26-modda. O‘lchash vositalarini kalibrlash O‘lchash vositalarini kalibrlash akkreditatsiya qilingan metrologiya xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘lchash vositalarini kalibrlashda o‘lchash vositasining metrologik tavsiflarini aniqlash uchun mo‘ljallangan o‘lchash vositalarini qiyoslash uslubiyotidan foydalaniladi.
Ushbu Qonun 20-moddasi birinchi qismining ikkinchi — o‘ninchi xatboshlarida ko‘rsatilganidan boshqa sohalarda qo‘llaniladigan o‘lchash vositalari ularni ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, ishlatish, ijaraga berish va ta’mirlashda kalibrlashdan o‘tkazilishi mumkin.
Akkreditatsiya qilingan metrologiya xizmati tomonidan bajarilgan o‘lchash vositalarini kalibrlash natijalaridan o‘lchash vositalarini qiyoslashda foydalanilishi mumkin.
O‘lchash vositalarini kalibrlash bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosida metrologiya xizmatlari tashkil etilishiga yo‘l qo‘yiladi.
27-modda. Sinov vositalarini attestatsiyadan o‘tkazish Sinov vositalarini attestatsiyadan o‘tkazish ularning normalangan texnik tavsiflari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida amalga oshiriladi.
Sinov vositalarini attestatsiyadan o‘tkazish akkreditatsiya qilingan metrologiya xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
Sinov vositalarini attestatsiya qilishda sinov vositalarining normalangan texnik tavsiflari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash imkonini beruvchi sinov vositalarini attestatsiya qilish uslubiyotidan foydalaniladi.
28-modda. Metrologiya xizmatlarini metrologiya ishlarini va xizmatlarini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lish uchun akkreditatsiya qilish Metrologiya xizmatlarini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning metrologik ekspertizasini, ushbu Qonunning 20-moddasida nazarda tutilgan sohalarda qo‘llanilishi va foydalanilishi mumkin bo‘lgan o‘lchash vositalarini, sinov vositalarini, o‘lchashlarni bajarish uslubiyotlarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish, sinov vositalarini attestatsiyadan o‘tkazish, o‘lchash vositalarini qiyoslash, kalibrlash va sinashni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lishi uchun akkreditatsiya qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning metrologik ekspertizasini, ushbu Qonunning 20-moddasida nazarda tutilgan sohalarda qo‘llanilishi va foydalanilishi mumkin bo‘lgan o‘lchash vositalarining, o‘lchashlarni bajarish uslubiyotlarining metrologik attestatsiyasini, sinov vositalarining attestatsiyasini, o‘lchash vositalarini qiyoslashni, kalibrlashni, sinashni amalga oshiruvchi akkreditatsiya qilingan metrologiya xizmatlari faoliyatining inspeksiya nazorati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkaziladi.