16-mavzu. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari 6-sinf “Adabiyot” darsliklarining mazmun-mohiyati Reja: Birinchi, ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi nashrlarining qiyosiy tahlili
16-mavzu. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari 6-sinf “Adabiyot” darsliklarining mazmun-mohiyati Reja: 1. Birinchi, ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi nashrlarining qiyosiy tahlili. 2. To‘rtinchi nashri ustida ishlash. Kirish qismi uchun berilgan savol-topshiriqlar orasidagi “Yozuvchi Abdulla Qahhor “Adabiyot – atomdan kuchli, lekin uning kuchini o‘tin yorishga sarflamaslik kerak” degan edi. Shu gapni izohlab berishga urinib ko‘ring-chi”, (1-qism, 9-bet)degan savolga o‘quvchi javob topa olarmikan?
“Adabiy asar asosida yaratiladigan kinofilm yoki spektakllar o‘sha asar bilan bir xil bo‘lishi kerak, deb hisoblaysizmi? Kinofilm va qissaning o‘ziga xos hikoya yo‘sinini solishtirishga harakat qiling” (“Adabiyot” 1-qism, 25-bet) degan savol bilan 6-sinf o‘quvchisiga murojaat qilish qanchalar o‘rinli?
Shuningdek, savollardagi uslubiy xatolarni ham tuzatish zarurati bor. Erkin Vohidov ijodi xususida berilgan “To‘liq qasidani yoki uning biror parchasini yoddan ifodali o‘qing”(1-qism, 144-bet) tarzida berilgan savolni “Qasidani to‘liq holda yoki uning biror parchasini yoddan ifodali o‘qing” tarzida o‘zgartirish lozim.
“Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini sarguzasht asarning mukammal namunasi desa bo‘ladi” (1-qism, 65-bet) degan fikr, bizningcha, munozarali. Bu asarni “Gulliverning sarguzashtlari”, “Robinzon Kruzo” bilan bir qatorga qo‘yish mumkinmi? Buyuk mutafakkir mazkur asarda sarguzasht asarlarga xos elementlardan unumli foydalanganini tan olgan holda dostonning bunday baholanishi unchalik to‘g‘ri emas, deb e’tirof etishga haqlimiz.
Jahon adabiyotidan tavsiya etilgan badiiy asarlar o‘quvchiga ma'naviy ozuqa berishi, tafakkur olamini kengaytirishi, uni o‘ziga rom eta olishi kerak. Janni Rodarining mustaqil o‘qish uchun berilgan “Telefonda aytilgan ertaklar” turkumidan berilgan “Qutbdagi gunafsha” ertagi o‘quvchiga qanday ma'naviy ozuqa berarkin, degan savol bilan o‘zimizga murojaat etaylik. Ertak yakuniga e’tibor bering: “Tongda hamma gunafshaning so‘lib qolganini ko‘ribdi, u ingichka tolasiga egilib, oppoq qor ustida rangsiz va jonsiz yotganmish. Agar uning oxirgi o‘y-fikrlarini so‘zda ifodalash mumkin bo‘lsa, biz, hoynaxoy quyidagi so‘zlarni eshitgan bo‘lardik: “Mana, men o‘lyapman. Lekin kimdir boshlash kerak edi-da. Qachonlardir bu yerda million-million gunafsha ochilib yotadi. Muzlar eriydi, orollar hosil bo‘ladi, ulardan bolalarning qo‘ng‘iroqday sho‘x kulgisi eshitilib turadi” (1-qism, 81-bet). Yakun go‘yo ko‘tarinki ruh bilan yakunlanyapti. Lekin buni o‘qigan bola uning zaminidagi tagma'noni ilg‘ay olmaydi, balki kelajakda tabiat qonuni, tabiiy muvozanat buzilar, ya'ni Shimoliy qutb muzlari erib, u yerda yangi hayot boshlanar ekan-da, degan xulosani chiqaradi.
“Bemor” hikoyasidan so‘ng nazariy ma'lumot sifatida berilgan “Badiiy asar tili haqida tushuncha” mavzusi o‘quvchi uchun murakkablik qiladi. Bu o‘rinda o‘quvchi uchun murakkab bo‘lgan ilmiy fikrlardan ko‘ra “Bemor” hikoyasida badiiy til imkoniyatlari qay darajada namoyon bo‘lgani misollar orqali sodda va aniq ifoda etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Aksincha, mualliflar bir yarim sahifalik nazariy ma'lumotda “Abdulla Qahhor o‘zining mo‘jazgina “Bemor” hikoyasi orqali biz bilan o‘tkazgan badiiy muloqoti o‘zining ta'sir kuchini yuz yillar davomida saqlab qolishi badiiy til naqadar qudratli hodisa ekanining yaqqol isbotidir” (1-qism, 117-bet), degan fikr bilan cheklanadilar.
Darslik-majmuaning 2-qismidagi “Xalq qo‘shiqlari” mavzusida tavsiya etilgan “Boychechak” qo‘shig‘ining tahlili ham izohtalab. Mualliflar fikricha, boychechak mehnatkash inson ramzidir. Qo‘shiq quyidagicha izohlanadi: Qo‘shiq matnidagi “boychechakni tutdilar, tut yog‘ochga osdilar”deyilishining ma'nosiga e’tibor beraylik.
Ma’lumki, xalqimizda tut daraxti muqaddas hisoblanadi. Xalq tut daraxti mevasini sevib iste'mol qiladi. Uning tanasidan taroq, bola uchun beshik yasashadi. Boychechak xalq orasida ramziy ahamiyatga ega bo‘lib, unda chuqur ma'no bor. Uni “tutadilar”, “Tut yog‘ochga osadilar” “qilich bilan chopadilar”, “baxmal bilan yopadilar”. Xalqda o‘z kuchi bilan qiynalib maqsadga erishsa, “Axir u qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechakning o‘zi-da”, deyishadi. Bu ifodalarning barchasida boychechak mehnatkash inson ramzi ekaniga ishora qilinadi” (2-qism, 30-bet). Bu fikrlarni o‘qigan o‘quvchi boychechakning tut daraxtiga osilishi, qilich bilan chopilishi, baxmal bilan yopilishining sababini bilishga qiziqadi, lekin bunga ma'nili javob ololmaydi. Mualliflar qo‘shiq tahlilini folklorshunos olimlarning fikrlariga tayangan holda amalga oshirsalar, o‘quvchida ortiqcha savolga o‘rin qoldirmasalar, ayni muddao bo‘lar edi.
Darslikda tavsiya etilgan Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asaridagi “tanbih” so‘ziga izoh berish lozim edi. Chunki o‘quvchi bu so‘zning ma'nosini anglamasligi yoki tanbeh, ya'ni dakki ma'nosida tushunishi mumkin. Bu o‘rinda tanbih o‘git, pand-nasihat, eslatma ma'nolarida kelayotganini aniqlashtirish lozim.
“Hikmatli so‘zlar haqida tushuncha” mavzusi uchun berilgan savol va topshiriqlardagi “Hikmatli so‘z” va “aforizm” tushunchalarini izohlab bering”tarzidagi savolni ham mulohaza qilib ko‘rish kerak. Chunki bu savolga o‘quvchi mavzuda berilgan “hikmatli so‘zni ayrimlar grek tilidan o‘zlashgan “aforizm” deb ham qo‘llaydilar” degan javobdan boshqa fikr bera olmaydi. Darslik uchun tuzilgan savol ma'lum bir matn mazmunini qamrab olishi, eng muhimi, o‘quvchini fikrlatishi, mulohazaga chorlashi kerak. Zero, adabiyot darsliklarining vazifasi o‘quvchini fikrlatish, uning nutqini, badiiy didini o‘stirishdir.
Avaz O‘tar ijodidan berilgan quyidagi to‘rtlik darslikdan o‘rin olmasa ham uning ma'rifatparvarlikni targ‘ib qiluvchi she'rlari o‘quvchida shoir ijodi haqida muayyan xulosalar chiqarish imkonini beradi:
“Biling, ushbu zamon g‘amnokidirman,