Ta’lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv O’zRning “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni (7-modda)da o’z ifodasini topgan. Davlat ta’lim standartlari (DTS) umumiy o’rta, o’rta maxsus kasb-hunar va oliy ta’lim mazmuni, sifatiga qo’yiladigan talablarni belgilab beradi. Davlat ta’lim standartlarini bajarish barcha ta’lim muassasalari uchun majburiydir. Biroq, ta’lim muassasalari DTS asosida o’quv dasturlari variantini ishlab chiqib, undan foydalanishlari mumkin.
Bilimli bo’lishni va iste’dodni rag’batlantirish ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillaridan biri sanalib, ta’limning barcha bosqichlarida bu tamoyilga to’la amal qilinadi. Ta’lim oluvchilarning iste’dod va qobiliyatlari davlat tomonidan moddiy va ma’naviy jihatdan rag’batlantirilib boriladi.
1993 yil 5 fevralda O’zR Prezidentining “O’zbekistonda o’quvchi-yoshlarni rag’batlantirish choralari to’g’risida”gi Farmoni, 1993 yil 25 martda “O’zbekiston o’quvchi-yoshlarini taqdirlash va moddiy rag’batlantirish to’g’risid”gi respublika Vazirlar Mahkamasining Qarori qabul qilindi. Unga ko’ra ilmiy salohiyat, iqtidorga ega talabalar va aspirantlar uchun O’zR Prezidentining Davlat stipendiyalari ta’sis etildi. Stipendiya iqtidorli talabalarga har yili o’n bir ta’lim yo’nalishi – texnika va informatika, tibbiyot, fizika-matematika, iqtisodiyot, jurnalistika, gumanitar, huquq va xalqaro munosabatlar, pedagogika, madaniyat va san’at, chet tillar, qishloq xo’jaligi yo’nalishlari bo’yicha o’tkaziladigan tanlov yakunlariga ko’ra beriladi. Iqtidorli talabalar uchun, shuningdek, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug’bek, Alisher Navoiy, Abu Ali ibn Sino va Imom al-Buxoriy nomidagi stipendiyalar joriy etilgan.
Bundan tashqari iste’dodli yoshlarni moddiy va ma’naviy rag’batlantirish, chet elda ta’lim olishlarini qo’llab-quvvatlash maqsadida “Umid”, “Iste’dod”, “Respublika bolalar fondi”, “Sog’lom avlod uchun”, “Ulug’bek” va boshqa jamg’armalar tashkil etilgan.
Ta’lim tizimida davlat va jamiyat boshqaruvini uyg’unlashtirish ta’limni tashkil etish, sifatini oshirish, bunda davlat va jamiyatning hamkorlikka erishishni nazarda tutadi. Ta’lim tizimida davlat va jamiyat boshqaruvi ta’lim samaradorligini oshirishga zamin yaratadi.