Pedagog va psixologlarimiz fikricha bola 7 yoshgacha insoniyat tajribasining 50-60% o’zlashtirar ekan, demak mana shu yoshgacha bolaga eng kerakli bilimlarni yoshiga mos ravishda berish bolaning kelajakda qanday inson bo’lishiga juda katta turtki bo’ladi. Gnedenko o‘z ishlarida matematik qobiliyatlarning ikki darajasini ajratib ko‘rsatadi: “Oddiy o’rta qobiliyat” (ushbu qobiliyat boshlang’ich maktab kursini o‘zlashtirish uchun zamin bo’lgan) va “o’rtadan yuqori bo’lgan qobiliyat”, ya’ni matematik bilimlarni osonlikcha egallashda masalalarning aql yechimini topishda namoyon bo’ladigan qobiliyatdir.
Tarbiyachi faoliyatga tayyorlanar ekan, dastur mazmunini sinchiklab o’rganadi. Matematik bilimlar bolalarga qat’iy aniqlangan sistema va izchillikda beriladi, bunda yangi materiallar bolalar o’zlashtira oladigan bo’lishi kerak. Har bir vazifa bir qator kichik topshiriqlarga bo’linadi. Bu kichik topshiriqlar ketma-ket o’rganiladi. Masalan, tayyorlov guruhi bolalarini buyumlarni bo’laklarga bo’lish bilan tanishtirish bunday ketma-ketlikda amalga oshiriladi: bolalar birinchi faoliyatda buyumlarni ikkita teng qismga bo’lishni mashq qiladilar va yarim nima ekanini o’zlashtiradilar; ikkinchi faoliyatda bolalarning tenglikka bo’linadigan buyumlar haqidagi tushunchalari kengaytiriladi va shunga mos lug’ati aktivlashtiriladi; tarbiyachi uchinchi faoliyatda bolalarga buyumlarni teng to’rt qismga bo’lish usullarini tanishtiradi, shuningdek butunning qismga munosabatini ko’rsatadi; keyinroq bolalarga geometrik figuralarni ikki va to’rt qismga bo’lishning har xil usullarini ko’rsatadi, bolalar butun bilan qism orasidagi munosabatlarni o’rnatishadi. Shunday qilib, dasturning har bir bo’limi ketma-ket o’tkaziladigan bir necha (uch-olti) faoliyatda amalga oshiriladi. Bolalarning bilimlari faoliyatdan faoliyatga kengayadi, aniqlashtiriladi va mustahkamlanadi. Dasturning bir bo’limidan ikkinchi bo’limiga o’tishda o’tilganlarni takrorlash, yangi bilimlarni o’zlashtirilgan bilimlar bilan bog’lashni ta’minlash katta ahamiyatga ega. Yangi materialni o’rganish jarayonida o’tgan materialni takrorlash bolalarning bilimlarini chuqurlashtiribgina qolmay, balki ular e’tiborini yangi materialga qaratish, uning puxta o’zlashtirilishiga imkon beradi.