Tartib sonlar. XV—XIX asrlarga oid yozma manbalar tilida tartib sonlar asosan sanoq sonlarga affikslar qo’shilishi orqali hosil qilingan. Arab, fors-tojik tillaridan o’zlashgan sonlar leksik-semantik usul bilan ham tartib son ma’nosini anglatgan, ba’zan o’zlashgan tartib sonlar formasi ham qo’llangan.
-nchı,-inchi,-unchı,-unchi,-nchı,-nchi affiksi variantlari asosida tartib sonlar hosil qilish keng qo’llangan. -nchı, -inchi,-unchı, -үnchi affiksi undosh tovushlar bilan tugagan sanoq sonlarga, unli tovush bilan tugagan sanoq sonlarga -nchi, -nchı affiksi varianti qo’shilgan: ikkinchi, yetinchi,үchүnchi, tөrtүnchi, altınchı, onunchı. Tartib sonning birinchi formasi sostavli tartib sonlar tarkibida uchraydi: yigirmi birinchi fasl (Navoiy MQ); birinchi maqalat (Navoiy HA).
-lanchı (la-\-nchı),-lәnchi(lә-\-nchi) affiksi sanoq sonlarning qattiq, yumshoqligiga ko’ra qo’shilib, tartib sonlar hosil qilingan, bu affiks bilan tartib son hosil qilish Alisher Navoiyning «Mahbubul qulub» asarida uchraydi, XVII asrdan boshlab -lanchı, -lәnchi affiksi orqali tartib son hosil qilish kengaygan: altılanchı fasl (MQ), sekizlәnchi fasl (MQ), yetilәnchi arqada (Sh tar.), beshlәnchi oqlı (Sh. tar). Avval so’zi birinchi tartib soni ma’nosida qo’llangan: Ul avval qıldı Gul vasfını āg’āz (Lutfiy ), Avval ayag’ıg’a tүshүb pәst bol (Navoiy HA). Qadimgi turkiy yozma manbalarida ham tartib sonlar -nch, -ınch, -inch, -unch, -үnch hamda -ntı, -nti, -ndı, -ndi affiksi variantlari orqali ifodalangan; -nti, -ndi formasi ikki soniga qo’shilgan. Birinchi tartib soni o’rnida ilk, ilki/ iliki so’zi ham qo’llangan: Ilki sү: birinchi askar. «Devonu lug’otit turk» yozma obidasida tartib sonlar asosan -nch, -ınch, -inch, -unch, -үnch hamda -ndi affikslari bilan ifodalangan.
Jamlovchi sonlar. Jamlovchi sonlar o’ziga xos xususiyatlarga ega, shuningdek, jamlovchi sonlarda umumturkiy tillarga xos belgilar ham mavjud. Jamlovchi sonlar sanoq sonlarga -av,-әv,-la,-lә,-ala,-әlә,-avla,-әvlә,-avlan,-әvlәn, ba’zan -lay, -lәy; -ag’u, -әgү affikslari qo’shilishi orqali ifodalangan. -ag’u,-әgү/ әgүn affiksi orqali jamlovchi sonlar hosil qilish XIV asr yodgorliklarida faolroqdir: Bir anchaları aydılarkim, beshәgү tarur, altınchı it birlә (Taf.). Ular yetәgү, men yalg’uz (Rabg’.), ...үchәgүsi tүn sarıg’a bardılar (O’N). Ikәgүn namāz qılalım (Taf.).
-av/-әv(-әvlәn) affiksi orqali jamlovchi sonlar yasalishi XV—XIX asrlar yozma obidalarida xarakterli bo’lgan: ikәv (Navoiy SS); uchәv (Navoiy FSh); cherikdә bir ikәv (ShN); Shul ārzu: ikәvlәn qılsun ekәn tamāshā (Furqat).
-lәy(-lәgү/-layu/-lәy) affiksi «Sab’ai Sayyor», «Boburnoma» asarlarida ayrim o’rinlarda iki soniga qo’shilib, jamlovchi sonlar yasagan: bәribәn ul nuqudnı ikәlәy (Navoiy SS); ikәlәy qorg’an yavıg’ıg’ә (BN).
-ala,-әlә affiksi Navoiy, Bobur asarlarida sanoq sonlarga qo’shilib jamlovchi sonlar yasagan: tөrtәlәsi( Navoiy MN), bu uchәlәsi (BN). -(ә)vlәn (әgүlәn}әvlәn) affiksi ba’zi sanoq sonlarga qo’shilib jamlovchi sonlar yasagan: ikәvlәn qachtılar (Lutfiy).
Chama sonlar. XV— XIX asrlarda bitilgan yozma manbalarda chama sonlar analitik, sintaktik usullar bilan hosil qilingan.
-cha, -chә affiksi sanoq sonlarga qo’shilib, chama sonlar hosil qilingan: yuz iki yuzchә kishi (Navoiy HA); yana besh mıŋcha kishi (ShN).
Sanoq sonlarning juft holda qo’llanishi orqali ham chama sonlar hosil bo’lgan; kichik sonlar oldin, katta sonlar keyin qo’llangan: yuz-yuz elik өzbәkni kishisi bilәn (BN); tөrt-besh mıŋ kishi birlә (ShN).
Sanoq sonlardan keyin chag’lıq, chag’lı, chaqlıq so’zlari qo’llanib, chama son ma’nosini anglatgan: on yıg’ach chag’lıq masāfat (Navoiy FSh); yigirmә chag’lıq kishilәri өldi (Sh tar.). Sanoq sonlar aycha, yılcha, yavuq, yaqın,artuq, artuqraq, ziyāda, kөprәk,azraq kabi so’zlar bilan kelib, chama son ma’nosini ifodalagan: otuz yılcha yaqın bar (Navoiy MN), iki yүzdin kөprәk uch yүzdin azraq bolg’ay edi (BN).