So’roq olmoshlari. Eski o’zbek tilida kim, ne, qay so’roq olmoshlari mustaqil qo’llangan, boshqa so’roq olmoshlari ne va qay olmoshlariga tarixan yuklama, so’z yasovchi va so’z o’zgartuvchi qo’shimchalar qo’shilgan shakllarda qo’llangan, lekin bunday so’z va qo’shimchalar o’zining morfematik ma’nolarini yo’qotgan hamda so’roq olmoshlarining turli modal shakllarini hosil qilgan xolos, aslida olmosh yasash uchun xizmat qilgan emas.
Kim so’roq olmoshi kishilarga nisbatan qo’llangan: Ulүsh alg’an kim va ul ulushni tog’rag’an kim (Sh tar.).
Kim so’roq olmoshi otlar kabi ko’plik affiksining –lәr variantini qabul qilgan: Arz qılalı kimlәr vaqe’dur (Navoiy MQ). Kimlәr bilәn bazm әylәb (Muqimiy).
Ne olmoshi eski o’zbek tilida keng qo’llangan va uning semantik qirralari ham ko’p bo’lgan:
belgining miqdorini aniqlash ma’nosida qo’llangan:Ne imkānkim qarar olg’ay kөŋlүmә (Navoiy). Ul shāh bashıda ne balā fitna bar erdi (Lutfiy).
sof belgini bildiradi: Xān dedi: bu ne hikāyat bolg’ay// Ne hikāyat, ne rivāyat bolg’ay? (ShN).
ritorik so’roq gaplarda so’z ma’nosini kuchaytiradi: Bu ne kөzdүr, bu ne kirpүk, bu ne qash// Ki chıqtı din va imāndın xalāyıq (Atoiy).
sabab-so’roq ma’nosini bildiradi: Kөzүŋ ne balā qarā bolubtur (Navoiy). Bilmәn ne jarima bilә Hiriydin ixrāj qıldı (Bobur).
Ne olmoshi to’liqsiz fe’llar birga qo’llana olgan va fe’l tarkibiga o’tgan: Yүz salām aydım ne bolg’ay (Nodira). Biziŋ sarı kelmes-sәn ne boldı (Navoiy). Ne olmoshi ko’plik affiksini, tushum, chiqish kelishigi affikslarini olgan va ularda kelishik affikslari funksional bo’lgan, jo’nalish kelishigi affiksi esa olmosh tarkibida kristallashib qolgan. Qaratqich va o’rin-payt kelishigida qo’llanishi masalasi ochiq qoladi.
Ne olmoshi negizida shakllangan so’roq olmoshlari:
Nemә. Bu so’z tarkibidagi mә so’zi qadimgi turkiy tilga oid yuklamadir (lekin uni E.Fozilov bog’lovchi deb qaraydi. Qarang: Fozilov E. O’zbek tilining tarixiy morfologiyasi. – T.,1965,146-bet). Eski o’zbek tilida bu so’z narsa so’zi ma’nosida qo’llangan, ya’ni hali olmosh turkumiga to’la o’tmagan: Dag’dag’a boldıkim, bir nimә bag’lag’ay-men (Bobur). Bu so’z nima variantida XIX asrning 2-yarmidan so’roq olmoshi sifatida mustaqil qo’llangan.
Nechүn//nevchүn. °chүn ko’makchisi ishtirokida shakllangan va sabab ma’noli so’roq olmoshidir: Mirzā sorubturki, nechүn өltүrdүŋ (Navoiy). Sen nevchүn өzүŋni bu riyāzat va ranjg’a saldıŋ (Navoiy). Nechүk. Bu olmosh qadimgi turkiy tilda bir necha taraqqiyot davrlarini boshidan kechirgan: ne+chә-ne+chә+kә-ne+chә+k-nechүk. Ikkinchi taxmin (versiya): ne+chag’//ne+chaq// ne+chәk-nechүk. Nechүk olmoshi ham sabab ma’nosini ifodalaydi: Nechүk bolg’ay azmı-miz (Navoiy). Bu olmoshning ba’zan nүchүk fonetik varianti ham qo’llangan: Men nүchүk majnun kәbi rasvāi ālam bolmayın (Uvaysiy).
