Birinchidan, evolyusion yo‘l inqilobni istisno qiladigan yo‘ldir. Inqilob-tarixni rivojlantiruvchi kuch, degan qoida bugungi kunda eskicha fikrlash tarzi bo‘lib qoldi. Chunki inqilob eskini zo‘rlik bilan ag‘darib tashlashni ko‘zda tutadi. Jamiyatni o‘zgartirishdagi zo‘rlik esa hamma vaqt vayronagarchilik, o‘ldirish, qon to‘kishga olib keladi. Evolyusion yo‘l « yangi uy qurmasdan, eskisini buzmaslikni» nazarda tutadi. ya’ni eski bilan yangining uzviy bog‘liqligini ta’minlaydi.
Ikkinchidan,inqilobiy yo‘l uzluksizlikning uzilishini ko’rsatadi. Bu dialektikada tan olingan tamoyil, evolyusiya esa uzluksiz rivojlanish bilan birga keskin sakrashlarsiz, portlashlarsiz boradigan tadrixiy yo‘ldir. Biz bu o‘rinda evolyusion nazariya inqilobga bog‘liq bo‘lgan juft kategoriya ekanligi to‘g‘risida emas, balki u zamonaviy vaziyatni ifoda etuvchi mustaqil metodologiya ekanligi haqida gapirmoqchimiz.
Uchinchidan, evolyusion nazariya hozirgi zamon ijtimoiy hayotidagi vaziyat va tabiiy fanlardagi fundamental o‘zgarishlarni tahlil qilish asosida paydo bo‘lgan nazariyadir.
To‘rtinchidan, evolyusion nazariya borliqni tizim, shu jumladan jamiyatni ochiq tizim deb qaraydi. Natijada, inson bilan tabiat, tabiat bilan jamiyat, inson bilan jamiyat, odamlar bilan odamlar o‘rtasidagi yangidan-yangi munosabatlar paydo bo‘ladi. Bu munosabatlar yuqorida aytganimizdek, o‘zaro hamkorlik va insoniylik munosabatlaridir.
Beshinchidan,borliqqa ochiq tizim sifatida qarash evolyusion nazariyani o‘z-o‘zini rivojlantiruvchi tizim ekanligii ta’minlaydi. Taraqqiyot vertikal shakllardagina emas, balki gorizontal shaklda ham borishini ko‘rsatadi.
Oltinchidan, ochiq tizim ko‘p imkoniyatlarni vujudga keltiradi, natijada, inson uchun o‘sha imkoniyatlardan birini tanlab olish sharoiti vujudga keladi. Demak, evolyusion nazariya inson erkinligini ta’minlovchi taffakkur tarzidir. Shu bois ijtimoiy qonunlar inson erkinligi, irodasi, fikrlari orqali namoyon bo‘ladi. Shunga ko‘ra, bu tamoyil inson erkinligini ifoda qilar ekan insonning o‘zligini ko‘rsatish uchun cheksiz imkoniyat vujudga keladi. Bu esa, jamiyatni demokratiyalashtirishning muhim sharti hisoblanadi. Demak, evolyuson nazariya inson uchun xizmat qiluvchi gumanistik ta’limotdir.
Ettinchidan,evolyusion yo‘l ko‘p modelli, ko‘p imkoniyatli davrning yangi nazariyasi. Mana shu sharoitda inson, jamiyat, millat o‘ziga maqbul yo‘lni topib olishga qodir ekanligini ko‘rsatadi. Shuning uchun «Bizning o‘zimizga xos, o‘zimizga mos» yo‘limizning nazariy asosi evolyusion ta’limotdir.