Bozor munosabatlari sharoitida korxonani samarali boshqarish uning xo’jalik
faoliyati, mablag’laridan foydalanish, ularni tashkil etish manbalari to’g’risidagi iqtisodiy axborotlarni tezkorlik bilan olish va foydalanishni talab qiladi.
Bu boshqaruv xodimlaridan moliyaviy hisobotni o’qiy olish, ya’ni hisobot har
bir moddasining iqtisodiy mohiyatini tushunish, uning korxona faoliyatidagi rolini
baholash usullarini, balans va hisobotning boshqa shakllari moddalari bilan aloqasini,
u yoki bu modda bo’yicha summalar o’zgarishi tavsifini va ushbu o’zgarishlar
ahamiyatini baholash mahoratini bilishni talab etadi. Moliyaviy hisobot moddalaridan foydalanib, korxona to’g’risida ma’lumot olish, uning moliyaviy ahvoli va bozor faolligini tahlil qilish mumkin. Moliyaviy hisobot buxgalteriya hisobi ma’lumotlari, aniqrog’i moliyaviy hisob
ma’lumotlari asosida tuziladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida korxonaning moliyaviy ahvoli to’g’risidagi
axborotlar tashqi foydalanuvchilar uchun alohida ahamiyatga ega. Chunki ularni xo’jalik yurituvchi su’yektga o’z mablag’larini sarflash maqsadga muvofiqligini aniqlash o’ta ahamiyatli hisoblanadi. Korxonaning moliyaviy hisoboti uning moliyaviy holatini (xarajatini qoplay olishini) yaqqol ko’rsatadi. Хo’jalik yurituvchi su’yektlarda buxgalteriya hisobini yuritishdan ko’zlangan
asosiy maqsad uning faoliyati to’g’risidagi ma’lumotlarni yig’ish va umumlashtirish
asosida uning rahbariyati hamda manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslar uchun zarur
ma’lumotlar to’plamini vujudga keltirishdan iboratdir. Хo’jalik yurituvchi su’yekt rahbariyati uchun zarur ma’lumotlar uning hisob yuritish siyosatida belgilangan ichki hisobot shakllari, boshqaruv apparati talablaridan kelib chiqib o’rnatilgan boshqa hisobot shakllari, shuningdek, tezkor va statistik hisobot shakllari orqali uzatiladi.
Хo’jalik yurituvchi su’yekt faoliyatidan manfaatdor bo’lgan yuridik va jismoniy shaxslarning ma’lumotlarga bo’lgan talab va ehtiyojlari moliyaviy hisobot orqali qondiriladi. Agar xo’jalik yurituvchi su’yekt rahbariyati uchun zarur ma’lumotlar ular belgilagan va talab qilgan sanaga tayyorlansa hamda uzatilsa, moliyaviy hisobot moliya vazirligi belgilagan sanalarga tuziladi hamda taqdim qilinadi. Moliyaviy hisobot ko’rsatkichlaridan xo’jalik yurituvchi su’yekt rahbariyati ham o’z faoliyatida keng foydalanadi.
Ammo uning ma’lumotlari asosan tashqi foydalanuvchilarning talab va ehtiyojlarini qondirish uchun mo’ljallangan. Moliyaviy hisobot ko’rsatkichlari qat’iy belgilangan va unga o’zgartirishlar kiritish mumkin emas. Moliyaviy hisobotda xo’jalik yurituvchi su’yekt faoliyatining asosiy ko’rsatkichlari umumiy qabul qilingan va qat’iy qabul qilingan qoidalar hamda tartiblar asosida tuziladi. Moliyaviy hisobot xalqaro talablar asosida tuzilganda
umumiy qabul qilingan qoidalar va tartiblar qo’llaniladi. Har bir mamlakatda moliyaviy hisobotni tuzish tartib va qoidalari belgilanadi. Agar mamlakatda moliyaviy hisobotni tuzish moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari asosida amalga oshirilishi belgilansa, unda ush-bu standartlar talablari va uning qoidalariga muvofiq tuziladi.
