Ko’rsatish olmoshlari. Eski o’zbek tili yozma manbalarida bu, bul, ul, oshal, oshul, shul, ushbu, hamul, ba’zan u, ush, shu, shubu, hamun, hamin kabi ko’rsatish olmoshlari tuzilishi jihatidan sodda hamda murakkab formalardan tashkil topgan. Sodda ko’rsatish olmoshlari: bu, ul(u), ush formalaridan iborat. bul, shul, (shu), ushbu, shubu, oshal, oshul, oshu, hamul so’zlari ko’rsatish olmoshlarining murakkab formalarini tashkil qiladi. Hamun, hamin, hamiyn ko’rsatish olmoshlari fors tillaridan o’zlashgan. Ko’rsatilgan davrlarga oid yozma manbalarda har qaysi ko’rsatish olmoshining iste’mol doirasi, leksik-semantik hamda grammatik xususiyatlari turlicha bo’lgan.3 Bu ko’rsatish olmoshi keng ko’lamda qo’llangan, nutq paytida mavjud bo’lgan yaqin masofadagi kishi, narsa, hodisalarni ko’rsatadi: bu benava (Lutfiy), b u rasadnı (BN). Olmoshlar uch xil semantik vazifa bajargan:
Deyktik vazifa, ya’ni sof ko’rsatish ma’nosini anglatgan: Bu baytnı oqubdur (Navoiy, MN).
Anaforik vazifa, ya’ni oldin tilga olingan shaxs, predmetni ko’rsatadi: Bu ham yaxshı bardı (Boburnoma).
Preprativ vazifa, ya’ni keyin tilga olinadigan predmet va shaxslarni ko’rsatadi: Meni tanımaydur, sөrүptүrkim, bular qaysı sultāndur (Boburnoma).
Bu ko’rsatish olmoshi kelishiklar bilan turlanganda va ko’plik affiksini olganda, uning tuzilishida turli fonetik o’zgarishlar yuz beradi. Bosh kelishikdan boshqa kelishiklar bilan turlanganda, so’z boshidagi b undoshi m ga o’tadi: bunı-munı, bunuŋ-munuŋ va h.k. Shuningdek, jo’nalish, o’rin-payt, chiqish kelishiklarida negiz va kelishik hamda ko’plik affiksi o’rtasida interkalyar «n» undoshi orttirilishi mumkin. Kelishiklar bilan turlanganda «n» undoshining orttirilishi doimiy (statik) bo’lsa, ko’plik shaklida u doimiy emas. Misollar: Bular dag’ı Sayyidgә kirmish (Shayb.). Og’lanlarnıŋ atları munlar turur (Sh.tar.). Mundın artuq qılma zār (Lutfiy).
So’z boshida «b»ning «m»ga o’tishi ham doimiy emas: Barcha xalq bunı eshitib...(Sh.tar.).
Bu olmoshi XVIII-XIX asrlarda bul variantida ham qo’llangan. Uning tafsiloti quyiroqda beriladi.
Ul olmoshi so’zlovchiga masofa jihatdan uzoqroq bo’lgan predmet va uning belgisini ko’rsatish uchun qo’llangan va bu jihatdan bu olmoshi bilan zidlanishni (oppozisiyani) hosil qilgan: G’amza birlә tөkti qanım ul sanam (Lutfiy).
Ul olmoshining u varianti ham iste’molda bo’lgan: Mahsharda g’ālıbākim, u kүn kөrmәgәy azāb (Lutfiy).
Ilmiy adabiyotlarda ul (u) olmoshining ān varianti haqida fikr yuritiladi, aslida ān olmoshi fors tilidan o’zlashgan bo’lib, fonetik jihatdan ul olmoshiga aloqasi yo’q.
Ul olmoshining kelishiklar bilan turlanish xususiyatlari ul kishilik olmoshi bilan aynandir.
Ush so’zi haqida. Ilmiy adabiyotlarda bu so’z olmoshlar tarkibiga kiritiladi, lekin uning matndagi qo’llanish xususiyatlari boshqa olmoshlarga quyiladigan morfologik talablarga javob bermaydi, ya’ni u kelishik va ko’plik affikslarini qabul qilmaydi, lekin ko’rsatish olmoshi semantikasiga mos kela oladi, demak, u grammatikaning asosiy talabi, ya’ni kategorial belgilarni qabul qilmas ekan, uni olmoshlar tarkibidagi masalada munozara mavjud.
Ush so’zi hozirgi o’zbek tilidagi mana so’ziga ekvivalentdir. Ma’lum bo’ladiki, mana so’zi olmosh deb e’tirof etilmayotgan ekan, ush so’zini ham olmosh deb qarash mumkin emas, lekin bu so’z XIII-XIV asr yodgorliklarda faol qo’llangan: Qadah evrүldi ush bostān ichindә (MN). Zulfuŋ dag’ı ul kāfur ush imān aladur-la (Lutfiy). Lekin bu so’z ushbu, oshul, oshal, shul olmoshlarining hosil bo’lishida qatnashgan.
Ushbu (ush+bu) olmoshi nutq momentidagi predmet va belgini ko’rsatadi: Ushbu dam erүr jānnıŋ futuhi (MN). Lekin bu so’z o’zgarishlar yuz bergan, orttirma -n paydo bo’lgan, b tovush -m sonoriga o’tgan: Lutfiy — munda; YAqiniy — munuŋ-dek.
Oshul (ush//osh+ul) ko’rsatish olmoshi XV—XIX asrlar yozma manbalarida iste’molda bo’lgan, tinglovchiga oldindan ma’lum shaxs, narsa hodisalarni ko’rsatadi: Faryādım oshul yergә yetibtur (Lutfiy). Oshul yerdә yattuq (Sh. tar.).
Oshal (ush//osh+ul//al) olmoshi oshul olmoshining variantidir: Oshal kүnkim meni yazdān(olloh) yarattı (MN). Oshal suvlarnıŋ aralarında oltururlar erdi (Sh.tar.).
Osha, oshu olmoshlari ushbu, oshul, oshal olmoshlarining qisqargan shaklidir: Oshu sөz birlә (ShN). Osha үstүndә toŋ birlә muz bar turur (O’N).
Shul (ush/osh/sh+ul) olmoshi bu, u, oshul, oshal olmoshlarining fonetik o’zgargan va qisqargan shaklidir: Shul erүr aybım Muqimiy, mardumi Farg’āna-men (Muq.). Shul zamānkim alur Urgәnchni ol/ salur, albatta, Xurāsān sarı yol (ShN).
Shul olmoshi bu olmoshining bul shaklida shakllanishiga ham sabab bo’lag, chunki shul-bul analogiyasi va oppozisiyasi uchun u qulaylik tug’dirgan. Aksincha, bu olmoshi shul olmoshiga oppozisiyada turib, uning ta’sirida shu variantini yuzaga keltirgan.
o’nә, mәnә, muna so’zlari ham semantik jihatdan olmosh funksiyasiga yaqin turadi, lekin ular aslida ko’rsatuv undovlaridir. o’ne qaddu, әnә husnu, әnә xulq (Furqat). Muna sөziniŋ jāvabı tedi (Sh.turk.).
Eski o’zbek tilida fors tilidan o’zlashgan va ulardan yarim kalka qilingan olmoshlar ham qo’llangan. Ular quyidagilar:
Hamin olmoshi. U ham (ta’kid yuklamasi)+in (bu) tarkibidan iborat bo’lgan va ushbu olmoshi ma’nosiga ekvivalent bo’lgan: Bale, yalg’uz hamin ālamda sen-sen (Lutf.). Meniŋ haqımda qılur-sen hamin jafā havasin (Atoiy).
Hamān olmoshi ham ham+an(u) so’zlaridan tarkib topgan va eski o’zbek tilida hamin olmoshi kabi ushbu olmoshiga ekvivalnt bo’lgan, ayni zamonda, uning hamun varianti ham qo’llangan: Tag’ hamān allıda hamun-hamun (Navoiy). Lekin keyinchalik hamun varianti iste’moldan chiqib ketdi, hamān so’zi esa semantik o’zgarishga uchrab, ravish so’z turkumiga o’tgan.
Fors tilidan o’zlashgan yuqoridagi olmoshlar eski o’zbek tilida yarim kalkalanib, hamul variantida (ham+ul) ham qo’llangan: Qoyar erdi hamul vādiy sarı yүz// Qılıb qat’ allıda tag’ olsa, gar tүz (Nav.Xamsa).
Bu olmoshlar ham keyinchalik iste’moldan chiqib ketdi.