ko‘p miqdorda bo‘ladi. Bu zarrachalar burg‘ilash eritmasining aylanma harakati tufayli quduq tubidan tashqariga olib chiqiladi. Texnologik jarayon ba’zi hollarda majburan to‘xtatilgan paytlarda bu zarrachalar quduq tubiga, ya’ni burg‘ilanayotgan joyga cho‘kib qolishi mumkin. Natijada quduq devori bo‘ylab turli qalinliqda sun’iy tiqinlar paydo bo‘lib, burg‘i tizma bilan birgalikda qisilib qolishi mumkin. Bunday hollarda burg‘ilash asbobini quduqdan tortib chiqarish imkoniyati yo‘qoladi. Texnologik jihatdan juda noqulay bunday mushkulotdan qutilish uchun burg‘ilangan qatlam tog‘ jinsi zarrachalari yuzasini dispergatsiyaga uchratadigan, tiqinlarni oshiruvchi, ingibrlangan burg‘ilash eritmalaridan foydalaniladi. Buning uchun burg‘ilash eritmasi tarkibiga maxsus og‘irlashtiruvchi reagentlardan qo‘shib, og‘irlashtirilib, uning zichligi oshirilib, talab qilingan kattalikkacha olib boriladi. Agar suniy ravishda hosil qilingan qatlam bosimiga qarshi gidrodinamik bosim yetarli bo‘lmasa, qatlamdan quduqqa o‘tayotgan gazning ta’sirida burg‘ilash eritmasining solishtirma og‘irligi asta-sekin kamaya boshlaydi. Natijada quduqning ichida qatlamdan o‘tayotgan gazning miqdori ortib borgan sari, quduq ichidagi gaz bosimi ham ortib boradi va quduqning ichidagi suyuqlik yuqoriga katta kuch bilan siqib chiqarishi natijasida suyuqlikni va gaz aralashmasini yer yuzasiga quduq ustidan otilib favvora holida chiqishga sabab bo‘ladi. Bunday texnologik murakkab holatning oldini olish uchun mahsuldor qatlamlarni burg‘ilab ochish jarayonida burg‘ilash eritmasining zichligi sharoit talab qiladigan darajadagi qiymatga ega bo‘lishi kerak. Bundan tashqari eritmaning qovushqoqligi (oquvchanligi) gazning eritma muhitiga o‘tib hosil qilgan pufakchalari burg‘ilash eritmasining aylanma harakati davrida eritma bilan quduq yuziga chiqib, tozalash sistemasi qurilmasiga o‘tib boradigan bo‘lishi kerak.
Quduqlarni o‘zlashtirish davrida mahsuldor qatlamlarni ochish uchun uning tabiiy o‘tkazuvchanligini, ya’ni mahsulot berish qobiliyatini saqlab qolish muhim ahamiyatga egadir. Chunki neft va gaz oqimining quduqqa o‘tish vaqtini bir meyorda saqlash quduqdan foydalanish samaradorligini oshiradi. Bunday hollarda burg‘ilash eritmasining filtrlanishi, ya’ni ma’lum hajmda suv ajratish yoki eritmaning gidratatsion barqarorligini mana shu vaqt oralig‘ida saqlash kerak. Shuningdek quduqdagi bosim ta’sirida eritmaning suv ajratish xususiyati (bosim o‘zgarishi davrida) qancha kichik bo‘lsa, uning sifati yuqori bo‘ladi.
Burg‘ilash nasosining ishchi qismlari va uzatmalarini harakatlanishi davrida qurilmalarni ish jarayoni davrida sovitib turish, shuningdek burg‘ilash qurilmasining asosiy qismi mexanizmlarini moylab turish ishlari, burg‘ilash eritmasi tarkibidagi maxsus moylovchi moddalar hisobiga burg‘ilash qurilmasi ishchi qismlarini korroziyadan himoya qilish kabi vazifalarni bajarishi kerak.
Yuqorida keltirilgan burg‘ilash eritmalariga qo‘yilgan asosiy vazifalardan ko‘rinib turibdiki, burg‘ilash eritmalari asosan 2 ta muhim xususiyatga ega bo‘lishi kerak ekan: gidrodinamik va gidrostatik xususiyatlarga.
Gidrodinamik xususiyat deganda burg‘ilash eritmasining tez oquvchan harakati bilan bog‘liq hossalari tushuniladi.
Gidrostatik xususiyatlar deganda eritmaning tinch tashqi muhit bilan o‘zaro holati muvozanat holatdagi xossalari tushuniladi.
