13-mavzu. Eski o‘zbek tilida sifat, son, olmosh Reja: 1. Eski o‘zbek tilida sifat so‘z turkumi.
2. Sifatning darajalari va ma’no turlari.
3. Eski o‘zbek tilida sonning ma’no turlari..
4. Olmoshning eski o‘zbek tilida qo‘llanish xususiyatlari.
Asosiy tushunchalar:belgi, darajalanish, morfologik usul, sifat yasalishi,miqdor, sanoq son, dona son, tartib son, tub son, hisob so‘zlari,kishilik olmoshi, ko‘rsatish olmoshi, o‘zlik olmoshi, so‘roq olmoshi, belgilash-jamlash olmoshi, gumon olmoshi.
Turkiy tillarda, jumladan, o’zbek tilida sifat tarixan morfologik ko’rsatkichi uncha taraqqiy etmagan so’z turkumi sanaladi. Tadqiqotchilarning fikriga ko’ra sifat dastavval mustaqil so’z turkumi sifatida mavjud bo’lmagan, u so’ngroq ot turkumidan o’sib chiqqan va shakllanib rivojlangan.
E.V.Sevortyanning ta’kidlashicha, sifatning otdan differensiasiyalanish jarayoni ancha ilgarigi davrlarda boshlangan, V—VIII asrlarga kelib bu jarayon ancha keng tus olgan. Sifatning jamlanishi va kristallashishi asta-sekinlik bilan turli davrlarda paydo bo’lgan turli formalar hisobiga yuz bergan. Bu formalarning ayrimlari qadimdayoq kammahsul bo’lgan, ayrimlari esa o’z sermahsulligini hozirgi kunlargacha saqlab qolgan va hatto yanada kengaytirgan. Ayrim formalar ot va sifat uchun mushtarak bo’lgan, ayrimlari faqat sifatgagina tegishli bo’lgan, lekin keyingi davrlarda taraqqiy qilmagan (Sevortyan 1963, 58).
Turkiy tillar taraqqiyot bosqichining qadim davrlaridan boshlangan sifatning otdan ajralib chiqishi uzluksiz hodisa bo’lib, bu jarayon hanuz davom etmoqda. Bundan hamma sifat ham otdan ajralib chiqqan, degan fikr kelib chiqmasligi kerak. Chunki sifat mustaqil kategoriya sifatida ajralib chiqqandan keyin bu turkum tarkibiga yangidan qo’shilgan belgi ifodalovchi bir qator tub va yasama so’zlar, yasovchi affikslar mavjudki, ularning kelib chiqishi va tabiati hozircha aniqlangan emas.1 Sifat turkumiga oid so’zlarning katta qismini yasama sifatlar tashkil qiladi. YAsama sifatlar ikki xil yo’l bilan: morfologik (affiksasiya) va sintaktik (kompozisiya) hosil qilinadi.
-lıg’/-lig,-luq/-lug’,-lүk/-lүk.
Sintaktik (kompozisiya) usul bilan yasalgan sifatlar sifat turkumiga mansub leksik birliklarning katta qismini tashkil qilgan. Ular sifat va boshqa turkumlarga mansub so’zlarning bir-biri bilan turli kombinasion vositalar yordamida birikuvi, juftlashuvi, takrorlanuvi va tiziluvi orqali hosil bo’lgan. Ular tarkibiy qismlarining birikuv tarziga ko’ra qo’shma va murakkab sifat yasaladi.
Sintaktik usul bilan yasalgan sifatlar turg’un bo’lmaydi va u ko’proq uslubiy vazifa bajaradi: qara yүzlүk bashı (Navoiy), qara tamg’alıq ay (Lutf.).