2-mavzu. SOLIQ MA’MURCHILIGI TIZIMINING TASHKILIY VA HUQUQIY ASOSLARI
2.3. Soliq munosabatlarini boshqarish tizimida soliq ma’murchiligining huquqiy asoslari Har qanday tizimning (sohaning) mukammal faoliyat yuritishi, Soliq tizimni tartibga solib turuvchi huquqiy asoslarning mukammal, bekamu-ko‘st, puxta va pishiq ishlab chiqilganligiga bog‘liq bo‘ladi.
Shunday ekan, soliq ma’murchiligining samarali faoliyat yuritishi ham ko‘p jihatdan uni huquqiy bazasining mustahkamligi bilan ifodalanadi va unga soliq qonunchiligi orqali shakl beriladi.
Soliq ma’murchiligining huquqiy asoslari deganda, soliqqa oid munosabatlarni huquqiy tartibga solishga xizmat qiluvchi, davlat idoralari tomonidan qabul qilingan, hamma uchun majburiy bajarilishi lozimligi belgilangan, davlatning qonuniy hujjatlari tushuniladi.
O‘zbekiston Respublikasi soliq ma’murchiligining huquqiy asoslarini ikki guruhga: qonunlar va qonunostidagi me’yoriy hujjatlari guruhlariga bo‘linadi.
Soliq munosabatlarini tartibga solishda qonun me’yorlari yetakchi va belgilovchi ahamiyatga ega, chunki soliqlarni joriy etish, to‘lashga oid masalalar qonunlar bilan belgilanadi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi barcha huquq sohalari ushun, shu jumladan, soliq ma’murchiligi fani uchun ham bosh yuridik manba bo‘lib hisoblanadi. Jumladan, Konstitutsiyaning 51moddasida “Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashga majburdirlarˮ, deyiladi va shu bilan soliq munosabatlari jamiyatdagi yetakchi munosabatlardan ekanligi e’lon qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi. O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi soliq ma’murchiligining huquqiy asoslarining ikkinchi eng muhim manbai hisoblanadi va soliq munosabatlarini tartibga solib borish aynan Soliq qonun hujjati orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati to‘g‘risidaˮgi Qonuni. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati to‘g‘risidaˮgi Qonuni mamlakatimizda soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining to‘g‘ri amal qilishini ta’minlovchi va nazorat qiluvchi organ hisoblangan davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tartibga solib boradi.
O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyat organlari to‘g‘risidaˮgi Qonuni. O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyat organlari to‘g‘risidaˮgi Qonuniga ko‘ra (6-modda) mahalliy davlat hokimiyati idoralari (xalq deputatlari, viloyat, shahar, tuman kengashlari, viloyat, tuman, shahar hokimlari) o‘z vakolatlari doirasida qaror va farmoyishlar chiqarishlari mumkin va Soliq hujjatlar ham soliq ma’murchiligi manbai sanaladi. Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining soliq va soliqqa tortishga doir qaror va farmoyishlari ham joylarda soliq munosabatlarini amaliyotda qo‘llashda muhim asoslar hisoblanadi.
Soliq ma’murchiligining huquqiy asoslari sanaluvchi qonun ostidagi me’yoriy hujjatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatining Farmon va qarorlari. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatining Farmon va qarorlari ham, soliq ma’murchiligining huquqiy manbalari orasida muhim o‘rin tutadi. Farmon va qarorlar bilan me’yorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi sessiyasida muhokama etilib, tasdiqlangach qonun kuchiga ega bo‘ladi. Mazkur hujjatlar vositasida soliqqa oid muhim qoidalar, imtiyozlar, cheklashlar muayyan huquqiy rejim joriy etiladi va bekor qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Respublika Markaziy bankining qarorlari bilan tasdiqlanib, Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan me’yoriy hujjatlar. O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Respublika Markaziy bankining qarorlari bilan tasdiqlanib, Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan me’yoriy hujjatlari ham soliq munosabatlarini amaliyotda qo‘llashda, soliq ma’murchiligining huquqiy asoslarida salmoqli o‘rin tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi plenumi qarorlari. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi tomonidan soliqqa oid ishlarni ko‘rish yuzasidan sud amaliyotini umumlashtirish asosida soliq qonunlarini qo‘llash bo‘yicha qarorlari ham soliq ma’murchiligini huquqiy asoslari bo‘ladi.
Shuni ta’kidlash joizki, soliq ma’murchiligini yuqorida sanab o‘tilgan huquqiy hujjatlar bilan bir qatorda soliq munosabatlarida O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlar va norezidentlar bilan amalga oshirilganda xalqaro normalar ham qo‘llaniladi.
Biz yuqorida soliq ma’murchiligining boshqaruv tizimi xususida fikr yuritganimizda, boshqaruv subyektlari deyilganda, tegishli huquq va majburiyatlarga ega bo‘lgan tashkiliy-huquqiy asosda tashkil etilgan ma’muriy organlar tushunilishini ta’kidladik.
Soliq munosabatlarini boshqarish tizimida soliq ma’murchiligi boshqaruv tizimi subyektlarining huquqiy asoslarini quyidagilar tashkil etadi:
O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 29-avgustdagi “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni;
“2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat Byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 9-dekabrdagi O‘RQ-589son Qonuni;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 18-iyuldagi 5116-Farmoni;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston
Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi 2018-yil 29-iyundagi 5468-Farmoni;
2019-yil 26-sentyabr PF-3857-sonli “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2000-yil 13martdagi 87-sonli Qarori;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat soliq organlari faoliyatini huquqiy tartibga solinishini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2000-yil 5- maydagi 180-sonli Qarori;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va byudjet parametrlari to‘g‘risida”gi 2018-yil 28-dekabrdagi 4086-Qarori.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-iyundagi
“Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3802-son Qarori;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17apreldagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 320-son Qarori;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-iyuldagi “Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha choratadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4389-son Qarori va u asosida “2019-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish strategiyasi” va boshqalar.