Qisqa xulosalar O‘yinlar nazariyasini qo‘llash mikroiqtisodiy tahlilning rivojlanishida muhim bosqichga aylanmoqda. Ushbu nazariyaning muhim jihatlari bozorlarning faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishini hamda menejerlar o‘z faoliyatida strategik qarorlar qabul qilishda nimalarni e’tiborga olishlari kerakligini ko‘rsatadi.
O‘yin – bu har qanday vaziyat bo‘lib, unda o‘yinchilar boshqa o‘yinchilarning harakatini va reaksiyasini hisobga olib strategik qarorlar qabul qiladi. O‘yinlar nazariyasining bosh masalasi, har bir o‘yinchi uchun optimal strategiyani tanlash hisoblanadi. Strategiya – o‘yinni o‘tkazishdagi reja yoki harakatlar qoidasi.
To‘lov summasiga ko‘ra nol summali va noldan farqli o‘yinlar bo‘lishi mumkin. To‘lov summasi nol bo‘lgan o‘yinga antogonistik o‘yinlar deyiladi: yutilgan summa, boy berilgan summaga teng, ya’ni umumiy yutuq nolga teng.
O‘yinchilar kelishuviga ko‘ra koalitsion (bu yerda o‘yinchilar kelishib koalitsiya tuzadilar, ya’ni bir necha o‘yinchi kelishib birgalikda harakat qiladi) va koalitsiyasiz (har bir o‘yinchi o‘zi uchun o‘ynaydi) o‘yinlar mavjud.
Dominantlik strategiyasi: raqibim qanday strategiyani tanlashidan qat’i nazar men eng yaxshi strategiyani tanlayman. Men qanday strategiyani tanlashimdan qat’i nazar raqibim eng yaxshi strategiyani tanlaydi.
Nesh muvozanati: raqibim tanlagan strategiyani hisobga olib, men eng yaxshi strategiyani tanlayman. Men tanlagan strategiyadan kelib chiqib, raqibim eng yaxshi strategiyani tanlaydi.
“Mahbus dilemmasi”da firmalar oldida ham quyidagi varantlardan biri turadi: agressiv raqobat orqali ikkinchi tomonga qarashli bozor ulushining ma’lum qismini egallash (narx strategiyasi orqali), yoki passiv harakat qilish, yoki ikkinchi tomon bilan kelishish.
Aralash strategiyada o‘yinchilar ikki yoki undan ko‘p mumkin bo‘lgan harakatlar ichidan tanlangan ehtimolliklar kombinatsiyasiga asoslangan holda tasodifiy tanlovni amalga oshiradi.