Lusiy Anney Seneka (4-65 yil). Rim imperiyasiga qarashli Ispaniyaning Qurdoba (Kordova) shahrida aslzoda ziyoli oilasida tug'ildi. O'sha zamonga xos barcha zaruriy bilimlarni egalladi, Aflotun, Arastu, Epikur, Zenon kabi turli dunyoqarashdagi, lekin stoiklar falsafasi asoschilarining asarlarini ko'p o'qidi. Darvoqye, u o'zidan sal oldin o'tgan Siseron kabi, Stoya falsafasini Aflotuncha va Epikurcha vujud mayl-istaklarini cheklab, ruhni yuksaltirish ruhida talqin qildi. Lekin ilm-ma'rifatni qadrlash bilan birga mol-mulkni ko'paytirish ham shohona yashashni sevar edi.
Imperator Neron hukmronligining boshlanishida o'z tarbiyachisi Lusiy Senekaga, san'at ilmidan maslahatchisi Petroniy Arbitrga, haqgo'y shoir Lukinga (bu shoirning hajv dahosi Lukian (120-185 yillar)dan ilgariroq yashagani ma'lum) avvalgi vaqtlarda yaxshi moddiy va ijodiy sharoitlarni yaratib berdi. Neron bu ijodkorlarning o'z hokimiyatiga va shaxsiga nisbatan muxolifatda (oppazisiya) ekanligini yaxshi bilsa ham, o'zini Oktavian Avgust kabi buyuk hukmdor qilib ko'rsatish uchun ularning tanqidiy fikrlariga ham sabr-toqat qilardi. Chunki bu zotlar uning hukmronlik davrini ulug'lab, nomini tarixda qoldiradilar, deb umidvor edi.
Lekin cheksiz hokimiyat Neronni zolimga aylantirdi, hamma uni fitna bilan o'ldirishga urinadi, deb vahimaga tushdi. O'zini bu shoirlardan va olimlardan balandligini ko'rsatish uchun she'riyat, musiqa, ashula, aktyorlik bilan shug'ullandi. Yaqinlari (shoir Lukandan boshqa) Neronni tilyog'lamalik bilan maqtar edilar. Tarixchilar Neron haqida “Uning otasi (Domisiy Agenobarb) ham razil, onasi (Agrippina Ikkinchi ham razil, yovuz odamlar edilar, Neronning genida (qonida) yovuzlik bor edi”, deb yozadilar. (Gay Svetoniy. O'n ikki Sezar hayotnomasi; Korneliy Tasit. Annallar.)
Lusiy Seneka shogirdi Neronni falsafa va san'at durdonalari bilan tanishtirib, har bir inson, ayniqsa, buyuk insonlar ma'naviy kamol topishi zarurligini uqtirib, drama va falsafiy risolalarida insonparvarlik, hurlikni, mashaqqat, kulfatlarga sabr qilishni maqtab, despotiyani — tiraniyani, takabburlik va xudbinlikni qoralaydi.
Shunisi ajablanarli va hayratlanarliki, ustozi Senekaning ta'lim-tarbiyasidan, ilm-ma'rifatidan bahra olib o'sgan Neronning ham iste'dodi ochilib, yoshlikdan chinakam she'rlar; elegiyalar, dostonlar yozadi, badiiy asarlarida nozik his-tuyg'ularni, muhim ijtimoiy muammolarni nafis ma'noli so'zlar bilan ifodalaydi. U o'z she'rlari, dostonlarini iste'dodli aktyorday hayajon, ehtiros bilan o'qiydi. Ammo ilm, ma'rifat, she'riyat, san'at ham Neronni ota-bobolaridan qoniga o'tgan buzuqlik va yovuzlikdan qutqara olmadi.
Rim imperiyasining inson erkini bo'g'uvchi, axloq-odobga zid qonunlariga ko'ra imperatorlar siyosiy maqsadni ko'zlab, o'z qizlarini yomon ko'rganiga zo'rlab uzatar, o'g'illariga yoqmagan qizlarni olib berar edilar. Qizlar esa o'z nomini yo'qotib, erining nomini olishga majbur edilar. Bularning avvalgi nomi ham o'ziniki emasdi. Yuliy Sezarning ikki singlisi ham Yuliya, Antoniyning qizlari Antoniya, Agrippaning qizi Agrippina, buning qizi esa Kenja yoki Kichik Agrippina deb atalardi. Bu esa Neronning onasidir. (Gay Svetoniy. O'n ikki Sezar hayoti.)
Diktator Yuliy Sezar o'z qizlarining axloqini tuzatolmagani va o'g'li yo'qligi sababli ikkinchi opasi Yuliyaning o'g'li Oktavianni o'ziga farzand va merosxo'r qilib olgan edi. Yuliy Sezarning o'limidan so'ng Oktavian imperator bo'lishidan avval o'ziga kuchli tarafdor topish uchun go'zal va oqila opasi Oktaviyani shuhratli lashkarboshi Mark Antoniyga turmushga bergan. Lekin Antoniy Misr malikasi Kleopatrani sevib qolib, oqila Oktaviyani qo'yib yuboradi. Bularning ikkita qizlari bo'lib, Katta Antoniya, Kenja Antoniya edilar. Katta Antoniya taniqli lashkarboshi, axloqi yengilroq Lusiy Domisiy Agenobarbga turmushga uzatilgan. Bularning o'g'li Gney Domisiy Agenobarb ham jasur lashkarboshi, lekin axloqi buzuq edi. U Antoniyning katta qizidan boshqa yana yovuz imperator Kaligulaning singlisi Kenja Agrippinaga uylangan. Bularning o'g'li Neron edi. Kaligulaga otasi — mashhur lashkarboshi, Germaniya qabilalarini Rimga bo'ysundirgan Germanikning go'zal insoniy xislatlari o'tmay, onasi Katta Agripinaning axloqsizligi, yovuzligi o'tgani qiziqarlidir. Uning singlisi Kichik Agrippina (Neronning onasi) chiroyli, aqlli, lekin o'ta ayyor, siyosatchi ayol bo'lib, hokimiyatni o'z qo'liga olish uchun eri Gney Agenobarbning o'limidan so'ng o'z tog'asi — imperator Klavdiyga turmushga chiqadi. Klavdiy Rim imperiyasini mana shu go'zal malikaning maslahati bilan boshqarar edi.