2-mavzu. Buxgalteriya balansi



Yüklə 42,77 Kb.
tarix19.05.2023
ölçüsü42,77 Kb.
#117820
2-mavzu. Buxgalteriya balansi


2-MAVZU. BUXGALTERIYA BALANSI
Reja:
1. Buxgalteriya balansi haqida tushuncha, uning tuzilishi, mazmuni va ahamiyati.
2. Xo‘jalik mablag‘lari va ularning kelib chiqish manbalarini tasnifi.
3. Xo‘jalik muomalalari ta'sirida balansda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar.
4. Buxgalteriya balansi turlari.

Tayanch so‘z va iboralar: balans, avans, aktiv, korxona aktivlari, balans qiymati, brutto-balans, kirish balansi, joriy balans, majburiyat, mehnat buyumi, mehnat vositalari, netto-balans, passiv.



1. Buxgalteriya balansi haqida tushuncha, uning tuzilishi, mazmuni va
ahamiyati
Korxona va tashkilotlarda xo‘jalik faoliyatini boshqarish bevosita mablag‘larning holatiga, ulardan foydalanish darajasiga, mablag‘larning aylanish tezligiga bog‘liqdir. Balansni iqtisodiy jihatdan olganda xo‘jalik mablag‘larini joylanishi va tashkil topish manbalari bo‘yicha bir-biriga tengligini ta'minlaydi deb aytish maqsadga muvofiqdir.
Mablag‘lar holatidagi o‘zgarishlar ularning turlari bo‘yicha buxgalteriya hisobi schyotlarida o‘z ifodasini topadi va har oyning oxirida har bir mablag‘ning oy davomidagi o‘zgarishi, oy oxiriga bo‘lgan qoldig‘i hisob-kitob qilinadi. Demak, buxgalteriya hisobi schyotlari mablag‘ turlari bo‘yicha mulk egasiga etarli ma'lumotlarni beradi. Lekin bu ma'lumotlarda mablag‘larning joylanishi ularni moddiy javobgar shaxslar bo‘yicha taqsimlanganligini ko‘rsatib beradi, ammo ularning qaysi mablag‘lar hisobiga tashkil qilinishi ham mulkdor uchun zaruriyati yuqori.
Korxona va tashkilotlar mulkchilik shaklidan qat'iy nazar tegishli faoliyat ko‘rsatish jarayonida xom-ashyo bir turdan ikkinchi bir turga aylanadi. Buxgalteriya hisobida har bir mablag‘ning harakati turlari bo‘yicha hisob-kitob qilinadi va hisobot davri oxiriga mablag‘lar holati bo‘yicha to‘liq ma'lumotni olish imkoniyatini beradi.
Buxgalteriya hisobida ifoda qilingan mablag‘lar harakati bo‘yicha mablag‘larning joylanishi va tashkil topish manbalari bo‘yicha ma'lumotlarni umumlashtirish maqsadida balans tuziladi.
Buxgalteriya balansi – muayyan sanaga pulda ifodalangan va xo‘jalik mablag‘larining turlari, tashkil topish manbalari bo‘yicha iqtisodiy guruhlashtirish hamda umumlashtirish usulidir.
Balans yordamida korxona va tashkilotlarning o‘ziga taalluqli mablag‘lari, qarzga olingan mablag‘lari, vaqtinchalik foydalanishga olingan mablag‘lari to‘g‘risida aniq ma'lumotga ega bo‘lish mumkin, ikkinchidan mablag‘lar holatini nazorat qilish imkoniyatini bersa, uchinchidan mablag‘ turlarini o‘rganish uchun asos hisoblanadi.
Korxona va tashkilot mablag‘larining joylanishi va tashkil topish manbalarini o‘rganishda balans alohida axamiyatlidir. Buxgalteriya balansi yordamida korxona va tashkilotlarning xo‘jalik faoliyatini, iqtisodiy holatini baholash imkoniyati yaratiladi.
Buxgalteriya balansini tuzish, unda iqtisodiy ma'lumotlarni umumlashtirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi tomonidan belgilanadi va tartibga solinadi. Buxgalteriya balansida korxona va tashkilotlarning mablag‘lari joylanishi va tashkil topish manbalari bo‘yicha tartibga solinadi.
Demak, buxgalteriya balansi yordamida korxona va tashkilotlar tasarrufida bo‘lgan mablag‘lar harakati ikki jihat bilan, ya'ni mablag‘larni joylanishi va ularni tashkil topish manbalari bilan taqqoslangan holda o‘rganiladi. Buxgalteriya balansi ikki tomondan, uning chap tomoni aktiv, o‘ng tomoni esa passiv deb aytiladi. Buxgalteriya balansini qisqacha tuzilishini quyidagi sxemada ko‘rish mumkin.

BUXGALTERIYA BALANSI


Ko‘rsatkichlar nomi Satr kodi Hisobot
davri boshiga Hisobot davri oxiriga Ko‘rsatkichlar nomi Satr kodi Hisobot
davri boshiga Hisobot davri oxiriga
Aktiv Passiv
I. Uzoq muddatli aktivlar I. O‘z mablag‘lari manbalari
I-bo‘lim jami: I-bo‘lim jami:
Balans moddalari Balans moddalari
II. Joriy aktivlar II.Majburiyatlar
Balans moddalari Balans moddalari
II-bo‘lim jami: II-bo‘lim jami:
Balans aktivi bo‘yicha jami Balans passivi bo‘yicha jami

Buxgalteriya balansi yordamida korxona mablag‘larining joylanishi va ularining tashkil topish manbalarining bir-biriga tengligi ta'minlanadi, ya'ni balans summasi aktiv va passiv tomonlari bo‘yicha hisob-kitob qilinadi.


