Plotin va yangiaflotunchilik estetikasi. Ellinizm davri mutafakkiri, misrlik faylasuf Plotin (milodiy 204-270) asosiy falsafiy va estetik fikrlarini “Enneidalar” turkumiga kiruvchi asarlarida bayon qilgan. U yoshligida Aflotun va Arastu asarlarini mustaqil o'rgandi, 28 yoshida munosib ustoz izlab, oxiri Misrlik Ammoniyga shogird tushdi. 11 yil uning darslarini tingladi. Ammoniy uni Bobil, Misr, Eron falsafiy ta'limotlari bilan tanishtirdi. Rim imperatori Gordian Eronga qarshi harbiy yurish qilganida, Plotin askarlik xizmatiga yozilib, janglarda qatnashdi. Rim imperatori Bobilda (Mesopotamiya, Ktesifon, Madoin) yengilib, halok bo'lgach, Plotin asirlikdan qochib, Antioxiyada yashirindi. Qirq yoshida imperator Filipp I davrida Rimga kelib, falsafa bilan shug'ullandi14. Plotinning eng sadoqatli shogirdlaridan biri Porfiriy yozishicha, u faylasuf do'sti Gerinniy va Origen bilan birga Ammoniydan eshitgan (mug'lar, zardushtiylik, moniylik haqida) bilimlarini sir tutib, hyech kimga bildirmaslikka ahd-paymon qilganlar. Lekin ikki do'sti, ayniqsa, Origen, bu ahdni buzib, sharq falsafiy ta'limotlari haqida kitob yozdi. Lekin avval Numeniyda, so'ng Plotinda o'qigan eng iste'dodli, hofizasi o'tkir shogirdlaridan bo'lgan Origen ustozlarining barcha aytganlarini kitob holiga keltirdi, Plotindan eshitganlarini deyarli yuz kitob qildi va o'z shogirdi Gesixiyga taqdim etdi. Faylasufning biografi va shogirdi Porfiriy o'ttiz yoshida ustoz qidirib, imperator Galliyen hukmronligining o'ninchi yilida (263) Rimga kelgan va bu yerda avval Plotin qo'lida 18 yil shogird bo'lgan Ameriyni, so'ng u orqali ustozini uchratgan. Faqat Plotin umrining oxirida o'zini o'ldirmoqchi bo'lgan Porfiriyga tanbeh berib, uni Sisiliyaga jo'natgan. Porfiriyning “Arastu “Mantiq”iga kirish” asarini Abu Nasr Forobiy arab tiliga tarjima qilgan va sharhlar yozgan.
Lukresiy Karr.Rim saltanatining harbiy va iqtisodiy kuch-qudrati cho'qqisiga yetgan davrda yashagan shoir va olim Lukresiy Karr asosiy falsafiy she'riy asari “Narsalar tabiati haqida” dostonida o'zining ijtimoiy va estetik qarashlarini ham ifoda etgan. Qizig'i shundaki, bu asarda Lukresiy o'z zamonasidagi ko'pchilik buyuk shoirlar Vergiliy, Ovidiy, Gorasiy kabi daholardan ham ijtimoiy, ham badiiy-estetik qarashlarida ilgarilab ketgan. Agar Vergiliy, Ovidiy, Gorasiy o'zlarining mashhur asarlarida (“Eneida”, “Metamorfozalar», “Bukolikalar, idilliyalar”) hayotdagi ulug'vorlikni, go'zallikni, sevgi, muhabbat, jasur va halol qahramonlarni ulug'lab, Rim imperiyasi rahbarlarining mafkurasiga xizmat qilgan bo'lsalar (albatta, bu daho shoirlarning hur fikrlari imperatorlarni madh etish bilan qo'shilib ketgan), Lukresiy Karr bu ulug' zotlar bilan deyarli bir zamonda yashab turib, hyech qanday siyosatga va qudratli hukmdorlarga mute'lik qilmaydigan, yuqori mansablarga va izzu-johga dabdabali, hashamatli hayotga, mol-mulkni benihoya ko'paytirishga qiziqmaydigan, faqat o'zining halol mehnati bilan musaffo tabiat quchog'ida yashaydigan, o'zining mavjudligidan, sog'lomligidan, tabiat go'zalliklari aro yashayotganligidan, o'zi ham shu musaffo tabiatning bir qismi ekanligidan masrur, quvonib yashaydigan, kamtarin, mehnatsevar, lekin hyech kimga qul bo'lishni istamaydigan insonni kuyladi.
Lukresiy dostoni badiiyati jihatidan Arastu “Poetika” asarida aytgan sof she'riyatga emas, balki she'r bilan yozilgan ilmiy-falsafiy adabiyotga kiradi. Dostonda olamning tuzilishi, yer yuzida hayotning paydo bo'lishi avval ma'danlar, tog'u toshlar, daryolar va dengiz, ummonlar, so'ng sodda va murakkab o'simliklar, keyin hayvonlar va oxiri insonlar paydo bo'lgani tasvirlanadi. Lukresiy Karr ijodining tadqiqotchisi, atoqli arastushunos, poetika ilmining bilimdoni F.A.Petrovskiyning yozishicha, Lukresiy o'z dostonida qadimgi va unga zamondosh shoirlarning mifologik qarashlarini, turli jonivorlarning – inson va ot, inson va ilon, inson va baliq qo'shiluvidan iborat (kentavr, suv parilari, sfinkslar kabi) mavjudotlar bo'lmagani, insonlar ham avvalgi vaqtlarda ibtidoiy jamoa holida yarim yovvoyi yashagani haqida fikrlarini aytgani moddiylik (materiyaviy) falsafaning boshlanishidir. Dostonning barcha kitoblarida Lukresiy yunonlar orasida tabiiy ilmlarni rivojlantirishga buyuk hissa qo'shgan, bu sohada 300ga yaqin asar yozgan Epikur ta'limotini hayrat bilan qo'llab-quvvatlaydi. Lukresiy ma'naviy ustozi Epikur hayoti va ta'limoti haqidagi bilimlarni Epikurning do'stlariga yozgan maktublaridan va Empedoklning dostonidan olgan. Epikur qaysi teran fikrlari va tabiiy olamni anglash va idrok etishga doir yangiliklari bilan rimlik olim va shoir Lukresiy Karrni hayratlantirgan? Millodning II asrida yashagan shoir Diogen Laertiy “Mashhur yunon donishmandlarining hayoti va ta'limotlari” asarining 10-kitobini Epikurga bag'ishlaydi.