21-modda. Davlat metrologiya tekshiruvi Davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati obyektlarining metrologik, texnik tavsiflarini aniqlash va (yoki) tasdiqlash maqsadida davlat metrologiya tekshiruvi amalga oshiriladi.
Davlat metrologiya tekshiruvi:
o‘lchash vositalarining turini tasdiqlash maqsadida sinovdan o‘tkazish;
o‘lchash vositalarini va o‘lchashlarni bajarish uslubiyotlarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish;
o‘lchash vositalarini, shu jumladan etalonlarni qiyoslash, kalibrlash;
sinov vositalarini attestatsiyadan o‘tkazish.
22-modda. Davlat metrologiya nazorati Davlat metrologiya nazorati texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlarining metrologiyaga oid talablarga rioya etilishi ustidan amalga oshiriladi.
Davlat metrologiya nazorati:
o‘lchash vositalarining (shu jumladan etalonlar, standart namunalar, axborot-o‘lchash tizimlari) ishlab chiqarilishi, ta’mirlanishi, prokatga berilishi, realizatsiya qilinishi, ularning holati va qo‘llanilishi;
o‘lchashlarni bajarish uslubiyotlarining qo‘llanilishi;
belgilangan metrologiya normalari va qoidalariga rioya etilishi, shuningdek akkreditatsiya qilingan metrologiya xizmatlari, markazlari va laboratoriyalari faoliyati;
o‘ramlarga qadoqlangan tovarlarning ularni maydalab qadoqlash va sotish chog‘idagi miqdori ustidan amalga oshiriladi.
Davlat metrologiya nazoratini amalga oshiruvchi shaxslarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi qonunchilikda belgilanadi.
23-modda. O‘ramlarga qadoqlangan tovarlar miqdori ustidan davlat metrologiya nazorati O‘ramlarga qadoqlangan tovarlarning ularni maydalab qadoqlash va sotish chog‘idagi miqdori ustidan davlat metrologiya nazorati davlat metrologiya xizmatining vakolatli organlari tomonidan o‘tkaziladi.
O‘ramlarga qadoqlangan tovarlar miqdori ustidan davlat metrologiya nazorati o‘ram tarkibini o‘ramni ochmasdan yoki deformatsiya qilmasdan o‘zgartirish mumkin bo‘lmagan taqdirda, o‘ramdagi tovar miqdorini ko‘rsatuvchi massa, hajm, uzunlik, maydon yoki boshqa kattaliklar esa o‘ramda belgilangan hollarda amalga oshiriladi.
O‘ramlarga qadoqlangan tovarlar miqdori ustidan davlat metrologiya nazorati suyuq holdagi qadoqlangan tovarlar uchun iste’mol idishi sifatida foydalaniladigan o‘lchamli idishlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
O‘ramlardagi qadoqlangan tovarlarning miqdori ustidan davlat metrologiya nazorati tekshiruv xaridi orqali amalga oshirilishi mumkin.