Buxgalteriya balansi 60-yillarda aktiv va passiv tomonlari bo‘yicha besh bo‘limdan tashkil topgan bo‘lsa, 80-yillarda 3 bo‘limdan va hozirgi paytda ikki bo‘limdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2002 yil 27 dekabr №140 sonli buyrug‘iga binoan (AV 24.01.2003 yil №1209) mulkchilik shaklidan qat'iy nazar tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan barcha yuridik shaxslar (bank, sug‘urta va byudjet tashkilotlaridan tashqari) yagona shakldagi buxgalteriya balansini tuzadilar.
Balansning aktiv va passiv qismlari bo‘limlarga, bo‘limlari guruhlarga, guruhlari esa moddalarga bo‘linadi. Buxgalteriya balansining moddalari korxonaning ayrim mulk turi, uning tashkil topish manbai va majburiyatlarni tavsiflovchi satr ko‘rsatkichidir. Balansning aktiv va passiv qismlari ikkitadan bo‘limdan iborat.
"Aktiv" – faol, amal qilish, mavjud bo‘lish degan so‘zlardan kelib chiqqan. Shundan kelib chiqib, aktiv deganda mablag‘lar qanday amal qilayotganligini, ishlayotganligini ko‘rsatuvchi mablag‘lar guruhlanishini tushunish kerak.
Aktivlar - bu oldingi amalga oshirilgan muammolarni yoki oldin sodir bo‘lgan voqealar natijasida korxonaga kelib tushgan, va ulardan foydalanish kelajakda foyda keltiradigan iqtisodiy resurslardir.
Aktivlar uch xil xususiyatga ega bo‘lishi kerak:
a) kelajakdagi iqtisodiy nafni o‘zida mujassamlanishi, bevosita yoki
bilvosita pul mablag‘lari yoki ularning ekvivalentilarini ko‘paytirish
imkoniyati;
b) bu iqtisodiy naflarni nazorat qilish qobiliyatini mujassamlash;
c) oldingi bitimlar yoki boshqa voqealarning natijasi bo‘lishi.
"Passiv" – nofaol, xolis (betaraf) turmoq, tushuntirish kabi so‘zlarning ildizidan olingan. Tarixan bu atama dastlab faqat qarzga olingan mablag‘larga nisbatan, ya'ni uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlarga nisbatan qo‘llanar edi. Bu bilan mulk egasi qarzga olingan mablag‘larga bo‘lgan munosabatda o‘zboshimchalik (bemalollik)dan o‘zini tutishi kerakligi ta'kidlangan edi. Keyinchalik "passiv" atamasi manbaalarning boshqa moddalariga ham tarqatilgan bo‘lib, faqat korxona majburiyatlarini tavsiflabgina emas, mablag‘lar turlarini qanday maqsadlarga mo‘ljallanganligini ham tavsiflash uchun ishlatiladigan bo‘ldi.
Manbaalarning tarkibiy qismini majburiyatlar tashkil etadi. Subyektning majburiyatlari - bu oldingi amalga oshirilgan muammolarni natijasi yoki kelajakda o‘zida mujassamlangan iqtisodiy nafni chiqib ketishi yoki yangi majburiyatlarni vujudga kelishi bilan yakunlanadi.
Majburiyatlar uch xil xususiyatga ega bo‘lishi kerak:
a) aktivlarni chiqib ketishi yoki xizmat ko‘rsatish yo‘li bilan to‘lashni
vujudga keltiradigan mavjud doimiy majburiyatni o‘zida mujassamlashtirishi;
b) subyekt uchun majburiyatni bajarilishi majburiyligi va qariyib
muqarrarligi;
c) oldingi bitim yoki oldingi voqealar natijasi bo‘lishi.
Balans ko‘rsatkichlaridan quyidagi iqtisodiy ko‘rsatkichlarni aniqlab olish mumkin.
Xo‘jalik yurituvchi subyektning o‘z mablag‘lari aktivlaridan majburiyatlarini ayirganiga teng.
Buxgalteriya balansining xususiyati bo‘lib, uning aktiv qismi bo‘yicha umumiy summasi passiv qismi bo‘yicha umumiy summasiga teng kelishidir.
Balans
Ikkiyoqlama yozuv tizimidan asosiy hisob tengligini ko’rib chiqishimiz mumkin: Aktivlar= Passivlar+ Xususiy capital
Aktivlar
Aktivlar ma’lum bir shaxs yoki biznes tashkiloti tomonidan egalik qilinadigan, o’z ichiga naqd pul va ma’lum qiymatga ega bo’lgan jumladan biznesdagi ko’chmas mulk, transport vositasi, mebel va jihozlar, inventorlar va boshqa tashkilotlarning ulushi sifatidagi investitsiyalarni qamrab oladi.
Passivlar
Passivlar biznesdagi obligatsiyalar , mavjud bo’lgan qarzlar yoki tashqi ishtirokchilar va kreditorlarning da’volaridir. Passivlarga kreditorlar (mol yetkazib beruvchilardan kreditga mahsulot olganlar), bank qarzlari, to’lanmagan biznes qarzlari jumladan, vakolatli foydali xarajatlar va soliq xarajatlari misol bo’ladi.
Xususiy capital.
Xususiy capital barcha qarzlar va majburiyatlar to’langandan so’ng umumiy aktivlarning balans qiymati. Bu balans biznes tashkiloti tomonidan boshqariladi. Xususiy capital to’rtta qismga bo’linadi va ular quyidagicha
Xususiy capital = capital – devedent + daromadlar - xarajatlar yalpi daromaddan yalpi xarajatlarni ayirganimizda ijobiy ko’rinish hosil bo’ladi, qachonki foydaga erishiladi yalpi daromad yalpi xarajatdan ko’proq bo’lsa. Boshqa tomondan, qachonki yalpi daromaddan yalpi daromaddan yalpi xarajatni ayirganimizda xarajat daromaddan ko’p chiqsa salbiy ko’rinish hosil bo’ladi . 2.2 jadvalda hisob tengligida debit va kredit qoidalarining har bir element uchun ko’rinishi tasvirlangan.
2.2 jadval. Har bir element uchun debit va kredit hisoblari
Debiit Hisob elementi kredit
Aktiv ko’payadi Aktiv Aktiv kamayadi
Passiv kamayadi Passiv Passiv ko’payadi
Capital kamayadi Kapital Capital ko’payadi
Drawings ko’payadi Draving Drawings kamayadi
Daromad kamayadi Daromad Daromad ko’payadi
Xarajat ko’payadi Xarajat Xarajat kamayadi

1.MS Misrah o’zining Rose Enterprise nomli korxonasiga RM 20,000 lik pul investitsiya qildi.


Aktiv = Passivlar + Xususiy capital
RM 20,000 (naqd pul) =0+RM20,000 (capital)
Natija: aktiv ko’payadi; xususiy capital ko’payadi
2.Rose Enterprise bir nech aturdagi mebel sotib oldi RM 2,500 ga.
Aktivlar=Passivlar + Xususiy Kapital
RM2,500(mebel, naqd pul) = 0+0
Natija: Aktiv o’zgarmaydi; passiv va xususiy capital ham o’zgarmaydi
3. Rose Enterprise naqd pulga mahsulot sotib oldi RM350.
RM350 (naqd pul)=0+(-RM350) (xarajatlar)
Natija: Aktiv oshadi; xususiy capital oshadi.
4. Rose Enterprise Beep korxonasidan kreditga inventor sotib oldi RM120 ga.
0=RM120 (kreditor) + (-RM120) (Xarajatlar)
Natija: Aktivlar o’zgarmaydi; passivlar kamayadi va xususiy capital ko’payadi.
5. Rose Enterprise RM300 naqd pulga mahsulot sotdi.
RM300 (naqd pul) = 0 + RM (daromad)
Natija: Aktiv kamayadi; xususiy capital kamayadi.
6. Rose Enterprise Munim korxonasidan kreditga RM180 ga mahsulot sotdi.
RM180( debitor)= 0 + RM180 ( daromad)
Natija: Aktivlar kamayadi; xususiy capital kamayadi.
7. Ms Misrah shaxsiy ehtiyoj uchun biznesga RM70 ga mahsulotini qaytarib oldi.
-RM70(Naqd pul) = 0 + (-RM70) (drawing)
Natija; Aktiv ko’payadi; xususiy capital ko’payadi.
Har bir operatsiya hisobdagi quyida berilgan 7 ta tenglikning yig’indisi quyidagicha
Operatsiya Aktiv RM Passiv RM Xususiy kapital
A +20,000 = 0 + +20,000
V +2,500-2,500 = 0 + 0
S -350 = 0 + -350
D 0 = +120 + -120
E +300 = 0 + +300
F +180 = 0 + +180
G -70 = 0 + -70

