1946-47 o’quv yilida respublikada 4483 maktab bo’lib, 212.000 o’quvchi o’qigan bo’lsa, 1965-66 o’quv yilida 9716 ga undagi o’quvchilar soni 2.476.000 kishiga yetdi. Oliy o’quv yurtlarida talabalar soni 21.190dan 168.800taga yetdi. Bu miqdor «mahalliy millat yigit qizlari bilim uchun emas, diplom uchun qiziqsin” degan aqidaga asoslanganligini ko’rsatadi. Shunday bo’lishiga qaramay O’zbekistonliklarni, xususan o’zbeklarni ilmga chanqoqligi har qanday sun’iy to’siqlarni yenga boshladi.
O’zbekistonda fan va texnikaning hamma sohalarida yirik olimlar yetishtirilib, fan nomzodlarini va doktorlarini tayyorlash bo’yicha sobiq SSSRda oldingi qatorlarga chiqdi.
1950 yil O’zbekistonda 1760 fan nomzodi 180 fan doktorlari ilmiy ish olib bordi. 1965 yilda esa, fan nomzodlarining soni 4000 va fan doktori 324 ga yetdi. 50-60 yillari Respublika Fanlar Akademiyasining olimlari ayniqsa matematika-mexnanika, tibbiyot, energetika, qishloq xo’jaligi sohalarida ishlar olib bordi. Bir qancha ilmiy-tekshirish institutlari travmatologiya va ortopediya, energetika, matematika, onkologiya va radiologiya, O’rta Osiyo qishloq xo’jaligini mexanizasiyalash va
elektrlashtirish, kibernetika va boshqa bir qancha institutlar shu yillarda ishga tushirildi. Fanlar Akademiyasi qoshida Falsafa va Huquq instituti tashkil etilib, Sharqshunoslik instituti faoliyati kengaytirildi.
50-yillardan boshlab respublikada ilmiy-tadqiqot ishlarida atom quvvatidan foydalana boshladi. Dastlabki paytda atom quvvati Toshkent va Samarqand Davlat Universitetlari laboratoriyalaridan Fanlar akademiyasining fizika-texnika institutida, Politexnika va medisina institutlarida ishlatildi. Lekin texnika bazasi yetarli bo’lmaganlikdan atom quvvatidan foydalanish doirasi tor bo’ldi. 1956-yil boshlarida Toshkentdan 30 km yiroqda, 750 shtat birligida mo’ljallangan ilmiy-tadqiqot yadro insituti va barcha qulayliklarga ega bo’lgan shaharcha qurilib, 1958-yili ishga tushirildi. 1951-1954 yillari respublikada yana bir yirik ilmiy markaz bunyod etildi. 80 gektar maydonda, ittifoqda yagona tibbiy sharoitda o’sadigan, Toshkent botanika bog’i yaratildi. 1956-yili 5-noyabrda O’rta Osiyoda birinchi Toshkent telemarkazi ishga tushirildi. Keyinchalik 1962 yil Urganchda, 1964-yil Nukusda ham televizon markazlar ish boshladi.
O’zbekistonlik olimlarning bir qanchasi, ayniqsa tabiiy fanlar sohasida, o’zlarining ilmiy yutuqlari bilan nafaqat sobiq Ittifoq doirasida, balki jahon miqyosida tan olindi va yuqori darajadagi davlat mukofotlariga sazovor bo’ldilar. Respublika ziyolilari qatorida 125 mingdan ortiq oliy va o’rta maxsus
ma’lumotga ega mutaxassislar bo’lib, shulardan 25 mingdan ko’prog’i muhandis va texniklar, 10 ming qishloq xo’jalik mutaxassislari, 24 ming vrachlar va 60 mingdan ortiq o’qituvchilar, yuzdan ortiq yozuvchi, shoir, dramaturglar, rassomlar uyushmasida 105 kishi, kompozitorlar uyushmasida 26 nafar a’zodan bor edi. 1956 yilning oxirlarida respublika ziyolilarini birinchi qurultoyi bo’lib o’tdi.
Partiyaviy g’oyaviy tizginga qaramasdan adabiyot va san’at sohasida ko’zga ko’rinarli asarlar yaratildi. G’afur G’ulom, Uyg’un, Zulfiya, Mirtemir, Turob To’la, M. Roboyev, Mirmuxsin va boshqalarning tinchlik mavzusiga bag’ishlangan she’rlari yuzaga keldi. Oybekning «Oltin vodiydan shabadalar», Parda Tursunning «O’qituvchi», Asqad Muxtorning «Opa-singillar» romanlari, Abdulla Qahhorning «Shohi so’zana», «Og’riq tishlar» B.Rahmonovning «Yurak sirlari» dramalari katta shuhrat qozondi. 50-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab siyosiy qatag’onlikdan ozod bo’lgan ijodkorlarning asarlari yuzaga chiqa boshladi. Abdulla Qodiriyning «O’tkan kunlar» romani, Mirtemirning «Surat» dostoni, Shayxzodaning «Toshkentnoma»si nashrdan chiqdi.