O’zbekiston Konstitusiyasining birinchi tamoyili-davlat suverenitetidir. 1-6-moddalarda O’zbekiston-suveren demokratik respublika, davlat xalq manfaatlariga xizmat qiladi, mustaqil ichki va tashqi siyosat yuritadi, o’zbek tili davlat tilidir,deb belgilab qo’yilgan. Konstitusiyada davlatning «O’zbekiston Respublikasi» va «O’zbekiston» degan nomlari bir ma’noni anglatadi, deb belgilab qo’yilgan.
Ikkinchi Konstitusiyaviy tamoyil-xalq hokimiyatchiligidir. 7-14-moddalarda xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbayidir, O’zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar uning fuqarolari tashkil etadi, davlat o’z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko’zlab amalga oshiradi, deb ko’rsatilgan.
Uchinchi Konstitusiyaviy tamoyil-davlat hokimiyatining uch tarmoqqa bo’linishidir. O’zbekiston davlat hokimiyati tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga bo’linishi qonunlashtirildi.
To’rtinchi Konstitusiyaviy tamoyil-bu demokratiyaga sodiqlikdir. Konstitusiyada demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat e’lon qilinadi hamda insonparvar demokratik-huquqiy davlat barpo etish nazarda tutiladi.
Beshinchi Konstitusiyaviy tamoyil - Konstitusiya va qonunlarning ustuvorligidir. Konstitusiyaning 15-moddasida «O’zbekiston Respublikasida O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlarining ustunligi so’zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitusiya va qonunlarga muvofiq ish ko’radilar», deb belgilab qo’yilgan.
Oltinchi Konstitusiyaviy tamoyil-xalqaro andozalar darajasida ifodalangan fuqarolar huquqlari, erkinliklari va majburiyatlarining tengligi va daxlsizligidir. O’zbekiston fuqarolarining huquqlari muhim xalqaro hujjatlar «Inson huquqlari butun jahon Deklarasiyasi», «Iqtisodiy, sosial va madaniy huquqlar to’g’risida xalqaro akt», «Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risida xalqaro akt» va boshqalar asosida bayon etilgan.
Konstitusiyaning 18-52-moddalari inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga bag’ishlangan. O’zbekiston davlati tomonidan fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida tan olingan va ular himoya qilinadi. Konstitusiya bo’yicha har bir shaxsning o’z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishi kafolatlanadi.
Dostları ilə paylaş: |