2. Xo‘jalik mablag‘lari va ularning kelib chiqish manbalarini tasnifi


Xo‘jalik jarayonlari ma'lum mablag‘lar zahirasini talab etadi. Shuning uchun ham, ishlab chiqarish korxonalari imoratlar, mashinalar, uskunalar, materiallar, pul mablag‘lari, nomoddiy aktivlar va shu kabi boshqa mablag‘larga ega bo‘ladi. Korxona mablag‘larining manbaalari - davlat fondidan, aksiyalarini chiqarish va sotish, muassislarning badallaridan, banklarning kreditlari hisobidan, boshqa korxonalar va tashkilotlardan olingan qarzlar hisobidan, foydadan va boshqalardan tashkil etiladi. Xo‘jalik faoliyatini to‘g‘ri boshqarishda korxonaning qanday mablag‘larga egaligi, ularning joylashuvi hamda bu mablag‘lar manbaalari, maqsadlarini bilish kerak.
Shunga qarab korxonaning barcha mablag‘lari ikki qismga guruhlanadi: birinchidan, ularning turlari va joylashganligiga qarab, ikkinchidan, tashkil topish manbai va qanday maqsadlarga yo‘naltirilganligiga qarab.
Mablag‘larni turlari va joylanishi bo‘yicha guruhlash korxona xo‘jalik faoliyatining xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi. Sanoat korxonalariga birinchi navbatda ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun mablag‘lar bo‘lishi kerak. Undan tashqari u muomala jarayonining ikki - ta'minot va realizatsiya bosqichida ishlatiladigan mablag‘larga ega bo‘lishi kerak. Odatda korxonalar o‘z xodimlarining ehtiyojlariga xizmat qiladigan noishlab chiqarish sohasidagi mablag‘larga ham ega bo‘ladi. Shunday qilib, korxona mablag‘lari o‘zlarining turlari va joylashishi bo‘yicha quyidagi guruhlarga bo‘linadi: ishlab chiqarish vositalari; muomala sohasidagi mablag‘lar; noishlab chiqarish sohasidagi mablag‘lar.
Ishlab chiqarish vositalari mehnat vositalari va mehnat buyumlaridan iborat.
Mehnat vositalari – insonning yaratayotgan buyumlariga o‘z ta'sirini o‘tkazuvchi vositalar hisoblanadi. Mehnat vositalari tarkibida ishlab chiqarish qurollari (mashinalar, asbob - uskunalar, asboblar) etakchi rolni o‘ynaydi. Ishlab chiqarish qurollari yordamida ishchilar mehnat buyumlarini tashqi ko‘rinishini o‘zgartiradilar, ularga yangi tus beradilar va mehnat mahsuliga aylantiradilar. Mehnat vositalariga shuningdek, imoratlar, inshootlar, transport vositalari va xo‘jalik inventarlari ham kiradi. Ular ishlab chiqarish jarayonini normal amalga oshirish uchun kerakli sharoitlar yaratib, uni to‘g‘ri tashkil etishga yordam beradi.
Barcha mehnat vositalarining xususiyatlari shundan iboratki, ular mahsulotni tayyorlash jarayonida uzoq muddat davomida qatnashadilar, ko‘plab ishlab chiqarish jarayonlariga xizmat qiladilar va shu bilan birga o‘z tashqi ko‘rinishlari va xususiyatlarini o‘zgartirmasdan saqlab qoladilar. Shu bilan bir vaqtda mehnat vositalari o‘z qiymatini asta-sekin ishlab chiqarilgan mahsulot, bajarilgan ish va xizmatlar tannarxiga va davr harajatlariga (amortizatsiya ajratmalari ko‘rinishida) o‘tkazadilar. Bu ularning eskirishiga va qiymatini kamayishiga olib keladi.
Mehnat buyumlari mahsulot tayyorlanadigan boshlang‘ich materialdan iborat. Ularga xom-ashyo va materiallar, yarim tayyor mahsulotlar va tugalanmagan ishlab chiqarishlar kiradi. Shu guruhga yordamchi materiallar va yoqilg‘ilar ham kiradi. Barcha mehnat vositalarining umumiyligi shundan iboratki, ular faqat birgina ishlab chiqarish jarayonida iste'mol qilinib, o‘zlarining qiymatini tayyorlanayotgan mahsulot tannarxiga butunlay o‘tkazadi.
Xom-ashyo va asosiy materiallar deb, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning asosini tashkil qiluvchi mehnat buyumlariga aytiladi. Masalan, mashinasozlik zavodida asosiy materiallar sifatida mashinalarning ehtiyot qismlari tayyorlanadigan metalning har xil turlari (po‘lat, cho‘yan va boshqalar) xizmat qiladi. Xom-ashyo deganda hisob amaliyotida asosiy materiallar (ruda, paxta, qand lavlagisi va boshqalar) tushuniladi.
Yordamchi materiallar, asosiylardan farqli o‘laroq, tayyorlanayotgan mahsulotning asosini tashkil qilmay, faqat uning yuzaga kelishida qatnashadi. Bunda ular mehnat vositalarining normal ishlashi uchun asosiy materiallarga qo‘shish (biriktirish) yo‘li bilan ularga sifat o‘zgarishlarini kiritish uchun (bo‘yoqlar, laklar, elimlar), yoki mehnat jarayoniga xizmat qilish uchun - binolarni yoritish, mehnat sharoitlarining kerakli sanitariya va gigienasini ta'minlab turish uchun (elektrotexnikaviy materiallar, sovun, qipiq va shu kabilar) ishlatiladi.
Yoqilg‘i, o‘z mohiyatiga ko‘ra yordamchi materiallarning bir turidir, yordamchi materiallar singari, ular yoki mehnat vositalari tamonidan iste'mol qilinadi (energetik yoqilg‘i) yoki asosiy materiallarga qo‘shiladi (texnologik yoqilg‘i), mehnat jarayoniga xizmat qilish uchun ishlatiladi (isitish uchun ishlatiladigan yoqilg‘i). Hisobda yoqilgi yordamchi materiallar tarkibidan alohida guruhlarga ajratilgan. Yordamchi materiallarning ko‘pchilik qismi singari, yoqilg‘ining xususiyati shundan iboratki, u o‘zining natura shaklida yangi mahsulotning tarkibiga kirmaydi. Lekin sarflangan yoqilg‘ining qiymati, yordamchi materiallarning qiymatiga o‘xshab, ishlab chiqarish chiqimlari sifatida butunlay shu mahsulotning tannarxiga kiritiladi.
Yarim tayyor mahsulotlar, ba'zi bir ishlov bosqichlarini o‘tgan, lekin hali tayyor mahsulotga aylanmagan mehnat buyumlaridan iborat. Ularning xususiyati shundan iboratki, garchi ular mazkur bosqichdagi (ma'lum sex yoki ma'lum uchastkadagi) barcha ishlov operatsiyalanini o‘tgan bo‘lsalar ham, lekin ishlov yoki yig‘ish uchun navbatdagi bosqich (navbatdagti sexga, uchastkaga) yo‘naltirishishi kerak bo‘ladi. Masalan, yarim tayyor mahsulotlarga mashinasozlik zavodining tayyorlovchi sexi tomonidan ishlab chiqarilgan, lekin shu zavodning qayta ishlash sexida ishlanishi davom etadigan detallar kiradi. Bir sexda ishlovdan o‘tgandan keyin, yarim tayyor mahsulotlar odatda omborga topshiriladi, keyinchalik omborlardan, ularga bo‘lgan ehtiyojga qarab, navbatdagi sexga ishlov yoki yig‘ish uchun kelib tushadi.
Tugallanmagan ishlab chiqarish bevosita ishlovda (ish joylarida) joylashgan mehnat buyumlaridan iborat. Shunday qilib, ular ham, yarim tayyor mahsulotlarga o‘xshab, ba'zibir ishlov bosqichlarini o‘tishi bilan hali tayyor mahsulotga aylanmagan mehnat buyumlaridan iborat bo‘ladi. Lekin, yarim tayyor mahsulotlar mazkur sexda barcha ishlovlardan to‘la o‘tgan bo‘lsa, tugallanmagan ishlab chiqarishda joylashgan mehnat buyumlari bu erda hali ishlanishi lozim bo‘ladi.
Muomaladagi mablag‘lar, ya'ni muomala buyumlari, pul mablag‘lari, hisob - kitobdagi mablag‘lar (debitorlik qarzlari) va xizmat qiluvchi mablag‘lardan iborat.
Muomala buyumlari korxonada ishlab chiqarilgan va sotish uchun mo‘ljallangan tayyor mahsulotdan iborat. Joylashgan joyga qarab muomala buyumlari ombordagi tayyor mahsulot va ortib jo‘natilgan tovar (tayyor mahsulot)ga bo‘linadi. Ortib jo‘natilgan tovarlarni muomala buyumlariga qo‘shilishining boisi shundaki, xaridor uning uchun pul to‘lagunga qadar (kassa usulida) ular mazkur korxonaning mulki hisoblanadi. Hisoblash (nachislenie) usulidan foydalanganda xaridorlarga ortib jo‘natilgan mahsulot uni ishlab chiqaruvchi korxonaning mulki bo‘lmay, balki sotib oluvchi korxonaning mulki hisoblanadi va to‘lovning yo‘qligi debitorlik qarzning yuzaga kelganligini anglatadi. Ushbu xolda mazkur obyekt muomala doirasidan hisob-kitobdagi mablag‘larga o‘tadi.
Muomala sohasiga xizmat qiluvchi mablag‘lar shu sohada xizmat qiladigan har xil binolar, asbob-uskunalar va inventarlardan iborat. Bunday mablag‘larga tayyor mahsulot omborlarining binolari, ushbu ishlab chiqarish korxonasiga qarashli savdo imoratlari, shu bino va imoratlardagi asbob-uskunalar (tarozilar, sovituvchi qurilmalar, tokchalar hamda shu yerda joylashgan xo‘jalik inventarlarining buyumlari – stollar, stellar, shkaflar va hokazolar) kiradi.
2-chizma. Mablag‘lar tarkibi.

