2-Ma’ruza: Adabiy tur va janrlar nazariyasi. Adabiy jarayon. Reja



Yüklə 55,4 Kb.
səhifə4/6
tarix10.05.2023
ölçüsü55,4 Kb.
#110619
1   2   3   4   5   6
Adabiy tur va janrlar nazariyasi. Adabiy jarayon.

Klassitsizm lotincha classicus so‘z bo‘lib, “namuna”, “ibrat” degan ma'noni anglatadi. Bu metod vakillari o‘tmish adabiyoti namoyandalari asarlarini o‘zlari uchun mezon, ibrat namunasi deb qaraganlar.
Klassitsizm nazariyotchilaridan biri fransuz adibi va adabiyotshunosi N.Bualo (1636 – 1711): “Adabiyot saroy va shahar uchun yaratilishi kerak” deydi. Klassitsistlar ta'biricha, adabiyotda hamma narsa aniq va qat'iy qoida asosida ko‘rsatilishi lozim. Klassitsizm estetikasining talablaridan yana biri “uch birlik”dir. Ya'ni, dramada gavdalantirilayotgan hodisa bitta yaxlit syujet tarzida gavdalantirilishi (“harakat birligi” talabi), voqyea bir joyda bo‘lib o‘tishi zarur (“joy birligi” talabi), voqyea yigirma to‘rt soat ichida yuz berishi (“vaqt birligi” talabi) lozim.
P.Kornel (1606 – 1684)ning “Sid” (ya'ni“Said”), “Goratsiy”, J.Rasin (1639 – 1699)ning “Andromaxa”, “Britanik” tragediyalarida, Moler (1622 – 1673)ning “Xasis” komediyalarida klassitsizmning ana shu qoidalariga amal qilingan. Ushbu asarlarda qahramonlar ruhiy olamining yorqin gavdalantirilgani, tilning jimjimador sun'iylikdan xoli, sodda ekanligi, syujetning oddiyligi ham e'tiborni tortadi. Bu jihatiga ko‘ra klassitsizm realizm ijodiy metodi bilan mushtarak hodisa ekani ayonlashadi. Klassitsizm va realizmning bu umumiyligi ham ijodiy metod tushunchasining nisbiy hodisa ekanidan dalolat beradi.
Rus adibi L.Tolstoy “Xasis” singari komediyalar yaratgan Molerni “eng go‘zal, xalqchil asarlar bitgan san'atkor” deb ulug‘lagan. Yana bir rus shoiri A.Pushkin esa “Rasin kabi klassitsistlar asarlarida xalq taqdiri va inson taqdiri o‘z aniq in'ikosini topgan” deb e'tirof etgan. Kornel, Moler, Rasin kabi ijodkorlar antik adabiyotni eng oliy, yuksak, ya'ni ibrat namunasi deb qaraganlar. Ular biz o‘zimizdan “yozgan asarlarimizni Gomer yoki Vergiliy o‘qiganida, komediya, tragediyalarimizni Sofokl tomosha qilganida nima degan bo‘lar edi? ” deb doimo so‘rab turishimiz kerak, degan aqidani o‘zlari uchun shior qilib olishgan. Klassitsizm vakillari antik adabiyotga yuksak hurmat-ehtirom bildirishgani uchun o‘z asarlarida qadim zamon ijodkorlari dramalari syujetlarini qo‘llashgan.
Klassitsistlar asarlarida hayot hodisalari va inson dunyosining bir qirrasi yoritilgan. Realistik roman, qissa, hikoyalarda esa turmush voqyeligi va kishilar fe'l-atvori har tomonlama gavdalantirilgan. Bu ham klassitsizm va realizmning yaxlitligini bildiradi.
