1983-yilning oxirida respublikada juda og’ir vaziyat vujudga kelgan edi. Birinchidan, jinoyatchilikka qarshi kurashish niqobi ostida sobiq markazdan ketma-ket turli tergov guruhlari tashlandi. Respublikamizdagi rahbarlik lavozimlariga sobiq ittifoqning har xil joylaridan kadrlar kela boshladi, ular respublikadagi hukmronlikni to’la qo’lga olgan edilar.
"Paxta ishi" va "o’zbeklar ishi" deb yuzsizlarcha nomlangan tergovlar boshlanib ketdi. Gdlyan guruhi O’zbekistonliklarga nisbatan qonunsiz, beshafqat ishlarni boshlab yubordi. Ularning zo’ravonligi oqibatida sudlar adolatsiz hukmlar chiqara boshladi.
1989 yilgacha bu ishlar bo’yicha 4,5 mingdan ko’proq kishi sudlandi. O’sha paytda respublikadagi qamoqxonalarda joy qolmagani uchun sudlanganlarning mingdan ortig’i jazoni o’tash uchun Sibir qamoqxonalariga jo’natildi.
Gdlyan guruhi O’zbekiston hududida cheklanmagan vakolatlarga ega bo’ldi. Aybsiz odamlarni, ularning oila a’zolarini qamoqqa olish, jismoniy va ruhiy qiynoqqa solish avj oldi. Hibsga olinganlar tergov usullariga dosh berolmay o’z jonlariga qasd qilishgacha borib yetdilar.
O’zbekistonda inson huquqlari behad toptalayotganligi haqida Moskvaga minglab xatlar jo’natildi. Afsuski, bu xatlar tekshirilmasdan, hatto javob yozishga ep ko’rilmadi. Aksincha Gdlyan va uning gumashtalariga ketma-ket unvonlar berildi.
1989-yil 23-iyun kuni respublika rahbarligiga Islom Karimov saylandi. Yangi rahbarning faoliyati O’zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish, toptalgan huquqlarini tiklash kabi oliyjanob va xayrli ishdan boshlandi.
"Paxta ishlari"ni ko’rib chiqish uchun maxsus komissiya tuzildi. Komissiya ish faoliyatiga 40 ming tomdan iborat ishni ko’rib chiqish topshirildi. 1990-yilning iyun oyiga kelib, komissiya eng muhim bir xulosaga keldi. 1990-yil 13-iyun kuni Moskva shahriga SSSR Bosh prokurori, SSSR Oliy sudining raisi va SSSR Adliya vaziri nomiga yozilgan xatda komissiya xulosalari batafsil ko’rsatildi. Bu xatda "Paxta ishlari" chuqur tahlil qilinib, sudlanganlarni oqlash masalasi qo’yilgan edi.
Respublika rahbarining qat’iyatli harakati bilan nohaqlik barham topdi. Komissiya ikki yildan ko’proq vaqt orasida 40 ming tomlik ishni ko’rib chiqdi. 3,5 mingdan ko’proq kishi oqlandi. Qolganlarning jazo muddatlari kamaytirilib, bir qismi Prezidentimiz tomonidan avf etildi.
Paxta komissiyasi faoliyatining eng muhim tomonlaridan biri shundan iboratki, paxta ishlari bo’yicha sudlanganlarning ko’pchiligi hayotligida oqlandi, yuzlari yorug’ bo’ldi, toptalgan huquqlari tiklandi, o’z ish joylariga qaytishdi, musodara qilingan mulki qaytarilib, boshqa yetkazilgan moddiy zararlar qoplandi.
O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, xususan, respublika rahbariyatining qat’iyatli harakati bilan nohaqlik barham topdi. Minglab begunoh fuqorolarning nomlari oqlandi.
KPSS MK Aprel (1985 y) plenumi sovet jamiyatini "qayta qurish", bu jamiyat hayotining barcha sohalarini "chuqur isloh qilish" yo’lini e’lon qildi. Bunda avvalo ijtimoiy hayotni demokratlashtirish, oshkoralik, iqtisodiy o’sishni fan texnika yutuqlariga tayanib jadallashtirishga qaror qilindi.
Biroq uzoq yillar totalitar rejimga moslashgan davlat monopoliyasi, idoralari byurokratik apparat ko’zda tutilgan rejalarni amalga oshirishga yo’l qo’ymadi.