Fimbriy va pililar (bakteriyalarning ustki qismidagi ingichka, yo‘g‘onligi 3 - 25 nm, uzunligi 12 nm gacha bo‘lgan iplar, F - pili jinsiy fimbriy). Bakteriyalarda xivchinlardan tashqari uzun, ingichka ip ham bo‘lib unga fimbriy deyiladi. Ular harakatchan yoki harakatsiz bo‘lishi mumkin. Ularning uzunligi 0,3 - 4 mkm, eni 5 - 10 nm bo‘lib, soni 100 - 200, ba’zan esa 1000 taga yetib boradi.
Fimbriylar pilin oqsilidan tuzilgan. Bakteriyalarda fimbriylarning bir qancha tipi uchraydi va ular funksiyalariga qarab farqlanadi. Shulardan 2 tipi yaxshi o‘rganilgan.
1-tip ko‘pgina bakteriyalarda bo‘lib, ular umumiy tipdagi fimbriylar deyiladi. Fimbriylar bakteriya hujayrasining muhit boshqa hujayrasiga yoki inert substratga yopishishini ta’minlaydi,
suyuqlik yuzasida parda hosil qilishida ham ishlatiladi. Shuning uchun ham uni yopishish organi deyish mumkin.
2-tip - jinsiy fimbriy - pili bo‘lib (G‘), u ichi bo‘sh kanaldan iborat. Bu kanaldan bakteriya kon’yugatsiyada qatnashayotgan boshqa bir bakteriyaga genetik material beradi. Pilining boshqa bir hususiyati ham bo‘lib, u patogen bakteriyalarda hayvon va odam hujayralariga yopishishda ishtirok etadi.
2. Bakteriyalarning sporalari va ularning hosil bo‘lishi Ba’zi bir mikroorganizmlar noqulay sharoitda vaqtincha tinim davriga o‘tadi, ya’ni spora hosil qiladi. Spora endogen usulda hosil bo‘lsa, u vegetativ hujayra ichida yetiladi.
Bakteriyalarning Bacillus, Clostridium, Desulfotomaculum avlodlariga kiruvchi vakillari, ayrim kokkilar, spirillalar endosporalar hosil qiladi. Sporalarning shakli yumaloq yoki ellipsimon bo‘ladi. (5-rasm). Ular tashqi muhit sharoitiga chidamli bo‘ladi. Sporalar nur sindiradi va shuning uchun mikroskop ostida kuzatilganda yaltirab ko‘rinadi. Bakteriya hujayrasi odatda bitta spora hosil qiladi. Ammo Clostridium avlodining ba’zi turlarida bir va undan ko‘p sporalar hosil bo‘lishi aniqlangan. Bakteriyaning oziqa muhitidan kerakli moddalarni olishi qiyinlashsa yoki modda almashinuvida ko‘p zararli mahsulotlar hosil bo‘lsa, spora hosil qiladi.