Tayanch iboralar: Geografik qobiq, geografik muhit, epigeosfera, biogenosfera, geografik qobiqning chegaralari, geografik qobiqning xususiyatlari, geotarkib, geotizim, geosfera, tutash yuzalar, simmetriya, disimmetriya, tabiiy xududiy va tabiiy akval majmua.
1. Geografik qobiq xaqida tushuncha. Geografik qobiq haqidagi ta’limot XX asrda A.A. Grigorev tomonidan ishlab chiqildi.
Geografik qobiq deb, atmosferaning quyi qismi, litosferaning yuqori qismi, gidrosfera va biosferaning bir-biriga o’zaro ta’siri etib, o’zaro bir-biriga kirishib va tutashib turidigan Yerning qismiga aytiladi.
Geografik qobiqqa gidrosfera va biosfera to’liq kiradi, u atmosferada ozon qatlamigacha bo’lgan joylarni, litosferada esa gipergenez zonasini o’z ichiga oladi (grekcha hiper-tepada, genesis-kelib chiqish Yer yuzasiga yaqin joylashgan litosferaning bir qismi). Geografik qobiq uncha qalin emas, uning eng katta qalinligi 40 km. atrofida (Yer yuzidan yuqoriga va pastga 15-20 km.ga cho’zilgan).
Geografiik qobiqda juda ko’p va xilma-xil voqea va jarayonlar sodir bo’lib turadi, ularning asosiy sababi, ushbu qobiqda Yerning ichki va koinot omillarining birgalikda, ayni bir paytda, hamda juda qarama-qarshi ta’siri ostida vujudga keladi va rivojlanadi.
Yer qobig’ida mazkur ikki guruh kuchlari Yer yuzida to’qnashib va Yer yuzasining o’ziga xos sharoitlari va xususiyatlari bilan qo’shilib, unda sayyoramizning boshqa hech qanday qismida butunlay o’xshamaydigan o’ziga xos tabiiy tizimni vujudga keltirgan.
Geografik qobiq tushunchasidan tashqari landshaft qobig’i (Yu.K.Efremov) va epigeosfera (A.G.Isachenko) tushunchalari ham ishlatiladi. Ammo hozirgi paytda geografik qobiq tushunchasi keng tarqalgan.
Geografik qobiq tushunchasining keng tarqalganligiga qaramasdan, hozirgi paytda olimlar orasida mazkur tushunchani almashtrishga harakat qilayotganlari ham uchrab turibdi.
A.A.Grigorev va qator olimlar geografik qobiq va georafik muhit qamrovi bitta, ular bitta tushunchadir degan g’oyani olg’a surishadi. Ularning fikricha mazkur ikki tushuncha bir-birini to’ldiradi va bir xil tabiiy hodisani turli tomondan tavsiflaydi. Ammo XIX asrning 70-yillarida frantsuz olimi Eliza Reklyu tomonidan tavsiya etilgan geografik muhit tushunchasi tabiiy kategoriya emas, ko’proq ijtimoiy-tarixiy kategoriyadir. Geografik muhitning chegarasi jamiyatining rivojlanishi bilan kengayib boradi. Hozirgi paytda esa inson faoliyati geografik qobiq chegarasidan chiqib ketdi. Demak, geografik muhit kengayib uning chegarasi geografik qobiq chegarasi bilan muvofiq bo’lib qolmoqda. Yu.K.Efremov geografik qobiqni landshaft qobig’i deb atash lozim degan fikrni bildiradi. Ammo landshaftlar geografik qobiqda juda yupqa qatlamni tashkil qiladi. SHuning uchun landshaft qobig’i tushunchasini geografik qobiq tushunchasiga qarama-qarshi qo’yish noto’g’ri hisoblanadi, chunki landshaftlar geografik qobiqning bir qismdir. Shuning uchun landshaft qobig’i tushunchasini alohida va o’z o’rnida qo’llangan ma’qul.
A.G. Isachenko geografik qobiq bu Yerning tashqi, tepadagi qobig’i bo’lgani uchun uni epigeosfera (grekcha hyper-yuqori) deb atashni tavsiya etadi. Ammo yuqorida aytganimizdek, Yer qobiqlari ularning joylanishiga qarabgina emas, balki moddalarning xossalariga ham qarab ajratilishi hamda Yerning tashqi qobig’ini geografik qobiq emas atmosfera va magnitosfera tashkil etishini xisobga olsak epigeosfera atamasi geografik qobiq tushunchasiga mos kelmasligi ma’lum bo’ladi.
I.B. Zabelin esa geografik qobiqda hayotning vujudga kelishi va rivojlanishi sodir bo’lganligi uchun geografik qobiq tushunchasini biogenosfera tushunchasi bilan almashtirishni tavsiya qilgan. «Biogenosfera» tushunchasi fanda keng tarqalgan «Biosfera» tushunchasiga juda yaqin. Agar mazkur tushuncha qabul qilinadigan bo’lsa, «Biosfera» tushunchasi murakkablashib va chalkashib ketadi. Bundan tashqari geografik qobiq tushunchasini almashtirishga hojat ham, asos ham yo’q1.