Noishlab chiqarish sohasidagi mablag‘larga mazkur korxona ixtiyoridagi uy-joy xo‘jaligi, madaniy-maishiy maqsadlarga mo‘ljallangan va sog‘liqni saqlash vositalari kiradi. Bular turar-joy binolari, kino-teatrlar, bolalar bog‘chalari va yaslisi, bolalar oromgohi, bolalarning dam olish joylari, hammomlar, kir yuvish va sartaroshxonalar, ambulatoriyalari, tibbiyot punktlari, binolari, shu binolarda (korxonaga qarashli) joylashgan asbob-uskunalari va inventar hamda ulardan foydalaniladigan (korxonaning mulkini hosil qiladigan) materiallar, dori-darmonlardan iborat. Bu mablag‘larning barchasi korxona xodimlariga xizmat qilish hamda ularga zarur bo‘lgan maishiy sharoitlarni yaratish uchun mo‘ljallangan.


Buxgalteriya hisobida kapital ikkiga ajratib hisobga olinadi: aktiv (harakatdagi) kapital va harakatdagi aktiv kapitalning manbaini ko‘rsatuvchi passiv kapital.
Har bir korxona tashkil qilinish davrida o‘z faoliyatining hajmi va harakteriga qarab mablag‘larini shakllantiradi. Agar ularda qo‘shimcha mablag‘ga vaqtinchalik ehtiyoj tug‘ilib qolsa, unda mablag‘larni muayyan manbalardan olishlari mumkin. Ishlab chiqarish natijasida olingan foydaning bir qismi yoki maxsus maqsadlarda jamg‘arilgan fondlardan, davlat grantlari va subsidiyalaridan foydalanadi. Shunday qilib, korxona mablag‘larini hosil qilish rejali xarakterga egadir. Korxona tomonidan har qanday manbadan olinadigan mablag‘lar ma'lum maqsadlar uchun mo‘ljallangan bo‘ladi.
Korxona mablag‘larini tashkil topish manbalari va qanday maqsadlarga mo‘ljallanganligi ularni ushbu korxonaga kelib tushish darajasiga qarab amalga oshiriladi. Mablag‘lar manbalarining tusi (xarakteri) mulkchilikning shaklini aks ettiradi. Korxonalar eng avvalo o‘zining butun yashash davri uchun umumdavlat fondidan (davlat korxonalari) yoki o‘zlarining muassislaridan, banklardan, boshqa korxona, tashkilotlardan vaqtinchalik foydalanish uchun mablag‘lar oladi.
Shunday qilib, korxona mablag‘larining tashkil topish manbalari va qanday maqsadlarga yo‘naltirilganligiga qarab quyidagi guruhlarga bo‘linadi: o‘z mablag‘lari, qarzga olingan (jalb qilingan) mablag‘lar.
O‘z mablag‘lari davlat korxonalarida, foliyatining hamma davrida beriladi va unga biriktirib qo‘yiladi.
Davlat korxonalarining mablag‘laridan farqli o‘laroq, boshqa mulkchilik shaklidagi korxonalarning o‘z mablag‘lari ayrim yuridik va jismoniy shaxslarning qo‘shma yoki individual mulkidan iborat bo‘ladi.
Kapital (fond)lar - bozor iqtisodiyoti sharoitlaridan kelib chiqqan holda korxonaning ixtiyori bilan shakllantiriladigan ustav kapitali (fondi) va zahira (rezerv) kapitalidan tashkil topadi.
Ustav fondi, korxonaga uni tashkil qilish paytida umumdavlat fondidan (davlat korxonalarining kapitali) kelib tushgan mablag‘larni ifodalab, u davlat korxonalari miqyosida foydalaniladigan buxgalteriya atamasidir. Ustav kapitali esa aksincha, muassislardan (mulkchilikning boshqa shakllarida) kelib tushgan mablag‘lardan iborat bo‘lib, u nodavlat sektoridagi korxonalarning buxgalteriya hisobida foydalaniladigan iqtisodiy atamasidir.
Qarzga olingan (jalb qilingan) mablag‘lar korxonaga vaqtinchalik foydalanish uchun ma'lum bir vaqtga, ma'lum shartlar asosida beriladi va uning muddati tugagandan keyin ular o‘z egalariga qaytarilishi lozim. Ularning manbai uzoq muddatli kreditlar va qarzga olingan mablag‘lar, qisqa muddatli kreditorlik qarz va taqsimotga doir majburiyatlar hisoblanadi.
Kreditlar va jalb qilingan mablag‘larga banklarning qisqa muddatli, uzoq muddatli hamda yuridik, jismoniy shaxslardan qarzga olingan mablag‘lari kiradi. Qisqa muddatli bank kreditlari va qarzga olingan mablag‘lar korxonaning vaqtinchalik ehtiyojlari uchun qo‘shimcha mablag‘larning asosiy manbai hisoblanadi. Bu tovar - moddiy boyliklar, yo‘ldagi hisob-kitob hujjatlar va boshqalar yuzasidan olingan kreditlardir. Ular qisqa muddatli kreditlash tartibida, ya'ni uncha uzoq bo‘lmagan muddatga (bir yilgacha), shu muddatning o‘tishi bilan ularni bankka albatta qaytarish sharti bilan beriladi.
Uzoq muddatli bank kreditlari va qarzlari korxonaga vaqtinchalik, lekin uzoqroq bo‘lgan muddatga olinadigan qo‘shimcha mablag‘lar manbaini ko‘rsatadi. Bunday kreditlar, yangi texnikani joriy etish, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalash va ishlab chiqarish texnologiyasini yaxshilash; yangi mahsulotni ishlab chiqarishni tashkil etish tadbirlariga, buyumlarning sifatini, ishonchliligini va chidamliligini ko‘tarish; o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalash o‘rniga kapital sarflarga va boshqa ehtiyojlarga xarajatlar qilish uchun beriladi.
Uzoq muddatli kreditlar va qarzga olingan mablag‘lar ham muddatli va qaytariladigan xususiyatlarga ega bo‘lib, bir necha yilga beriladi.
Kreditorlik qarzlarining guruhi - mol etkazib beruvchilar va boshqa kreditorlarga bo‘lgan qarzlarni o‘z ichiga oladi.
Mol etkazib beruvchilar deb, korxonaga moddiy boyliklarni sotadigan tashkilotlarga aytiladi. Moddiy boyliklar bo‘yicha qilinadigan hisob - kitob tizimiga binoan, boyliklarni olish vaqti bilan ularga haq to‘lanishi o‘rtasida birqancha vaqt o‘tadi. Shu davr davomida mazkur korxona o‘zlarining mol etkazib beruvchilari oldida qarzdor bo‘lib qoladilar. Natijada mol etkazib beruvchilarga bo‘lgan qarz ushbu korxona mablag‘lari uchun vaqtinchalik qo‘shimcha manbaga aylanadi.
Boshqa kreditorlar - korxonaga boshqa (tovarsiz) muomalalar bo‘yicha qarzdor bo‘lgan tashkilotlar (yoki shaxslar) kiradi. Ularga ijtimoiy sug‘urta organlariga, pensiya, ish bilan ta'minlash jamg‘armalariga va hokazolarga qarzlar, boshqa hisob-kitoblar kiradi. Bular - ishchi va xizmatchilarga ularning o‘z (individual) ehtiyojlari uchun berilgan ssudalar bo‘yicha, sud organlarining qarori asosida ishchi va xizmatchilarning ish xaqlaridan har xil tashkilot va ayrim shaxslar foydasiga ushlab qolingan summalar bo‘yicha, ishchi va xizmatchilar tomonidan o‘z vaqtida talab qilib olinmagan ish haqlari bo‘yicha korxonaning qarzlaridir.
Quyida mablag‘lar manbalari chizmasini keltiramiz.