Klassitsizm vakillari janrlarni tabaqalarga bo‘lishgan. Drama eng yuksak janr, komediya eng quyi janr deyishgan. Epik turga mansub roman, qissa, hikoya janridagi asarlarga ikkinchi darajali deb qarashgan. Bu ular estetikasining cheklangan, zaif jihatlari sanaladi, deyiladi. Klassitsizm vakillarining bunday munosabati, avvalo, o‘sha davr kishilari ma'naviyati, dunyoqarashi bilan bog‘liq. Ma'lum bir davrlarda muayyan janrlarning e'tibori, mavqyei baland bo‘ladi. Bir paytlar adabiyot mezoni hisoblangan janrlar bir zamonlar kelib o‘z mavqyeidan tushib qoladi. Bu hodisa ayrim kishilarning xohish-istagi, iznu irodasiga bog‘liq emas. Shuning uchun klassitsizm vakillarining janrlarga munosabatini ularning kamchiligi deb emas, balki o‘sha davrga xos estetik qarash deb baholash lozim.
“Klassitsizm XVII asrda Fransiya adabiyotida shakllanib, XIX asr boshlarigacha yevropa mamlakatlari adabiyotida tarqalgan va hukmron bo‘lib qolgan ijodiy metoddir” degan qarash ham nisbiydir. Chunki ayni shu davr asarlariga xos xususiyatlar avvalgi zamonlarda yaratilgan asarlarda ham u yoki bu tarzda mavjud bo‘lgan. Qolaversa, klassitsizm realizm metodining o‘ziga xos bir ko‘rinishi sanaladi. Klassitsizm namoyandalari asarlarida ham real turmush voqyeligi gavdalantirilgan bo‘ladi.
Sentimentalizm oqimi”, “naturalizm oqimi”, “modernizm yo‘nalishi” atamalari ham keng qo‘llanadi. “Modernizm yo‘nalishi ekzistensionalizm, abstraksionizm, simvolizm, syurrealizm, futurizm, kubizm kabi oqimlarga bo‘linadi” deyiladi. Sho‘ro siyosati hukm surgan davrda bitilgan aksariyat tadqiqotlarda modernizm yo‘nalishi qoralanadi. Ekzistensiyachilik ta'limoti yirik namoyandalaridan biri fransuz adibi, Nobel mukofoti sovrindori (u bu mukofotni olishdan o‘z ixtiyori bilan voz kechgan) Jan Pol Sartr (1905 – 1980) bu xususda shunday deydi: “Ekzistensiyachilikni umidsizlikka chaqiradi, deb ayblaydilar; insonning qabihligi, johilligi va shilqimligini ko‘rsatib, tubanligini ta'kidlayverishda, ko‘pgina yoqimli, go‘zal jihatlariga e'tibor bermaslikda, inson tabiatining yorug‘ tomonidan yuz o‘girishda ayblaydilar; ular odamlarning hamjihatligini esdan chiqarib yuborishgan, insonga yakkalab tashlangan mavjudotga qaraganday munosabatda bo‘ladilar; inson hayotining yomon tomoniga alohida e'tibor bilan qaraydilar, deydilar... Inson — bu xavotir... Garchand xavotirni yashirsalar-da, u mavjuddir... Ekzistensiyachi ehtirosning qudratliligiga ishonmaydi. U hyech qachon ezgu ehtiros — insonni beshafqatlarcha muayyan qilmishlarga undaydigan, hammayoqni alg‘ov-dalg‘ov qiladigan oqim va shuning uchun uzr o‘rniga o‘tishi mumkin, deb da'vo qilmaydi. U inson o‘z ehtiroslari uchun javobgar deb biladi... Inson o‘zini qay darajada amalga oshirsa, shu darajadagina mavjud bo‘ladi... Prustning dahosi, bu — Prustning asarlaridir. Rasinning dahosi, bu — uning bir qator fojealari. Ulardan boshqa hyech narsa yo‘q. Agar Rasin yana bir fojea yozmagan bo‘lsa, Rasin yana bir fojea yozishi mumkin edi, deyishning nima keragi bor? Inson o‘z hayoti bilan yashaydi, u o‘z qiyofasini yaratadi, u qiyofadan tashqarida esa hyech narsa yo‘q... Biz faqat inson o‘zining qator qilmishlaridan boshqa hyech narsa emas, u mana shu qilmishlaridan tashkil topadigan munosabatlar majmuidan iborat, demoqchimiz, xolos... Ekzistensiyachi qo‘rqoqni tasvirlar ekan, uni o‘z qo‘rqoqligi uchun javobgar deb hisoblaydi. U yuragi, o‘pkasi yoki miyasining qo‘rqoq bo‘lgani uchun shunaqa emas, balki o‘z qilmishlari bilan o‘zini qo‘rqoq qilgan. Mijozning qo‘rqog‘i bo‘lishi mumkin emas, Mijoz asabiy, zaif, chala yoxud to‘laqonli bo‘lishi mumkin, lekin zaif odam degani — albatta qo‘rqoq degani emas, chunki qo‘rqoqlik bosh tortish yoki yon bosish oqibatida yuzaga keladi. Mijoz bu — hali harakat emas. Qo‘rqoq o‘z qilmishi orqali aniqlanadi... Ekzistensiyachi qo‘rqoqni qo‘rqoq qiladigan — o‘zi, qahramonni qahramon qiladigan ham — o‘zi, deydi... Ekzistensiyachi insonning tushkun tasvirini bermaydi, uni qilgan ishiga qarab baholaydi. U insonga bor umid faqat uning harakatida ekani va faqat yagona harakatgina insonning yashashi uchun imkon berishini aytadi... Biz o‘zgaga ro‘baro‘ turib, o‘zimizni anglaymiz va ayni paytda, o‘zga ham biz uchun xuddi o‘zimizday ishonchli bo‘ladi... O‘zim haqimdagi biror bir haqiqatni bilish uchun men o‘zga orqali o‘tishim kerak. O‘zga kishi, deylik, o‘z-o‘zimni anglashimda qanchalik zarur bo‘lsa, mening mavjud bo‘lishim uchun ham shunchalik zarur... Biz har bir alohida hodisada erkinlik erkinlik uchun bo‘lishini istaymiz. Biroq erkinlikka intilar ekanmiz, u to‘laligicha boshqa odamlar erkiga va boshqalarning erki bizning erkimizga bog‘liq ekanini ko‘ramiz... Ekzistensiyachilik, bu — hayotbaxshlik, harakat haqidagi ta'limotdir”.
Hayot ziddiyatlarga, qarama-qarshiliklarga to‘la bo‘lgani uchun kishilarning tabiati, fe’l-atvori, dunyoqarashi murakkablashgan. Bu murakkablikning barcha jihatlarini hyech bir nazariya to‘la-to‘kis ifoda qilib berolmaydi. Jumladan, hyech bir adabiy metod, yo‘nalish, oqim ham inson dunyosini batafsil akslantirmaydi. Romantizm, realizm metodining eng barkamol asarlarida ham inson dunyosining ma'lum bir qirralari gavdalantirilgan bo‘ladi, xolos. Ekzistensionalizm yo‘nalishining J.Sartr (1905–1980), M.Prust (1871–1922), J.Joys (1882–1941), A.Kamyu (1913–1960), F.Kafka (1883–1924) kabi namoyandalari asarlarida ham inson hayotining muayyan jihatlari — xavotir, tahlika, umidsizlik, iztirob ko‘rsatiladi. Ularning roman, qissa, hikoyalarida sho‘ro adabiyotining romantizm, realizm ijodiy metodiga mansub asarlaridagi singari ijobiy-salbiy qahramonlar yo‘q. Modernizm yo‘nalishi vakillari asarlarida iztirob ichidagi inson qiyofasini ko‘rsatish asosiy o‘rin tutadi. Ularda insonning tubanliklari oshkora gavdalantiriladi. Tushkunlikka tushgan kishilarning xatti-harakatlari, o‘y-kechinmalari keng akslantiriladi. Ekzestensionalizm namoyandalari diqqatini qaratgan xavotir, qo‘rquv, iztirob, tubanlik va ular keltirib chiqaradigan salbiy oqibatlar esa real hodisalardir. Ular inson hayotining ajralmas bo‘laklaridir. Inson tabiati, fe'l-atvori, hayot tarzining ana shu mavjud jihatlarini yoritish esa adabiyotning insonshunoslik mohiyatiga zid kelmaydi.

Yüklə 55,4 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin