►
Ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olishda vaqt omili, ya’ni xarajat qilingandan pirovard natija olinguncha o‘tgan davr sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli vaqt omilidan kelib chiqib, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqa va uzoq muddatli davrda alohida tahlil qilinadi.
Qisqa muddatli davr – bu korxonaning faqato‘zgaruvchi xarajatlari miqdorini o‘zgartirish uchun taqozo etiladigan davrdir. Misol uchun, korxona mahsulotiga talab keskin oshdi, deb faraz qilaylik. Taklifning muayyan hajmida talabning oshishi narxning ham ko‘tarilishiga va binobarin, korxona foydasining ko‘payishiga olib keladi. O’z o‘rnida, ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali korxona foyda massasini yanada oshirish imkoniga ega. Buning uchun u eng avvalo qisqa muddatli davrdagi ishlab chiqarish xarajatlarini amalga oshiradi. Bunday xarajatlar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
jonli mehnat xarajatlarini oshirish, ya’ni qo‘shimcha ishchi kuchini yollash va ulardan foydalanish;
xomashyo, material, elektr energiyasi va boshqa xarajatlar miqdorini ko‘paytirish;
nisbatan arzon va ishlab chiqarishga osonlik bilan joriy etish mumkin bo‘lgan mehnat vositalari miqdorini ko‘paytirish va h.k.
Bundan ko‘rinadiki, korxona ishlab chiqarish hajmini o‘stirish uchun qisqa davrda faqat o‘zining o‘zgaruvchi xarajatlari miqdorini o‘zgartirishi mumkin bo‘lib, ular qisqa muddatli xarajatlar hisoblanadi. Ishlab chiqarish quvvatlari esa (ishlab chiqarish bino va inshootlari maydoni, mashina va uskunalar miqdori) doimiy bo‘lib qoladi, hamda bu davr faqat ulardan foydalanish darajasini o‘zgartirish uchun yetarli bo‘lishi mumkin5.
Uzoq muddatli davr – bu korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini va barcha band bo‘lgan resurslari miqdorini o‘zgartirish uchun yetarli bo‘lgan davrdir. Bu yerda shuni ta’kidlash lozimki, ishlab chiqarish quvvatlarining o‘zgarishini taqozo qiladigan davr davomiyligi ayrim tarmoq va korxona xususiyatidan kelib chiqib farqlanishi mumkin. Misol uchun, tikuvchilik korxonasida ishlab chiqarish quvvatlarini nisbatan qisqa muddatda, masalan bir necha kunda o‘zgartirish mumkin. Buning uchun bir necha ish stoli va tikuvchilik mashinalari sotib olish va o‘rnatish kifoya qiladi. Mashinasozlik yoki neftni qayta ishlash zavodidagi qo‘shimcha quvvatlarni ishga tushirish esa bir necha yilni taqozo etishi mumkin.
Uzoq muddatli davrda barcha xarajatlar, shu jumladan, doimiy xarajatlar ham o‘zgaruvchi hisoblanadi6.
Qisqa muddatli vaqt davomida korxona o‘zining doimiy (qayd qilingan) quvvatlariga o‘zgaruvchi resurslar miqdorini qo‘shib borish yo‘li bilan ishlab chiqarish hajmini o‘zgartirishi mumkin. Biroq, ishlab chiqarish quvvatlariga (doimiy resurslarga) qo‘shilgan o‘zgaruvchi resurslar ma’lum vaqtdan so‘ng kamayib boruvchi natija (mahsulot) beradi.