Arab yozuvining O‘rta Osiyo xalqlari hayotiga kirib kelishi. Eski o‘zbek yozuvining shakllanishi
Arab-o‘zbek alifbosi Arab tili tovushlariga moslashgan va shu tilning tovush sistemasini to‘la aks ettira olgan arab alifbosi turkiy tovushlarini to‘la ifodalay olmadi. Bunga sabab, birinchidan, turkiy fonetik sistemasiga tamoman yot bo‘lgan bir necha tovush va belgilarning arab tilidan kirib kelishi bo‘lsa, ikkinchidan, turkiy tilning xususiyatlarini ifoda etuvchi spesifik tovushlarning arab tili tovushlari sistemasida bo‘lmasligi hamda ularni yozuvda ifodalovchi ma’lum harflarning arab alifbosida yo‘qligi bo‘ldi. Arab alifbosi 28 harfdan iborat bo‘lib, turkey va eroniy xalqlar o‘z spesifik tovushlarini ifodalash uchun qo‘shimcha quyidagi 4 harfni kiritdilar: p, ch, j:, g
Shunday qilib, arab-fors alifbosidagi harflar soni 32 taga yetdi. Alifbodagi harflar o‘zlarining yozuvdagi xususiyatlariga ko‘ra bir tomonlama qo‘shiluvchi harflar va ikki tomonlama qo‘shiluvchi harflarga bo‘linadi. Bir tomonlama qo‘shiluvchi harflarning bog‘langan va bog‘lanmagan shakllari mavjud bo‘lganligi sababli ular yozuvda ikki ko‘rinishda bo‘ladi.
Hozirgi yozuvdan savod chiqargan kishi uchun eski o‘zbek yozuvini o‘rganish ancha mashaqqatli ish bo‘lib ko‘rinadi. Biroq bu yozuvning xususiyatlariga chuqur ilmiylik nuqtayi nazaridan yondashgan va metodik jihatdan to‘g‘ri yo‘ldan borgan kishi uchun yozuvni o‘zlashtirishga hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi, aksincha, unda shu yozuvni o‘rganish alohida qiziqish va ishtiyoq paydo bo‘ladi. Bu yozuv yordamida tilimizning lug‘at boyligidan foydalanib yirikyirik jimjimador jumlalar, chiroyli badiiy ifodalar hosil qilish mumkin. Qalam uchi satr chizig‘i bo‘ylab yo‘l olar ekan, shu yo‘nalishda u so‘z libosi (harf shakli)ni bichib, tikib borish bilan birga, ma’lum to‘xtamga borganda, qalam uchini yuqoridan o‘ngga va undan quyiga borib bu libosning tugmachalarini – ost-ust nuqtalarini ham o‘rni-o‘rniga qo‘yib (qadab) boradi. Masalan, «qalam» so‘zini yozar ekanmiz, o‘ngdan chapga qarab qalam uchi bir harakat bilan (daftardan uzilmasdan) so‘z shaklini yozib chiqadi: قلم kabi.
Yozuvning o‘ziga xos jihatlari sifatida quyidagilarni sanash mumkin:
1. Bu yozuvda qisqa unlilar ifodalanmaydi. Yozuvning fonetik-funksional tabiati o‘ziga xos. Bu haqda so‘z borganda ba’zi olimlar bu yozuvni fonografik yozuv deb baholasalar, boshqalari yarim fonografik yozuv deb hisoblaydilar. Arab yozuvi arab tili qurilishiga moslashgan bo‘lib, so‘zdagi undosh tovushlarni, asosan, bo‘g‘inlarni ifodalashga xizmat qilgan. Eski o‘zbek yozuvi va o‘zbek tiliga o‘tib o‘zlashib qolgan arabcha so‘zlar o‘z shakli (shakliy yozuv) bilan ifodalanadi. Masalan, «Maktab» so‘zi 6 tovushli (fonemali) so‘z, ammo yozuvda u مکتب) m+k+t+b) tarzida 4 undosh harf bilan ifodalangan. Mamlakat so‘zida 8 ta fonema bor, yozuvda esa u مملکت (m+m+l+k+t) tarzida 5 harf bilan yoziladi. Bular – arabcha so‘zlar. «Qoshiq», «qiziq», «chiziq», «bildi» kabi turkiy so‘zlarda esa 5 tadan fonema bor, ular yozuvda ham 5 harf bilan ifoda etiladi: بیلدی چیزیق قیزیق قاشیق Lekin yozma manbalarda turkiy-o‘zbekcha so‘zlarda, xoh asos, xoh qo‘shimcha tarkibida bo‘lsin, unlilarning yozuvda aks etishi bir xil emas.
