2-mavzu Tirik organizmlar to‘g‘risida ta’limot. Hayotning shakll
6. Gomeostoz, bioritm, anabioz. Organizm doimo o’zgarib turadigan muhit sharoitlarida yashaydi. Tashqi muhit omillari ta’sirining o’zgarishiga qaramay tirik organizmlarning o’z tuzilishi va ichki muhitning doimiyligini o’zgartirmasdan saqlay olish xususiyati gomeostoz deyiladi. Bu xususiyat ayniqsa sut emizuvchi hayvonlarda yaxshi rivojlangan. Organizmlar ichki muhitining doimiyligini saqlashda irsiy axborot katta rol o’ynaydi. Organizmning genotipik tarkibiga uning uchun yot bo’lgan boshqa irsiy axborot qo’shilib qolsa, uning yashovchanligiga putur yetishi mumkin. Shuning uchun ham organizmning himoya sistemalari, immuniteti o’sha individ uchun yot bo’lgan hamma narsalarning kirishiga yo’l qo’ymaydi, agar kirib qolgudek bo’lsa ham yo’qotishga harakat qiladi.
Gomeostozni ta’minlashda organizmning morfologik tuzilishi doimiyligini saqlash mexanizmlari ham katta ahamiyatga ega. Bunday gomeostozni ta’minlashda regenerasiya muhim ahamiyatga ega. Ichki muhitning doimiyligini saqlashda organizmning hamma sistemalari birgalikda qatnashadi. Natijada organizmning tana harorati, kimyoviy ionlar va gazlar tarkibi, qon bosimi, nafas olish va yurak urush tezligi moddalarning almashinuvi doimiyligi saqlanadi.
Bioritmlar. Organizmning yashash muhiti ritmik ravishda, ya’ni kecha-kunduz davomida mavsumiy o’zgarib turadi. Tirik organizmlarning faoliyati o’sha ritmik o’zgarishlarga bog’liq bo’lib, bu bog’lanishlar millionlab yillar davomida evolyusiya natijasida shakllanadi va bioritmlar deb ataladi.
Bioritmlar –tabiiy tanlanish natijalaridir.
Bioritmlarga fotoperiodizim yaqqol misol bo’la oladi. Yil davomida kun uzunligining o’zgarishiga organizmlar moslashadi. Ularning fiziologik jarayonlari shunga qarab o’zgaradi. O’rta iqlim sharoitida yashovchi ko’pgina hayvonlarning ko’payish mavsumi yorug’ kunning uzaygan vaqtiga to’g’ri keladi. Mavsumiy ritmlar natijasida daraxtlarning ko’karishi, bargining to’kilishi, qushlarda patlar, sut emizuvchilarda jun qoplamining o’zgarishlari, o’simliklar o’sishining mavsumiy o’zgarishlari, hayvonlarning qishga uyquga ketishi kabi hodisalar kuzatiladi. Kecha-kunduz davomida fiziologik jarayonlarning ritmik o’zgarishi kecha-kunduzlik bioritmlar deyiladi. Masalan odamning tana harorati kecha kunduz davomida o’zgarib turadi. Kunduzi ayniqsa, soat 18 ga yaqin tana harorati ko’tariladi, kechasi esa tana harorati 0,5-1,5 gradusga pasayadi.
Arterial bosim ham kecha kunduz davomida ritmik o’zgaradi. Sog’lom odamlarda qon bosimi kunduzi kechasiga nisbatan yuqoriroq bo’ladi. Qon bosimi oshgan kasallarda esa bioritm buziladi va kechasi qon bosimi ko’tariladi.
Mavsumiy bioritmlar ham inson hayot faoliyatiga katta ta’sir ko’rsatadi. Ayrim surunkasiga davom etadigan kasalliklar, masalan, nafas yo’llari, yurak qon tomirlari kasalliklari ayniqsa bahor va kuz mavsumlarida og’irlashadi.
Anabioz. Ba’zan organizmlar hayot jarayonlarining dovom etishi qiyin bo’lgan muhit sharoitlariga tushib qoladi. Shunday sharoitlarda organizm anabioz (ona-yangi, bios-hayot) so’zlaridan olingan holatiga o’tadi. Anabioz holatidagi organizmlarda moddalar almashinuvi juda sekinlashadi yoki vaqtincha to’xtaydi.
Anabioz noqulay sharoitlarga organizmlarning muhim moslanish mexanizmlaridan biridir. Mikroorganizm-larning sporalari, simliklarning o’ruo’lari, hayvonlar tuxumlari anabiozga misol bo’laoladi. Anabioz xolati uzoq yillar davomida saqlanishi mumkin. (urug’lar yuz hatto ming yillardan keyin ham unib chiqishi mumkin). Anabioz holatidan insonning amaliy faoliyatida ham foydalanish mumkin. Urug’lar va tuxumlarni qattiq sovuqda uzoq vaqt saqlab ulardan keyinchalik yana foydalanish, organizmlarni rivojlantirish mumkin.