Milliy daromad agregati mohiyati va uni hisoblash usuli Milliy daromad mamlakat rezident birliklarining hisobot davrida yaratgan daromadlarining yig’indisidan iborat. Bu ko’rsatkich mamlakat miqyosida hisoblanganligi uchun uni odatda agregat ko’rsatkich deb yuritiladi.
MHTda daromadni hisoblash usuli sifatida J.Hiksning daromadni hisoblash kontseptsiyasi qabul qilingan. Unga ko’ra, daromadni sof usulda hisoblash tavsiya etiladi. Bunga ko’ra, daromad tarkibiga asosiy kapitalning iste’moli kiritilmaydi. Sof usulda hisoblangan milliy daromad Sof milliy daromad (SMD), yalpi usulda hisoblangan milliy daromad Yalpi milliy daromad (YAMD) deb ataladi.
Daromadlarni qayta taqsimlash schyotlari.Iqtisodiyot sektorlari o’rtasida bo’ladigan daromadlarni qayta taqsimlash opreatsiyalari ikki schyotda ifoda etiladi. Birinchi schyot Pul holidagi daromadlarni qayta taqsimlash schyoti ikkinchisi Natura holatidagi daromadlarni qayta taqsimlash schyoti deb ataladi. Bu schyotlarni tuzishdan ko’zlangan asosiy maqsad, iqtisodiyot sektorlarining ishlab chiqarish faoliyatlari natijasida topgan birlamchi daromadlarini qayta taqsimlash jarayoni ifoda etishdan iborat. Qayta taqsimlash jarayoni rezident birliklar o’rtasida va rezidentlar bilan norezidentlar o’rtasida bo’lishi mumkin. Quyida xar ikkala schyotni alohida-alohida ko’rib chiqamiz.
Pul holidagi daromadlarni qayta taqsimlash schyoti.Bu schyotda mamlakat rezident birliklari o’rtasida va rezidentlar bilan norezidentlar o’rtasida joriy transfertlar ayirboshlash operatsiyalari natijasida mamlakat va iqtisodiyot sektorlarining ixtiyordagi daromadining hosil bo’lish jarayonlari aks ettiriladi.
Iqtisodiyot sektorlari pul holidagi daromadlarni qayta taqsimlash schyoti. Schyotning mamlakat miqyosida tuzish sxemasi quyidagicha:
Mamlakatning pul holidagi daromadlarni qayta taqsimlash schyoti
Ishlatilishi
Resurslar
4. Joriy transfertlar (ichki iqtisodiyot sektorlariga to’langani)
5. Joriy transfertlar (tashqi dunyo sektoriga to’langani)
2.Joriy transfertlar (ichki iqtisodiyot sektorlaridan olingani)
3. Joriy transfertlar (tashqi dunyo sektoridan olingani)
4.Ixtiyordagi daromad(1+3-5)
Bu schyot mamlakat miqyosida va iqtisodiyot sektorlari kesimida tuziladi. Qayta taqsimlash jarayonlari joriy transfertlar ko’rsatkichi orqali amalga oshiriladi.
Transfertlar - bir tomonlama iqtisodiy operatsiyalardan iborat. Bu operatsiyalar orqali bir institutsion birlikning boshqa institutsion birliklarga tovar va xizmatlarni, moliyaviy va nomoliyaviy aktivlarni, egalik huquqini bepul berish jarayonlari aks ettiriladi.
Transfertlar pul va natura holatida berilishi mumkin. Pul holatidagi transfertlar bir birlikning ikkinchi birlikka naqd pul yoki hisob raqamiga pul o’tkazish yo’li bilan bergan pul miqdoridan iborat. Natura holatidagi transfertlar deganda, bir birlikning ikkinchi birlikka evaziga hech narsa olmay, tovar va aktivlarni berish, hamda xizmatlarni ko’rsatish jarayoni tushuniladi.
Natura holatidagi transfertlar olingan(berilgan) tovarlar, aktivlar va ko’rsatilgan xizmatlarning shu davrdagi bozor baholaridagi miqdorida qayd qilinadi. Pul va natura holatidagi transfertlar joriy va kapital xarakterda bo’lishi mumkin. Ularni bir biridan farqlash juda muhim. Chunki, joriy transfertlar pul holidagi daromadlarni qayta taqsimlash schyotida, kapital transfertlar esa kapital xarajatlar schyotida qayd qilinadi.
Joriy transfertlar qatoriga quyidagilar kiradi: daromad va mulk uchun joriy soliqlar; sotsial sug’urta ajratmalari; sotsial to’lovlar; sug’urta mukofotlari va qoplamalari; turli qayta taqsimlash to’lovlari(jarimalar, nafaqalar, insonparvarlik yordamlari, a’zolik badallari, xayr-ehson va x.k.).
Iqtisodiyot sektorlarining olgan va bergan joriy transfertlar miqdorlari har doim ham bir-biriga teng bo’lavermaydi. Chunki, joriy transfertlar operatsiyalarining bir qismi mamlakat ichki sektorlari (rezident) va norezident birliklar o’rtasida sodir bo’ladi. Joriy transfertlar olingani va berilgani o’rtasidagi farqni birlamchi daromadlar saldosiga qo’shib ixtiyordagi daromad ko’rsatkichiga ega bo’lamiz.
Mamlakat miqyosida barcha iqtisodiyot sektorlarining ixtiyordagi daromadlari yig’indisi milliy ixtiyordagi daromad(MID) deyiladi. Bu YAIM va YAMD agregatlari kabi muhim agregatlardan hisoblanadi. Bu agregat ham yalpi(YAMID) va sof(SMID) usullarda hisoblanadi. Tashqi dunyodan olingan va tashqi dunyoga to’langan joriy transfertlar o’rtasidagi farq tashqi dunyo joriy transfertlar saldosi (TDJTS) deyiladi. U musbat yoki manfiy bo’lishi mumkin. YAMID va YAMD o’rtasida quyidagi munosabat o’rinli:
YAMID = YAMD + TDJTS.