Gomer ijodi va uning davridagi adabiy-estetik qarashlar.Gomer dostonlarini yozib olib, kitobat holiga keltirish Yunonistonda er.a. VI asrda va undan avvalroq davlat tomonidan yo'lga qo'yilgan. Er. a. IV asrda donishmand Arastu shogirdi, makedoniyalik Iskandar (Aleksandr)ga “Iliada”ning qimmatbaho kichik suvenir nashrini sovg'a qilgan. Arrian va boshqalarning yozishicha, Aleksandr qizg'in jang vaqtlarida ham “Iliada”ni o'zi bilan olib yurgan va o'qigan.
“Iliada”dostonida bahodirlik, jasurlik, qahramonlik, shon–shuhrat, adolat va noxaqlik, sevgi va nafrat, or-nomus, go'zallik va xunuklik, ulug'vorlik va tubanlik, urush va tinchlik, vatan mudofaasi, jismoniy va ruhiy barkamollik, do'st o'limiga qayg'u, g'azabdan tug'ilgan mardning nomardligi, shaxs va xalq manfaatlari to'qnashuvi, hayotning shirinligi va o'limning achchiqligi, dag'allik va nafosat, taqdirga tan berish va ilohiy qudratga qarshi isyon, bag'ridaryolik va fe'li torlik, mangulik va foniylik, xullas, insoniyat hayotining deyarli barcha qirralari hayotiy, ishonarli, realistik ham sirli, romantik, kutilmagan voqyea o'zgarishlari – peripetiyalar, mushkulotlar bilan mufassal tasvirini topganki, yuksak badiiyatni va ma'naviy boyliklarni anglashga quvvati yetgan o'quvchi hayratlar olamiga sho'ng'ishi tabiiydir.
Olmon romatizmining yorqin vakili Jan-Pol Rixter “Estetikaning boshlang'ich maktabi” asarining romantik poeziyaning mohiyatiga bag'ishlangan faslida qahramonliklar davri jahonning turli xalqlarida bo'lsa ham faqat yunonlar she'riyatida mangu yog'du socha boshladi, deb yozgan. U ma'nolari, ranglari va ohanglari cheksiz poeziyani Shiller faqat “ibtidoiy she'riyat (Gomer, Esxil, Sofokl, Evripid v.b.) va “yangi she'riyat” deb ikkiga bo'lib qo'yishini tanqid qiladi. Jan-Pol Rixter hatto birgina romantik poeziyaning o'zi Gomer va Sofoklda boshqacha, Petrarka, Ariosto, Shekspir va Servantesda o'zgacha ruhda ekanligini, daholarning she'riyati barcha davrlarda, barcha xalqlarning hayotini gullab-yashnatib turishini, cheksiz go'zalliklari bilan barchani maftun etishini aytadi.