2.Kompetensiya haqida tushuncha Kompetensiya (lot.competo-erishyapman, munosibman, loyiqman) –u yoki bu sohadagi bilimlar, tajriba. O‘qituvchi - muallimlarning shaxsiy ijtimoiy sifatlariga azaldan e’tibor qaratib kelingan va har bir zamon talabidan kelib chiqib, pedagogga qo‘yiladigan talablar takomillashib, murakkablashib boravergan.
Zardo‘sht ta’limotida, “muallim — kohinlarning burchlari bolalarga bilimlarni yaxshilik yo‘sinida o‘rgatib, ularni yaxshi bilan yomonni ajratadigan qilib tarbiyalash va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etishdir” deyilgan. Uning “yasht”larida aqlu farosat bilan, yomonlikka qarshi kurashni amalga oshirib, bolalar ruhiyatiga rost so‘z, pok aqida, halol niyatni singdiradigan ustoz-muallimlar peshvosi madh qilinadi.
Shuningdek, “Avesto”ning “Yasht”larida tanballigi, befarqligi, mas’uliyasizligi, loqaydligi, farosatsizligi, o‘quvsizligi, bilimi va malakasini takomillashtirmasligi oqibatida bolalar zehnini, ularning mustaqil tafakkurini o‘tmaslashtiradigan, ayni chog‘da, yoshlarning aqlini “Zanglatadigan”, hayotga, mehnatga munosabatlarini susaytiradigan, imon-e’tiqodini zaiflashtirib, ma’anaviy jihatdan qashshoqlashtiradigan “Yomon ustozlar” qattiq qoralanadi.
Zardushtning oliy tangri Ahuramazda bilan muloqotida ham yaxshi va yomon ustozlar haqida shunday deyiladi: “Noshud, yomon muallim o‘quvchi qalbidan hunarmandchilikni yo‘qotar ekan, ey yazdon, yomon ustozdan o‘zing asra”.
Talabalarga bilim berish o‘qituvchining mas’uliyatli burchidir, deb Ibn Sino o‘qituvchining shaxsiyati qanday bo‘lishi kerakligi haqida quyidagi fikrlarni bildirgan:
— bolalar bilan muomalada bosiq, jiddiy bo‘lish;
— beriladigan bilimni talabalar qanday o‘zlashtirib olayotganiga e’tibor berish;
— ta’limda turli usul va shakllardan foydalanish;
— talabaning xotirasi, bilimlarni egallash qobiliyati, shaxsiy xususiyatlarini bilish;
— fanga qiziqgira olish;
— berilgan bilimlarning eng muhimini ajratib o‘qitish;
— bilimlarni talabalarning yoshi, aqliy darajasiga mos ravishda berish;
— har bir so‘zning bolalar hissiyotini uyg‘otish darajasida bo‘lishiga erishish zarur.
Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek davrida ilm-fan, adabiyot va san’at, ma’rifatchilik jadal taraqqiy etgan. Shuningdek, o‘qitishning sinf tizimlari, bolalarni yoshi bo‘yicha tabaqalashtirib o‘qitish, o‘quv-tarbiya ishlarining aniq bir muddatini belgilab qo‘yish kabi g‘oyalar ilgari surilgan va ma’lum darajada amalga oshirilgan. Shu bilan birga Ulug‘bek o‘qituvchi va mudarrislarning insoniy xislatlariga bilimi va mahoratiga katta ahamiyat bergan. Ularning moddiy ehtiyojlari davlat ta’minotidan qondirilishini yo‘lga qo‘ygan, eng mahoratli ustozlarni e’zozlagan. Ayni paytda, u mudarrislarning dars berishdan tashqari ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etishlarini talab qilgan.
Shunga o‘xshash fikrlarni G‘arb pedagoglari ham aytib ketishgan. Jumladan, Disterverg: “Yaxshi o‘qituvchi o‘zining tarbiya prinsiplaridan hech qachon qaytmaydi. O‘qituvchi o‘z ustida doimo mustaqil ishlashi lozim, yomon o‘qituvchi haqiqatni aytib qo‘ya qoladi, yaxshi o‘qituvchi esa bolalarga haqiqatni topishga o‘rgatadi” degan.