Qadimgi Rimda adabiyotshunoslik Qadimgi yunon adabiy-estetik madaniyatining durdonalari, Gomer dostonlari, Gesiodning she'rlari, Esxil, Sofokl, Evripid dramalari, Aristofan komediyalari Ellada xalqlarning milliy iftixorlariga aylangan, bu shoirlarning asarlari turli yunon qabilalarini yaxlit bir millat, xalq bo'lib shakllanishiga hayotbaxsh ta'sir ko'rsatgan edi. Yunon adabiyotining durdona asarlari Rim adabiyoti va madaniyatining shakllanishi va rivojlanishiga ham kuchli ta'sir ko'rsatadi. Rim shoirlarining ko'pchiligi yunon adabiyotidan ilhomlanish bilan birga yunon dostonlari va dramalarini lotin tiliga tarjima qilish bilan shug'ullandilar. Rim shoiri Liviy Andronik yunon she'riyatining shoh asarlaridan biri “Odisseya” asarini tarjima qilib, Rim adabiyotini boyitishga xissa qo'shdi. “Iliada” dostonida janglarda qahramonlik ko'rsatgan Axilles, Gektor, Patrokl, Agomemnon, Menelay, Odissey kabi bahodirlarning jasoratlari kuylangan bo'lsa, Rim shoiri Vergiliy “Eneida” dostonida imperator Oktavian Avgust davrigacha bo'lgan rimliklarning shon-shavkatlarini ulug'lab, bu bilan Rim xalqida vatanparvarlik tuyg'ulari va milliy ongni uyg'otishga xizmat qiladi. Agar zodagonlar naslidan bo'lgan harbiylar va davlat mansabdorlari qirg'in urushlari, bosqinchilikni maqtasalar, xalqparvar shoirlar adolatsiz, bosqinchilik urushlarning sababchilarini o'z she'rlarida hajv qildilar.
Shoir Vergiliy ko'p yillar hukmdorlarni maqtab yozganidan so'ng, oxiri uzlatga erishdi. Bu bilan hukmron tabaqalar ham, xalq ommasi ham shoirlarning ijodiga ehtiyoji bo'lgani ko'rinadi. She'riyat Yunonistonda ham, Rimda ham jamiyat, xalq hayotidagi dolzarb, muhim, jiddiy muammolarga o'z munosabatini bildirgan. Agar Rim shoiri Vergiliy imperator Avgust saroyida e'zozlangan bo'lsa, boshqa bir iste'dodli shoir Gorasiy respublikachi Brut armiyasida imperatorga qarshi jang qilgan. Shunga qaramay, O.Avgust bag'rikenglik qilib (yoki Gorasiyning shoirlik iste'dodidan foydalanish maqsadida), uni afv etgan va shundan so'ng shoir imperatorning badavlat do'sti Mesenat homiyligida, siyosatga aralashmay, nisbatan osoyishta va farovon yashab, go'zal insoniy tuyg'ularni kuylab, ijod qilgan.