Ko‘rinadiki, arabcha so‘zlarda, ya’ni o‘zbek tiliga o‘zlashgan arabiy so‘zlarda va turkiy-o‘zbekcha so‘zlarda unlilarning ifodalanishida o‘ziga xos tafovutlar mavjud. Qadimgi turkiy yozuvlar ta’siri tufayli eski o‘zbek yozuvida ham so‘zdagi har bir tovushni alohida-alohida harf bilan ifodalash an’anaga kirgan, lekin turkiy so‘zlarning imlosida (unlilarning ifodalanishida) qat’iylik yo‘qligi manbalar tilida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Arabcha so‘zlarning boshida va oxirida kelganda alif ( ا ( har doim ham sof unli tovushni ifoda qilavermaydi, ‘aza’, ‘ibtido’ so‘zlaridagi hamza bilan )أ) qandaydir bir to‘siq bilan aytiluvchi chala unli tovushni ifodalaydi (bu haqda keyingi mavzularda ham so‘z yuritiladi).
2. Amaldagi yozuvimizdagi kabi eski o‘zbek yozuvida ham harflar o‘zaro bir-biri bilan qo‘shib yoziladi. Biroq bu xususiyat barcha harflarda ham kuzatilmaydi. Alifbodagi harflar o‘zidan oldingi harf bilan qo‘shilishi yoki qo‘shila olmasligiga ko‘ra farqlanadi va quyidagicha tasniflanadi:
– munfasil harflar;
– muttasil harflar.
Munfasil harflar o‘zidan oldingi muttasil harflar bilan har doim qo‘shib yoziladi. O‘zidan keyingi harflarga esa umuman qo‘shilmaydi. Shuning uchun ularning yozuvda ikki ko‘rinishi mavjud. Muttasil harflar so‘zning qaysi o‘rnida kelishiga ko‘ra turlicha ko‘rinishga ega bo‘ladi: so‘zning boshida kelsa – bir xil, orasida kelsa – ikkinchi xil, so‘z oxirida kelsa – uchinchi xil. Hammasi bo‘lib, alohida shakli bilan birga, to‘rt xil ko‘rinishga ega. Muttasil harflar har doim o‘zidan keyingi harflarga (muttasil yoki munfasil harfligidan qat’i nazar) qo‘shib yoziladi. Ammo o‘zidan oldin kelgan munfasil harflarga qo‘shila olmaydi.
3. Arab harflari katta (bosh) va kichik kabi turlarga ajratilmaydi. Hammasi bir xil yoziladi.
4. Bu yozuvda tinish belgilari mavjud emas. O‘zbek yozuvi tarixida tinish belgilari ilk bor XIX asr oxiri va XX asr boshlaridan boshlab ishlatila boshlangan.
5. Bo‘g‘in ko‘chirish va uning qoidasi ham tinish belgilari kabi XX asr boshlaridan kirib kelgan. Yozma manbalarda bo‘g‘in ko‘chirilmasa-da, satrga sig‘may qolgan bo‘g‘in yoki qo‘shimchalar so‘zning ustiga sig‘dirishga harakat qilingan. Arab yozuvida bo‘g‘in ko‘chirilmaydi. Sababi qisqa unlilar yozuvda ifodalanmagani uchun bo‘g‘in ko‘chirilsa bir so‘z ikki ma’noli yoxud ma’no ifoda etmaydigan ikki so‘zga ajralib qolishi mumkin.
6. Yozma manbalarimizda asos va qo‘shimchalarning yozilishida bir xillikka amal qilinmagan, ya’ni asos va qo‘shimchalar birga (qo‘shib) yoki ajratib yozilgan. Asos va qo‘shimchalarni ajratib yoki qo‘shib yozish an’anaviy xarakterga ega bo‘lgan.
7. Harflar satr chizig‘iga nisbatan uch xil holatda yoziladi: -satr chizig‘i ustida yoziladigan harflar; -satr chizig‘iga nisbatan oraliq holatda yoziladigan harflar; -satr chizig‘i ostida yoziladigan harflar.
Mavzuga oid savol va topshiriqlar:
1.Arablarni O‘rta Osiyoga kirib kelishi va arb tilini mahalliy xalq xayotida tutgan o‘rni haqida ma’lumot bering.
2.Arab yozuviga qadar O‘rta Osiyoda iste’molda bo‘lgan yozuvlar haqida ma’lumot bering.
3.Arab-o‘zbek alifbosining vujudga kelishi haqida ma’lumot bering. Eski o‘zbek yozuvining o‘ziga xos imloviy xususiyatlari xususida gapirib bering. 4.Konsonant yozuv, fonologik yozuv deganda nimani tushunasiz?
5.Turkiy mantlarda konsonant yozuv qoidasi amal qilinganmi?
6.Arab-o‘zbek alifbosidagi harflarni yod oling.
7.Harf yasovchi unsurlarni haqida ma’lumot bering.
8.Alifboga qo‘shimcha qilingan harflar haqida ma’lumot bering.
9.Arab yozuvining asosiy xususiyatlari haqida ma’lumot bering.
Mavzuga oid adabiyotlar:
1. Ashirboyev S., Azimov I.. Rahmatov М., G‘oziyev A. Eski o‘zbek tili va yozuvi praktikumi, – Toshkent, “Ijod”, 2006.
2. Hamidova M., Sulaymonova N. Eski o‘zbek yozuvi: uslubiy qo‘llanma. – T., “Yurist-media markazi” nashriyoti, 2009.
3.Hamidov Z., Egamova Sh., Ubaydullayev A.Eski o‘zbek tili va yozuvi. – T., 2001