12-mavzu. Marketingning nazariy asoslari-fayllar.org
13.1. Marketingda axborotlarning ahamiyati Mamlakatda iqtisodiyotni rivojlanishi, boshqarish tizimini mukamallashtirish axborotlarsiz amalga oshirib bo’lmaydi. Axborotlar milliy iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, sohalari, bo’linmalari (ish joyidan tortib vazirliklargacha) o’rtasida va ushbu korxona bilan o’xshash korxonalar va tashkilotlar o’rtasida uzluksiz axborot almashishdan iborat. Fan-texnika taraqqiyoti o’sishi bilan birga chiqarilayotgan tovarlarning nomenklaturasi ham ortadi, tez yangilanadi, ishlab chiqarishning texnika bazasi zamonaviy va murakkab mashinalar sistemasi bilan boyiydi, texnologik jarayonlar intensivlashadi va murakkablashadi, ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish kengayadi va hokazo. Shuning uchun korxonada foydalanadigan axborotlarning miqdori keskin ortadi. Shuni aytish kifoyaki, hozirgi zamon mashinasozlik korxonasida boshqarish ehtiyoji uchun har soatda 100 mingdan ko’proq yoki kuniga bir milliongacha axborot belgilarini ishlab chiqarish talab qilinadi. Axborotlar etishmasa, yoki ulardan to’la foydalanilmasa, boshqarishda xatoliklarga yo’l qo’yilishi mumkin. Chunki bunday holda rahbar ishlab chiqarishning ahvoli haqida to’la ma'lumotga ega bo’lmaydi. Bozor imkoniyatlarini yaxshiroq bilish va marketing muammolarini echish uchun har qanday tashkilot, korxona yoki firmaga to’liq va haqqoniy axborot zarur. Ular o’z xaridorlarini, raqobatchilarini, vositachilarini sotish va baholar to’g’risidagi ma'lumotlarga ega bo’lmasdan turib, har tomonlama tahlil, rivojlantirish va nazorat qilishni amalga oshira olmaydilar.
Mashhur amerikalik marketologlardan biri shunday degan edi: "Biznesni boshqarish - bu uning kelajagini boshqarish, kelajagini boshqarish - axborotga egalik qilishdir". Haqiqatdan ham, axborot moliyaviy, xom-ashyo, asbob-uskunalar va ishchi kuchi kabi muhim boshqarish resursi va ob'ekti bo’lib qolmoqda. Shu bilan bir vaqtda, xorijlik tadqiqotchilar ta'kidlaganidek, bozor to’g’risidagi axborotlardan to’liq qoniqqan korxonani topish juda mushkul. Ayrimlar aniq ma'lumotlarning etishmasligidan nolisalar, boshqalari noaniq axborotning ko’pligidan noliydilar. Bundan tashqari, axborotning qanchalik haqqoniyligini aniqlash ham muammodir. Shuning uchun, hatto xorijda ham xaridor bozori sharoitida juda kamdan-kam firmalargina rivojlangan marketing axboroti tizimiga ega ekanliklari bilan maqtana oladilar. Ularning ko’pchiligi marketing tadqiqot bo’limlariga ega emaslar, boshqalari o’z tarkiblarida, sotishni istiqbollash va tahlil qilish bilan shug’ullanuvchi kichik bo’limlarga egadirlar. Endi bizdagi ahvolga kelsak, bozorning ahvoli haqida axborot to’plash hali o’z rivojining ilk bosqichidadir. Lekin yangidan-yangi talablarning shiddat bilan rivojlanishi, marketingning baynalminallashuvi, raqobatning keskinlashishi samarali axborotlarga egalik qilishni kun tartibiga qo’ymoqda. Bunga yangi texnikalarning, yangi kompьyuterlar, nusxa ko’chiruvchi mashinalar, videomagnitofonlar va boshqalarning keng ko’lamda ishlatilishi keng imkoniyatlar yaratmoqda.