Superkonservatorlar - bu iste'molchilarning shunday guruhiki, ular har qanday o’zgarishlarga shubha bilan qaraydilar, ular yangi tovarlarni faqatgina o’zlarining an'analariga va odatlariga mos kelgandagina sotib oladilar.
Yuqorida keltirilgan ma'lumotlardan ko’rinib turibdiki, yangi tovarlarni ishlab chiqaruvchilar birinchi navbatda supernovator va novatorlarning iqtisodiy, psixologik, demografik va boshqa tavsiflarini o’rganishlari kerak.
Qisqa xulosalar Tovarni yaratish, ishlab chiqarish, takomillashtirish, sotish, sotilgandan keyingi xizmat ko’rsatish, reklama tadbirlarini ishlab chiqish, shubhasiz, tovar ishlab chiqaruvchining butun faoliyatida markaziy o’rinni egallaydi. Mana shu kompleks tadbirlar tovar siyosati deb ataladi.
Tovarning hayotiy davri - tovarning bozorda paydo bo’lgan davridan boshlab, to uning sotilmay qolishigacha bo’lgan vaqt oralig’idir.
Marketing xizmati tovarning hayotiy davrini uzaytirish, sotish hamda foydaning kamayishiga yo’l qo’ymaslik uchun tovar, bozor va marketing kompleksini modifikatsiyalash usullarini izlashi kerak bo’ladi.
Korxona tovarning har xil hayotiy davri bosqichida ma'lum bir maqsadni ko’zlagan holda marketing taktikasining u yoki bu shaklidan foydalanadi.
Nazorat savollari 1. Marketing tizimida tovar tushunchasini izohlab bering.
2. Tovarning sifati deganda nimani tushunasiz?
3. Tovarlar qanday guruhlanadi?
4. Tovarning "hayotiy davri" tushunchasini izohlang?
5. Yangi tovar yaratish jarayoni qanday bosqichlarni o’z ichiga oladi?
6. "Tovar modifikatsiyasi" nima? Tovar hayotiy davridagi rolini tushuntirib bering.
7. Tovarning har xil hayotiy davri fazasida marketing taktikasi qanday bo’lishi kerak?
8. Tovarning raqobatbardoshligini qanday tushunasiz?
9. Tovarning raqobatbardoshligini ta'minlovchi ko’rsatkichlarni tushuntirib bering.
10. Iste'molchilar yangilikni qabul qilish darajasiga qarab qanday guruhlanadi?