3-chizma. Mablag‘lar manbalari tarkibi.


Ma'lumki, yalpi foyda amalda mahsulot sotishdan sof tushum va ishlab chiqarishga ketgan harajatlar o‘rtasidagi farq sifatida namoyon bo‘ladi. U markazlashtirilgan davlat sof daromadi va korxona sof daromadiga bo‘linadi. Markazlashtirilgan davlat sof daromadi qo‘shilgan qiymat solig‘i, aktsiz solig‘i va foydadan ajratmalardan hosil bo‘ladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i va aktsiz solig‘i korxona mahsulotining realizatsiyasi jarayonida qat'iy me'yorlar bo‘yicha undiriladi, foydadan ajratmalar korxona tomonidan uni taqsimlash paytida davlat byudjetiga kiritiladi. Foydaning boshqa qismi korxonaning ixtiyorida qoldiriladi va davr harajatlari, moliyaviy faoliyatdan talofotlar, dividendlarni to‘lash va boshqa ehtiyojlar harajatlarini qoplash uchun ishlatiladi. Shunday qilib, korxona tomonidan olingan yalpi foyda ikki tomonlama yo‘nalishga ega: uning bir qismi davlat daromadiga ajratiladi, boshqa qismi esa korxona ixtiyorida qoldiriladi. Buxgalteriya hisobi mazkur korxona va uning xo‘jalik bo‘linmalari ega bo‘lgan mablag‘lari va ulardan foydalanishning samaradorligi kerakli axborot bilan ta'minlagan holda, ularning samarasini oshirishga yordam berishi kerak.

3. Xo‘jalik muomalalari ta'sirida balansda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar


Har doim korxonada turli xildagi xo‘jalik operatsiyalari sodir bo‘ladi va korxonaning faoliyati ushbu operatsiyalardan tashkil topadi. Korxona omboriga materiallar kelib tushdi, ular ishlab chiqarishga berildi, ishlab chiqarishdan tayyor mahsulot qabul qilindi, tayyor mahsulot xaridorlarga sotildi va sotilgan mahsulot uchun pul mablag‘i olindi, yana xom-ashyo materiali sotib olindi, xodimlarga ish haqi to‘landi, olingan foydadan soliq, yig‘im va to‘lovlar to‘landi. Bu operatsiyalar ishlab chiqarish tsiklini tashkil qilib doimo qaytarilib turadi.
Har bir xo‘jalik operatsiyasi mulk tarkibi yoki uning tashkil topish manbai yoki bir vaqtning o‘zida ham mulkda ham uning tashkil topishida o‘zgarishlarga olib keladi.
Barcha xo‘jalik operatsiyalari buxgalteriya balansiga ta'sir ko‘rsatadi va balansda to‘rt tipdagi o‘zgarishga olib keladi.
Hisobot davrining boshida korxona quyidagi (qisqartirilgan) balansga ega.
Aktiv Summa Passiv Summa
Asosiy vositalar 1 200 000 Ustav kapitali 1 250 000
Tovar-moddiy zahiralar 600 000 Taqsimlanmagan foyda 450 000
Hisob-kitob schyoti 750 000 To‘lanadigan schyotlar 848 750
Kassa 10 Byudjetga qarzlar 1 260
Balans 2 550 010 Balans 2 550 010
Birinchi tur o‘zgarish. Bu toifa (tip, tur)ga kiruvchi muomalalar ta'sirida balansning aktiv qismida o‘zgarish sodir bo‘lib, xo‘jalik operatsiyasi natijasida bir modda ko‘payadi va boshqa bir modda shu summaga kamayadi. Balansning umumiy summasi esa o‘zgarmaydi.
Misol: ishchi va xizmatchilarga ish haqi berish uchun hisob-kitob schyotidan kassaga 50 000 ming so‘m pul olib kelindi. Kassa schyoti 50 000 ming so‘mga
Ikkinchi tur o‘zgarish. Sodir bo‘lgan muomala balansning passiv qismidagi moddalarga ta'sir ko‘rsatib, xo‘jalik operatsiyasi natijasida bir moddaning ko‘payishi va boshqa bir moddaning shu summaga kamayishi tushuniladi. Balansning umumiy summasi o‘zgarmaydi.
Misol: taqsimlanmagan foydaning bir qismi 25 000 ming so‘m ustav kapitalini oshirishga yo‘naltirildi. Taqsimlanmagan foyda schyoti 25 000 ming so‘mga kamayishi, ustav kapitali schyoti esa 25 000 ming so‘mga ko‘payishini aks ettiriladi.Ikkinchi operatsiyadan keyin balans quyidagi ko‘rinishga ega bo‘ladi.(ming so‘m)

Aktiv Summa Passiv O‘z-garish Summa


Asosiy vositalar 1 200 000 Ustav kapitali +25000 1 275 000
Tovar-moddiy zahiralar 600 000 Taqsimlanmagan foyda -25000 425 000
Hisob-kitob schyoti 700 000 To‘lanadigan schyotlar 848 750
Kassa 50 010 Byudjetga qarzlar 1 260
Balans 2 550 010 Balans 2 550 010

Uchinchi tur o‘zgarish. Bu toifa (tip)ga kiruvchi muomalalar balansning aktiv va passiv qismlarida sodir bo‘lib, xo‘jalik operatsiyasi natijasida balansning aktiv qismidagi bir moddaning ko‘payishi va balansning passiv qismidagi boshqa bir moddaning shu summaga ko‘payishi bilan balansning umumiy summasi ham shu summaga ko‘payadi.


