1. Borliq falsafa predmeti sifatida. Biz dunyo, materiya tuzilishi, makon, vaqt, harakat, hayot, ong va shu kabilar haqida tasavvur hosil qilish uchun asosan fizika, astronomiya va biologiya kabi tabiatshunoslik fanlariga murojaat etamiz. Lekin bu falsafada borliq muammolari o’rganilmaydi, degan ma’noni anglatmaydi.
O’quv kurslarida asosiy falsafiy muammolarni o’rganish odatda ontologiyadan boshlanadi. Ontologiya falsafiy bilimlarning alohida sohasi bo’lib, unda borliq va yo’qlik, mavjudlik va nomavjudli k muammolariga doir masalalarning keng doirasi o’rganiladi, shuningdek mavjudlik sifatiga ega bo’lgan barcha narsalarning mohiyati aniqlanadi. «Ontologiya» atamasi falsafada faqat XVII asrdan beri ishlatiladi, lekin u yunoncha o’zaklarga ega bo’lib (ontos – borliq, logos – so’z, ta’limot), borliq haqidagi ta’limot degan ma’noni anglatadi. Ontologiya falsafada alohida o’rin egallaydi. Ikki yarim ming yillik faol falsafiy izlanishlar natijasida falsafiy bilim tizimida ontologiyadan tashqari falsafaning muhim falsafiy mazmun kasb etadigan gnoseologiya, aksiologiya, ijtimoiy falsafa, axloq, estetika, mantiq kabi tarkibiy qismlari paydo bo’ldi. Lekin ularning barchasi zamirida ontologiya yotadi. O’z navbatida ontologiya har qanday falsafiy dunyoqarashning negizi hisoblanadi va shu tariqa o’z tarkibiga kirmaydigan boshqa falsafiy muammolar talqinini ko’p jihatdan belgilaydi.
Dostları ilə paylaş: |