Umuman moliyaviy hisobot su’yekt faoliyatining oynasi hisoblanadi. Uning ma’lumotlari asosida su’yekt faoliyatiga baho beriladi va xulosa qilinadi. Moliyaviy
hisobotda su’yektning aktivlari, majburiyati, kapitali, daromadlari, xarajatlari, foydasi
(zarari) va boshqa iqtisodiy ko’rsatkichlari o’z aksini topadi. Iqtisodiy adabiyotlarda 1990 yilgacha moliyaviy hisobot tushunchasi emas, balki hisobot tushunchasi keng qo’llanilgan. Moliyaviy hisobot tushunchasi hisobot tushunchasidan farq qiladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, moliyaviy hisobot moliyaviy buxgalteriya hisobi, aniqrog’i moliyaviy hisob ma’lumotlari asosida tuziladi. Hisobot esa buxgalteriya hisobi va boshqa hisob (statistik, tezkor) ma’lumotlari asosida tuziladi.
Iqtisodiy adabiyotlarda moliyaviy hisobotga berilgan ta’riflar uning mazmunini
to’la ochib bera olmagan. Fikrimizcha moliyaviy hisobotga quyidagicha ta’rif berish
mumkin: «Moliyaviy hisobot har bir mamlakatda qabul qilingan tartib-qoidalar
asosida buxgalteriya hisobi ma’lumotlarini umumlashtirish natijasida su’yektning mol-mulki, mablag’lari, majburiyatlari, kapital, daromaddari, xarajatlari, foydasi (zarari)ning umumiy qiymati hamda ularning tarkibi to’g’risidagi, shuningdek, foydalanuvchilar uchun zarur boshqa iqtisodiy ko’rsatkichlarni o’zida mujassam qilgan maxsus hisobot shakllarining yig’indisidir». Chunki, har bir mamlakatda xo’jalik yurituvchi su’yektlarning moliyaviy hisobot shakllari va ularning ko’rsatkichlari belgilab qo’yiladi. Bizning mamlakatimizda «Buxgalteriya hisobi to’g’risida»gi Qonunga muvofiq moliyaviy hisobotda quyidagi axborotlar bo’lishi lozim:
-investitsiya qarorlari va kreditlar berish to’g’risida qarorlar qabul qilishda kerak bo’ladigan axborot;
-su’yektning bo’lajak pul oqimlarini baholashda foydali axborot; -su’yektga berilgan resurslar, majburiyatlar va ulardagi o’zgarishlar to’g’risida axborot.
Yuqoridagi axborotlardan tashqari, moliyaviy hisobotda batafsilroq ma’lumotlar ham beriladi. 1-BHMA «Hisob siyosati va moliyaviy hisobot»ga asosan, moliyaviy hisobot foydalanuvchilarga pul mablag’lari harakati oqimini taxmin qilishga yordam beradigan, korxonaning mulki va ixtiyoridagi resurslari to’g’risida quyidagi ma’lumotlarni o’z ichiga olishi zarur:
-korxonaning nazorati ostida bo’lgan aktivlar haqida;
-korxonaning passivlari haqida;
-korxonaning taqsimlanmagan daromadi, korxonaning bir davrdan boshqa davrga o’tish-dagi iqtisodiy imkoniyatilari va majburiyatlaridagi o’zgarishlar haqida;
-pul mablag’larining harakati haqida.
Ushbu ma’lumotlar moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar uchun xo’jalik yurituvchi su’yekt faoliyati to’g’risida batafsilroq va to’la axborot olish imkonini beradi. Moliyaviy hisobot ma’lumotlari hisobot davri tugagandan keyingi sanaga shakllantiriladi va unga qo’shimcha ma’lumotlar, izohlar va tushuntirishlar berilishini talab qilinadi.
Shunday qilib, moliyaviy hisobot xo’jalik yurituvchi su’yektning faoliyati to’g’risidagi asosiy ko’rsatkichlarni o’zida mujassamlashtiradi. Uning ko’rsatkichlari unda su’yektning tijorat sirini fosh qiluvchi ma’lumotlar mavjud emas. Shu bilan birgalikda moliyaviy hisobot uning ko’rsatkichlarini o’rganuvchilarning axborotlarga bo’lgan barcha talab va ehtiyojlarini to’la qondirish imkoniyatiga ham ega emas.