14-modda. Kattalik birliklari O‘zbekiston Respublikasida xalqaro birliklar tizimining kattalik birliklarini belgilangan tartibda qo‘llashga yo‘l qo‘yiladi. Kattalik birliklarining nomlari, belgilari, ularni yozish va qo‘llash qoidalari maxsus vakolatli davlat organining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan xalqaro birliklar tizimiga kiritilmagan birliklarni qo‘llashga ruxsat berilishi mumkin.
Tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shartnoma shartlariga muvofiq o‘zga kattalik birliklaridan ham foydalanish mumkin.
15-modda. Kattalik birliklarining etalonlari Kattalik birliklari etalonlar vositasida saqlanadi va qayta hosil qilinadi.
Etalonlar orqali qayta hosil qilinadigan kattalik birliklari xalqaro birliklar tizimining birliklariga qadar metrologik kuzatiluvchanlikni ta’minlashi kerak.
Maxsus vakolatli davlat organining qarori bilan milliy etalon O‘zbekiston Respublikasi hududida muayyan kattalik birligining o‘lchamini belgilash uchun birlamchi etalon sifatida e’tirof etiladi.
Milliy etalonlarni xususiylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Etalonlarni yaratish, tasdiqlash, saqlash va qo‘llash tartibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan o‘rnatiladi.
16-modda. O‘lchash vositalari va sinov vositalari Foydalanishda bo‘lgan o‘lchash vositalari va sinov vositalari o‘lchash natijalarining belgilangan aniqlikdagi qonuniylashtirilgan birliklarda bo‘lishini ta’minlashi va qo‘llash shartlariga mos kelishi kerak.
O‘lchash natijalarining buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ruxsat etilmagan sozlash va aralashuvlarning oldini olish maqsadida o‘lchash vositalarining konstruksiyasi o‘lchash vositalarining funksional qismlariga (shu jumladan dasturiy ta’minotga) kirish cheklanishini ta’minlashi kerak.
Quyidagilar texnik vositalar, qurilmalar, moddalar va (yoki) materiallarning o‘lchash vositalari va (yoki) sinov vositalari jumlasiga kiritish mezonlari hisoblanadi:
qiymatlari ma’lum vaqt davomida o‘zgarmas deb qabul qilinadigan normalangan metrologik xususiyatlarga va texnik tavsiflarga ega bo‘lishi;
o‘lchash natijalarining belgilangan aniqlikda qonuniylashtirilgan birliklarda bo‘lishini ta’minlash qobiliyati, shuningdek sinov natijalarining ishonchliligi;
mexanik, elektrik, optik, fizik-kimyoviy, elektron prinsiplarda ishlashi.
Quyidagi hollarda texnik vositalar o‘lchash vositalari va (yoki) sinov vositalari hisoblanmaydi:
indikator funksiyasiga ega bo‘lganda;
natijalari o‘lchash va (yoki) sinov hisoblanmaydigan, faqat dastlabki baholash uchun foydalanilganda;
faqat o‘lchash va (yoki) sinov natijalari haqida axborot uzatish funksiyalarini bajarganda.