Nelүk. –lik affiksining –lүk varianti orqali shakllangan va u ham sabab ma’nolidir: Nelүk bashımg’a tupraq qoymag’ayım (Xisr. va Shir.).
Netәk. –dek affiksining –tәk varianti orqali shakllangan va bu olmoshbelgi ma’nolidir: Qanları yergә netәk tөkүlmүsh (ShN).
Nechә.Bu olmosh ne+chag’ so’zlaridan soddalashgan. Miqdorni so’rash uchun qo’llanadi: Nechә yıl ranju mehnat sendin artuq (Navoiy). Bu olmosh III shaxs egalik affiksini va barcha kelishik affikslarini qabul qilgan.
Negә. Jo’nalish kelishigi affiksi orqali shakllangan va sabab ma’nosiga ega: Bir kishi jānı үchүn yүz mıŋ jān negә āzurda qılur (ShN).
Bu olmoshning neyә, nәgү, nag’u variantlari ham qo’llangan: emdi biz keŋәsh qılalım, nәgү savāb kelүr, kөrәlim (Taf.). Nag’u barur-sen (Lutfiy).
Nechә olmoshining nәtә varianti ham qo’llangan: Netә mahram ayladıŋ (Muqimiy).
Qa(y) olmoshi (qadimgi turkiy tilda qan) mustaqil qo’llangan va belgi ma’nosiga ega bo’lgan: Qay birikim bar erdi (Navoiy).
Qa(y) olmoshi negizida quyidagi so’roq olmoshlarining modal ma’nolari hosil qilinadi:
Qayu.Bu olmosh tarkibidagi –u formanti –i/-ı egalik affiksining variantidir: Qayu xushdil, qayu mahzun boldı// Qayu Laylā, qayu Majnun boldı (ShN).
Qaysı. –sı formanti III shaxs egalik affiksidir: Qaysı nāmurad eliŋ sabr etәgigә urdakim murād tapmay (Navoiy). Bu olmosh ko’plik, egalik affikslarini qabul qilgan.
Qayu, qaysı olmoshlari belgini ajratib, ta’kidlab so’rash ma’nosini anglatadi.
Qayda (qanda), qaydın, qayan, qanı. Bu olmoshlar o’rin bilan bog’liq bo’lgan so’roqni bildirgan. Qayda, qaydın tarkibidagi kelishik affikslari negizda kristallashgan. Qayan so’zidagi yan o’rin oti, qanı so’zidagi –ı esa egalik affiksidir: Desәŋkim, qayda-sen, oyo Atāiy (Atoiy). Men dedimkim, sizlәr qaydın kelә-siz (Boburnoma). Yana darug’adın qayan qachıb barg’anım kishi bilmәs (Boburnoma).
Qancha. Bu olmosh qay(n)+cha(chag’,cha) qismlardan iborat bo’lib, dastlab payt ma’nosini, keyinchalik miqdor ma’nosiga ko’chgan: Qancha sәksәn shuncha yılqım...(Muqimiy). Bu so’roq olmoshi o’rnida chand, chandān so’zlari ham qo’llangan.
Qachan. Bu so’roq olmoshi qay+chag’+ın (qay vaqt bilan) so’zidan soddalashgan va payt ma’nosiga ega: Qachan bolg’ayki tapqay-men xabar yār-u diyārımdın (Furqat). Qancha, qachan olmoshlari ba’zan kelishiklar bilan turlangan.
Belgilash olmoshlari. Aksariyat adabiyotlarda bunday olmoshlar birgaolik, birgalik-belgilash olmoshlari deb yuritilgan.