O’simliklarni namlik sharoitlariga moslashishlari Organizmlarning suvga bo’lgan talabi, har xil namlik sharoitlarda yashashi hamda moslashishlariga ko’ra to’rt asosiy guruhga ajratiladi: 1. Suvda yashovchi (o’simliklar-gidrofitlar, hayvonlar-gidrofillar). 2. Ortiqcha namlikda yashovchilar (gidrofitlar, gigrofitlar). 3. O’rtacha namlikda yashovchi (mezofitlar, mezofillar). 4. Qurg’oqchil sharoitda yashovchilar (kserofitlar, kserofillar).
Barcha o’simliklar suv bilan ta’minlanishi yoki namlik sharoitiga moslanishiga ko’ra 5 ta ekologik guruhga ajratiladi: gidatofitlar, gidrofitlar, gigrofitlar, mezofitlar, kserofitlar.
Gidatofitlar – hayoti doimo suvda o’tuvchi bu guruhga asosan suv o’tlar kiradi.
Gidrofitlar – tanasining bir qismi suvdan tashqarida, qolgan qismi suv qatlamida joylashgan o’simliklardir. Suv nilufarlari, g’ichchak, nayzabarg, o’qbarg va boshqalar shular jumlasidandir.
Gigrofitlar – tuproqda ortiqcha miqdorda namlik yoki suv bo’lgan sharoitda yashovchi o’simliklardir. Ular daryo va ko’l bo’ylari, botqoqliklarda, sernam o’rmonlar va boshqa joylarda o’sadigan o’simliklardir.
Mezofitlar – o’rtacha namlik sharoitida yashovchi o’simliklar bo’lib, ularga ko’pchilik madaniy va yovvoyi holdagi o’simliklar kiradi.
Kserofitlar – qurg’oqchil sharoitda yashashga moslashgan o’simliklardir. Dasht, cho’l va chala cho’l zonalarida keng tarqalgan bu o’simliklar o’z navbatida 2 guruhga ajratiladi: sklerofitlar va sukkulentlar. Sklerofitlar O’rta Osiyo cho’llarida uchrasa, sukkulentlar – tanasida suv saqlovchi kaktuslar hisoblanadi.
Hayvonlarni namlik omiliga moslashishi Hayvonlar hayotida ham namlik yoki suv muhim rol o’ynaydi. Umuman hayvonlar suvga bo’lgan talabini uch xil yo’l bilan qondiradi: 1. Bevosita suv ichish orqali. 2. O’simliklar bilan ovqatlanish orqali. 3. Metabolizm hodisasi, ya’ni tanasidagi moylar, oqsillar va karbon suvlarining parchalanishi orqali.
Suvni bug’lantirish esa asosan nafas olish, terlash va siydik yo’li orqali bajariladi. Issiq kunlari ayrim sutemizuvchilar suvni haddan tashqari ko’p sarflashlari mumkin. Masalan, kishilar yoz oylarida bir kunda 10 litrgacha suvni terlash orqali sarflashi mumkin.
Moslanishlar ham odatda uch xil bo’ladi: yurish-turish harakati orqali, morfologik va fiziologik moslanish. Yurish-turish orqali moslanishda hayvonlar albatta suvni izlab topish, yashaydigan joyni tanlash, in qazib, unda yashash orqali moslashadilar.
Morfologik moslanish tanasining ustida chig’anoqlar, sovutlar, qalqon va tangachalar hamda kutikulalar hosil qilish orqali amalga oshiriladi. Masalan, shiliqqurt, toshbaqa, kaltakesak, qo’ng’izlar ana shunday moslashadi.
Fiziologik moslanish esa metabolitik suv hosil qilish orqali amalga oshadi. Masalan, odamlar tanasidan vazniga nisbatan 10% gacha suv yo’qotishi mumkin. Undan ortiq suv yo’qotilsa organizm halok bo’ladi. Bu ko’rsatkichlar turli hayvonlarda turlicha, masalan, tuyalar – 27%, qo’ylarda – 23%, itlarda – 17%, agar bundan oshsa halokat yuz beradi.
Ayrim suvda yashovchi (gidrobiont) hayvonlar suvni yutishi yoki filtratsiya qilish orqali yashashga moslashgan. Natijada suv havzalarida biologik tozalanish sodir bo’ladi. Masalan, lixet, mshanka, astsidiy, plankton, qisqichbaqasimonlar, midiyalar bir sutkada 150-280 m3 suvni tindiradi va tozalaydi. Qurg’oqchil sharoitda yashovchi suvo’tlari, lishayniklar va moxlar poykilokserofitlar deb atalib, ular qurg’oqchil davrlarda qurib qolib, anabioz holatga o’tadilar va yog’ingarchilik bo’lgan vaqtda yana hayotini tiklab davom ettiraveradilar.