Sitoplazma membranasi. Uning qalinligi 9 nm cha bo‘lib, u hujayra devoriga ichki tomondan yopishib turadigan, sitoplazmaning tashqi qavati - sitoplazmatik membranadir. U ikki qavat lipid molekulalaridan tuzilgan, har bir qavat monomolekulyar oqsil bilan qoplagan. Sitoplazmatik membrana hujayra quruq moddasining 8-15% tashkil etadi va hujayraning lipid qismini 70 - 90% ni tutadi. Sitoplazmatik membrana osmotik bar’er vazifasini bajardi va hujayraga moddalarning kirib chiqishni boshqarib boradi. Ko‘pincha sitoplazmatik membrana ichki tomondan bo‘rtib chiqib (invaginatsiya) undan mezosomalar xosil bo‘ladi. Sitoplazmatik membrana va mezosomalar yuqori darajali organizmlardagi membrana va mitoxondriyalar vazifasini bajaradi. Ularning usti va ichida ferment va energiya bilan ta’min etuvchi sistemalari joylashgan. Bularga nafas olish fermentlari, hujayraga moddalarning kirib - chiqishini regulyatsiya qiluvchi ferment sistemalari, azotofiksatsiya, xemosintez va boshqa jarayonlarni amalga oshiruvchi fermentlar sistemasini misol qilib keltirish mumkin (8 - rasm). Hujayra devori va kapsulasining biosintezi, tashqariga ekzoferment ajratish, bo‘linish, spora hosil qilish funksiyalari sitoplazmatik membrana, mezosoma va shunga o‘xshash strukturalarga bog‘liq.
Sitoplazma.Sitoplazma membrana bilan o‘ralgan. U kolloid sistema lipopolisaxarid bo‘lib suv, oqsil, yog‘, uglevodlar, mineral moddalar va boshqalardan tuzilgan. Uning tarkibi bakteriyaning yoshi va turiga qarab o‘zgarib turadi. Sitoplazmatik membrananing ichki qismida, genetik apparat, ribosomalar, kiritmalar bo‘lib, bulardan qolgan qismini sitozol tashkil qiladi. Sitozol sitoplazmaning gomogen qismi bo‘lib, oqsillar, fermentlar, substratlar, eruvchan RNK va boshqa hujayra granulalaridan iborat.