3. Asosiy to‘qima. Bu to‘qima o‘simliklar tanasining asosiy qismini egallaydi. Asosiy to‘qima hujayralari tirik yupqa po‘stli parenxima hujayralaridan tashkil topgan bo‘lib, bajaradigan vazifasi va joylashishiga ko‘ra 3 xil bo‘ladi;
1) Assimilyasion parenxima - asosan barg va qisman bir yillik novdalarda joylashadi. Uning asosiy vazifasi fotosintezdir.
2) So‘ruvchi parenxima - ildizning uchida joylashgan ildiz tuklari va epiderma qavatidan iborat bo‘lib, ular tuproqdagi suv va unda erigan mineral moddalarni shimib o‘simlikka etkazib beradi.
3) G‘amlovchi parenxima. Bu parenxima o‘simliklarning urug‘ va mevalarida er osti o‘zgargan novdalari (ildiz, poya, piyozbosh, tuganak) ildizlarida (ildizmevalar, ildiz tuganaklar) hamda poya va ildizlardagi floema va ksilemaning parenxima hujayralarida va poya o‘zagida joylashadi. Bu parenximada o‘simliklar uchun kerak bo‘lgan zahira moddalar (yog‘lar, kraxmal va oqsillar) to‘planadi.
4. O‘tkazuvchi to‘qima. O‘simlik organlarida ikki xil moddalarning oqimi, ya`ni pastga tushuvchi va yuqoriga ko‘tariluvchi oqim bo‘lib turadi. SHunga asosan o‘tkazuvchi to‘qima ikkiga bo‘linadi. Poya va ildizning ksilema qismida joylashgan traxeylar (ochiq idishlar) va traxeidlar orqali tuproqdan olingan suv va unda erigan mineral moddalar poya bo‘ylab yuqoriga ko‘tariladi. Bu yuqoriga ko‘tariluvchi oqim deyiladi. Traxeylar silindirsimon shakldagi o‘lik hujayralar bo‘lib, devorlari qalinlashgan va yog‘ochlashgan bo‘ladi. U yopiq urug‘li o‘simliklarda uchraydi. Traxeidlarning hujayralari esa urchuqsimon tuzilishga ega va juda kichik bo‘lib, faqatgina ochiq urug‘li o‘simliklarda bo‘ladi. Ikkinchi xil o‘tkazuvchi to‘qimaga elaksimon naylar va uning yo‘ldosh hujayralari kirib, ular floema qismida joylashadi. Bularning hujayralari tirik yupqa po‘stli, ikki hujayra birlashgan joyida elakka o‘xshash teshiklari bo‘ladi. Ana shu to‘qimalar orqali bargda hosil bo‘lgan plastik moddalar poya bo‘ylab pastga ildizgacha boradi. Bu pastga tushuvchi oqim deyiladi. Faqat shuni aytish kerakki ochiq urug‘li o‘simliklardagi elaksimon naylarda yo‘ldosh hujayralar bo‘lmaydi.