Misol: mol etkazib beruvchilardan 35 000 ming so‘mga xom-ashyo materiallar olindi, lekin puli to‘lanmadi.
Balansning aktiv qismidagi xomashyo materiallar schyoti 35 000 ming so‘mga ko‘paydi, passiv qismidagi mol etkazib beruvchilarga to‘lanadigan schyotlar ham 35 000 ming so‘mga ko‘payadi.
Uchinchi operatsiyadan keyin balans quyidagi ko‘rinishga ega bo‘ladi.
Hisob-kitob schyoti 700 000 To‘lanadigan schyotlar +35000 883 750
Kassa 50 010 Byudjetga qarzlar 1 260
Balans +35000 2 585 010 Balans +35000 2 585 010

To‘rtinchi tur o‘zgarish. Balansning aktiv va passiv qismlarida sodir bo‘lib, xo‘jalik operatsiyasi natijasida balansning aktiv qismidagi bir modda va passiv qismida boshqa bir modda shu summaga kamayadi, balansning umumiy summasi ham shu summaga kamayadi.


Misol: hisob-kitob schyotidan mol etkazib beruvchilarga olingan xom-ashyo materiallar uchun 600 000 ming so‘m to‘landi.
Balansning aktiv qismidagi hisob-kitob schyoti 600 000 ming so‘mga kamaydi, passiv qismidagi to‘lanadigan schyotlar ham 600 000 ming so‘mga kamaydi.

To‘rtinchi operatsiyadan keyin balans quyidagi ko‘rinishga ega bo‘ladi.


Aktiv O‘z-garish Summa Passiv O‘z-garish Summa
Asosiy vositalar 1 200 000 Ustav kapitali 1 275 000
Tovar-moddiy zahiralar 635 000 Taqsimlanmagan foyda 425 000
Hisob-kitob schyoti -600000 100 000 To‘lanadigan schyotlar 635 000
Kassa 50 010 Byudjetga qarzlar -600000 100 000
Balans 1 985 010 Balans 1 985 010

Yuqoridagilardan quyidagi xulosalarni qilish mumkin:


• I va II tipdagi o‘zgarishlar oldingi balans summasini hech qachon o‘zgartirmaydi.
• III va IV tipdagi o‘zgarishlar albatta oldingi balans summasini o‘zgarishiga olib keladi, jumladan uchinchi tip o‘zgarishlar balans summasini oshishiga, to‘rtinchi tip o‘zgarishlar balans summasini kamayishiga sabab bo‘ladi.
• Hech qachon balansdagi o‘zgarish tiplari bir vaqtning o‘zida aktivni bir summaga oshirib, passivni esa o‘sha summaga kamaytirishi mumkin emas.
• Hech qachon balansdagi o‘zgarish tiplari aktivni bir summaga ko‘paytirishga (kamaytirishga), passivni esa boshqa bir summaga ko‘paytirishga (kamaytirishga) olib kelishi mumkin emas.

4. Buxgalteriya balansi turlari


Buxgalteriya balansining har xil turlari mavjud bo‘lib, ular quyidagi belgilari bo‘yicha tavsiflanadi ( 4 -chizmaga qarang).:
♦ tuzilish vaqtiga ko‘ra;
♦ axborot hajmiga ko‘ra;
♦ mulkchilik shakliga ko‘ra;
♦ aks ettirish obyektiga ko‘ra;
♦ tozalash usuliga ko‘ra.

4-chizma.


Buxgalteriya balansi turlari.

Tuzilish vaqtiga ko‘ra buxgalteriya balanslari kirish, joriy, tugatish, bo‘linish va birlashtirish balanslariga bo‘linadi.