Eritmaning gidrodinamik xususiyatlarni o‘rganish bilan uning bevosita burg‘ilash jarayoniga ta’siri, burg‘ilash tezligini oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan samaradorligi tufayli burg‘ilash jarayonida yuz beradigan muammolarni hal etish va muvafaqqiyatli amalga oshirilishi ko‘zda tutilsa, gidrostatik xususiyatlarni o‘rganish bilan esa quduq devorlarida eritmaning tinch va harakat holatiga bog‘liq bo‘lgan bir butun kompleks muammolar, ayniqsa burg‘ilash eritmasining qatlamga yutilishi, quduq devorlarining yemirilishi o‘pirilish va shuningdek burg‘ilash quvurlarining qisilib qolishi, ularning ishlash mexanizmi kabi muhim vazifalarni hal qilish ko‘zda tutiladi.
Mahsuldor qatlamda quduq bilan qatlam hosil qilgan bir butun sistemada gidrostatik muvozanatni vujudga keltirish va uni saqlash bilan mahsuldor qatlamning tabiiy o‘tkazuvchanlik xususiyatini quduqni o‘zlashtirish davomida saqlab qolish mumkin. Gidrostatik bosimni burg‘ilash eritmasining solishtirma og‘irligini boshqarib turish bilan o‘zgartirib turish mumkin. Gidrostatik bosimni yuzaga keltiradigan eritmaning solishtirma og‘irligini qo‘yidagicha hisoblab topamiz:
Burg‘ilash eritmasining ayrim muhim hossalari va xususiyatlaridan biri quduq devorlari yuzasida ma’lum qalinlikda suvoq qatlami hosil qilishdir.
Ko‘pchilik hollarda suyuqlikning mahsuldor qatlamga singib ketishi natijasida qatlamdagi tabiiy g‘ovak jinslarda suyuqlik filtrlanib uning tarkibidagi dispers zarrachalar g‘ovak kanallarni berkitib, ya’ni suvab ketadi.
Bu hodisani suyuqlikning filtrlanish hossasi - dispers zarrachalarning ajralib qatlam hosil qilishi eritmaning suvoq qatlam hosil qilishi deyiladi. Quduq devorlarida suvoq qatlamining qalinligi ortgan sayin burg‘ilash asbobini ko‘tarib-tushirish tartibini qiyinlashtiradi va burg‘ilash quvurlarining harkatlanishiga to‘sqinlik qilib burg‘ilash jarayonini qiyinlashtiradi.
Suyuqlikning oqishi, gidrodinamik va gidrostatik bosimning quduq devorlariga ta’siri, eritmaning filtrlanishi, uning quduq tubidan haroratga ta’siri va boshqa bir qator holatlarning yuzaga kelishi - bu fizik hodisalarning namoyon bo‘lishidir. Burg‘ilash eritmalarini kimyoviy qayta ishlash, faol moddalar, reagentlar qo‘shish bilan yoki eritmaga qo‘yiladigan talablarni amalga oshirish uchun eritmaning fizikaviy va kimyoviy hossalarini o‘zaro bir-biriga bog‘lash bilan bajarish mumkin.
Burg‘ilash qurilmalarining ish qobiliyatini uzaytirish omillaridan biri burg‘ilash eritmasining rN muhitini boshqarishdan iboratdir.
Burg‘ilash eritmasining sifati, uning tarkibi, tayyorlash va ishlatish texnologiyasi uning fizik-kimyoviy hususiyatlariga bevosita bog‘liqdir. Burg‘ilash eritmasining hossalarini va sifatini yaxshilash bilan qo‘yidagi talab va vazifalarni bajargan bo‘lamiz:
Quduq devori tarkibiga kiruvchi tog‘ jinsi va tuproq qismlarini bir-biriga bog‘lab quduq devorlarining mustahkamligini oshirish;
Burg‘ilash qurilmalari va ishchi qismlarini kimyoviy va abraziv yemirilishidan himoya qilish;
Mahsuldor qatlamlarni o‘zlashtirishda o‘tkazuvchanligini saqlab qolish;
Quduqlarni burg‘ilash davrida eritmalarning asosiy texnologik xususiyatlarini saqlab qolish;
Qattiq yer osti qatlamlarini burg‘ilashni yengillashtirib, burg‘ilash tezligini hamda uning samaradorligini oshirish.
Misol tariqasida Janubiy Kemachi maydonida gorizontal quduqni burg‘ilash uchun burg‘ilash eritmasining turi va kattaliklari yuqoridagi ko‘rsatmalar asosida hamda qo‘shni maydonlarda burg‘ilangan quduqlarda ishlatilgan burg‘ilash eritmalarining ko‘rsatkichlariga asoslanib tanlanganligini ko‘rib chiqamiz.
Janubiy Kemachi maydonida ishlatilgan burg‘ilash eritmasining turi va kattaliklari 1-jadvalda keltirilgan.
1-jadval