Kirish balansi korxonaning tashkil topish paytida tuziladi. U korxona o‘z faoliyatini boshlayotgan boyliklar summasini belgilaydi. Kirish balansida ustav kapitali ta'sis hujjatlari bo‘yicha va unga doir badallar pul mablag‘lari, boshqa mol-mulk ko‘rinishida aks ettiriladi va hokazo.
Joriy balanslar korxona qonunchilik bilan belgilangan muddatlarda vaqti-vaqti bilan tuzilib turiladi. (Oylik, choraklik, yarim yillik, yillik).
Tugatish balansi korxona faoliyatini tugatish sanasida mol-mulk va uning manbalari holatini tavsiflash uchun tuziladi. Tugatish balansi asosida tugatish komissiyasi korxonaning tugatilish paytidagi kreditorlik va debitorlik qarzlari summasini belgilaydi, so‘ngra kreditorlar bilan hisob-kitob qiladi, keyin korxonani tashkil etish chog‘ida muassislar tomonidan ustav kapitaliga kiritilgan badallarni qaytaradi. So‘ngra korxona mol-mulkining qolganini uning muassislari o‘rtasida taqsimlaydi, ya'ni barcha uzil-kesil hisob-kitoblarni amalga oshiradi.
Tugatish balansida xo‘jalik subyektining aktivlari tugatish komissiyasi bahosida, ya'ni ular sotilishi mumkin bo‘lgan bahoda aks ettiriladi. Olinishi umidsiz qarzlar va zararlar tugatish balansiga kiritilmaydi.
Bo‘lish (ajratish) balanslari yirik korxonaning bir necha mayda korxonalarga bo‘linish vaqtiga yoki shu korxonaning bir yoxud bir necha tarkibiy bo‘linmasini boshqa korxonaga berish vaqtiga tuziladi. Ba'zi hollarda bu balans berish balansi ham deb yuritiladi.
Birlashtirish balansi bir necha korxonalar bitta balansga birlashganida tuziladi.
Axborot hajmi bo‘iicha balanslar bir martalik va yig‘ma balanslarga bo‘linadi.
Bir martalik balans faqat bitta korxona bo‘yicha joriy hisob asosida tuziladi.
Yig‘ma balans bir martalik balanslar asosida tuziladi va birlashmalar (vazirliklar, firmalar, aksiyadorlik jamiyatlari va shu kabilar)ning xo‘jalik mablag‘larini aks ettiradi.
Mulkchilik shakliga ko‘ra davlat, kooperativ, o‘z, aralash va qo‘shma korxonalar, shuningdek, jamoat tashkilotlari balanslari farq qiladi,
Aks ettirish obyektiga ko‘ra balanslar mustaqil va alohida balansga ajratiladi.
Mustakil balansni yuridik shaxs bo‘lgan korxonalar tuzadi.
Alohida balansni korxonaning tarkibiy bo‘linmalari (filiallar, sexlar, korxonaning avtotransport va turar-joy hamda kommunal xo‘jaliklari) tuzadi.
Tozalash usuliga ko‘ra balanslar brutto-balans va netto-balanslarga bo‘linadi.
Brutto-balans — tartibga soluvchi moddalarni o‘z ichiga oluvchi balansdir. "Asosiy vositalarning eskirishi", "Nomoddiy aktivlarning amortizatsiyasi", "Sotib olingan xususiy aksiyalar" singari tartibga soluvchi moddalarni o‘z ichiga oladi.
Netto-balans — qiymatidan tartibga soluvchi moddalar summasi chegirilgan balans bo‘lib, bunga tozalash deyiladi. O‘zbekistondagi barcha korxonalar netto-balans tuzadi (1993 yildan boshlab), ya'ni balans yakuniga asosiy vositalar, arzon baholi va tez eskiruvchi buyumlarning qoldiq qiymatda, qayta sotiladigan tovarlar esa tannarxi bo‘yicha kiritiladi.
Balansga qo‘yiladigan asosiy talablar quyidagilardir:
♦ balansning to‘g‘riligi;
♦ balansning realligi;
♦ balansning yaxlitligi;
♦ balansning izchilligi;
♦ balansning tushunarliligi.
Balansning to‘g‘riligi balansni tuzishda asoslanilgan hujjatlarning to‘laligi va sifati bilan ta'minlanadi. Agar hisobot davrida xo‘jalik faoliyatining barcha muomalalari o‘z vaqtida hujjatli rasmiylashtirilmagan yoki noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan bo‘lsa, unda balans korxona ishining haqiqiy yakunini aks ettirmaydi. Buxgalteriya balansining har bir moddasi hujjatlar, buxgalteriya hisobvaraqlaridagi yozuvlar, buxgalteriya hisob-kitoblari va inventarlash bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Buxgalteriya balansi ma'lumotlarini qasddan buzish niqoblash deyiladi. Balansni niqoblash qoida buzilishlarini yashirish maqsadida atayin va balansni tuzish bo‘yicha ayrim qoidalardan bexabarlik oqibatida bilmasdan qilingan bo‘lishi mumkin.
Balansning realligi moddalar bahosining obyektiv voqelikka muvofiq kelishini anglatadi. Balansning "to‘g‘riligi" va "realligi" tushunchalarini bir-biriga aralashtirmaslik kerak. Balans to‘g‘ri, ammo noreal bo‘lishi mumkin, ya'ni balans ma'lumotlari hujjatlar asosida tuzilgan bo‘ladi va haqiqiy mavjud mablag‘larni ko‘rsatadi, ammo uning ayrim moddalari real sharoitni, masalan, asosiy vositalar ma'naviy eskirganligi, debitorlik qarzini talab qilib olib bo‘lmasligi va shu kabilarni ko‘rsatmaydi.
Balansning yaxlitligi balansni yagona hisobga olish va baholash tamoyillari bo‘yicha tuzilishini, ya'ni korxonaning barcha tarkibiy bo‘linmalarida va tarmoqlarida buxgalteriya hisobi hisobvaraqlarining bir xildagi mazmuni, ularning korrespondentsiyasi va shu kabilar qo‘llanilishini anglatadi.
Balansning izchilligi har bir keyingi balans oldingi balansdan kelib chiqishi lozimligida ifodalanadi. Masalan, oldingi yil yakuniy balansi (yil oxiriga bo‘lgan ma'lumotlar) yil boshiga bo‘lgan boshlang‘ich balansi ma'lumotlari bo‘lishi kerak, chunki hisobot yili oldingi yilning davomi hisoblanadi.
Balansning tushunarliligi – balansni tuzuvchilar va uni o‘qiydigan hamda tahlil qiladiganlar tushunishi uchun qulayligidir. Balansni aniq va tushunarli qilish uchun moddalar rekvizitlari va nomlari ikki tilda (o‘zbek va rus tilida) bayon qilingan, uning shakli ancha soddalashtirilgan.

O‘z-o‘zini tekshirish uchun savollar


1. “Balans” so‘zining ma’nosi nimani anglatadi?
2. Balans aktivi va passivining bo‘limlari nimalardan iborat?
3. Balansni tuzish va takdim etish tartibi qanday?
4. Buxgalteriya balansi necha qismdan iborat?
5. Buxgalteriya balansi nima?
6. Buxgalteriya balansiga ta’sir etuvchi asosiy omillar.
7. Buxgalteriya balansini tuzishdagi asosiy ma’lumot manbalari.
8. Buxgalteriya balansining aktiv qismida nimalar aks ettiriladi?
9. Buxgalteriya balansining passiv qismida nimalar aks ettiriladi?
10. Balans turlariga ta’rif bering.
11. Jarayonlar natijasida balansdagi o‘zgarishlar qanday aks ettiriladi?
12. Oylik, choraklik va yillik balanslarning o‘rni nimada?
13. Balansning quyidagi bo’limlari mazmunini ochib bering:
a) aktivning birinchi bo’limi “Uzoq muddatli aktivlar”;
b) aktivning ikkinchi bo’limi “Joriy aktivlar”;
s) passivning birinchi bo’limi “O‘z mablag‘lari manbalari”;
d) passivning ikkinchi bo’limi “Majburiyatlar”.
14. Balans nima maqsadda va qanday tuziladi?
Yüklə 42,77 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin