Hunarmandchilik va savdo-sotiq. Shaharlar. Xorazm hunarmandchiligi ixtisoslashgan bo‘lishiga qaramay, yarim ko‘chmanchi xo‘jaliklarda uy hunarmandchiligi ustunlik qilgan. Hunarmandchilikning asosiy sohalaridan biri to‘qimachilik edi. Ko‘chmanchi aholining turli matolarga bo‘lgan talabi va qisman tashqi bozor uchun mahsulot yetkazib beruvchi to‘qimachilik sanoati rivojini taqozo etgan. Xonlikda ipak, yarim ipak va paxta matolar ishlab chiqarilgan. Matolar asosan qo‘lda tayyorlangan.
Undan tashqari xonlikda kulolchilik, misgarlik, degrezlik, temirchilik duradgorlik kabi an’anaviy hunarmandchilik turlari ham rivojlangan. Manbalar shahar va qishloqlarda yer haydaydigan moslama tayyorlovchilar (pazachi), ot abzali tayyorlovchilar (kuchanchi), misgarlar, zargarlar, pichoqchilar, qinchilar, bo‘yoqchilar, telpakdo‘zlar, qulfgarlar, juvozchilar, shamchilar, sovunchilar, novvoylar, oshpazlar kabilar maxsus kasb-hunarga ixtisoslashganliklari haqida ma’lumotlar beradi.
Xivada gilam to‘qish o‘zining qadimiy ahamiyatini xonlik davrida ham saqlab qoldi. Ilgarigidek, gilam to‘qish bilan turkmanlar ham shug‘ullanganlar. Xiva gilamlari ichki va tashqi bozorda mashhur bo‘lgan. Umuman olganda, mahalliy hunarmandlarning mahsulotlari ichki va tashqi bozor uchun ishlab chiqarilgan.
XVI asrning oxiriga kelib Amudaryo asosiy o‘zaning o‘zgarishi Xorazmning tashqi savdo aloqalariga ham ta’sir etdi. Xorazmning ilgarigi savdo markazlari o‘z ahamiyatini yo‘qota borib, Rossiya bilan savdo aloqalarida Volganing qo‘yi oqimlari orqali yo‘llar katta ahamiyat kasb eta boshladi. Astraxanda xivalik savdogarlarga imtiyozlar berilgan bo‘lib, ular rus sado yarmarkalarida ishtirok etib turganlar. XVIII asrning o‘rtalaridan boshlab, Orenburg shahriga asos solingach Xiva savdogarlari Uralbo‘yi orqali savdo-sotiqni yanada jonlantirdilar. Xivadan Rossiyaga paxta matolar, mevalar, qimmatbaho toshlar, qog‘oz mahsulotlari, parcha va buyum shaklidagi ipak va yarim ipak matolar, gilamlar, tuya junidan matolar, qisman qorako‘l, guruch, sayg‘oq (kiyik) shohi, kashmir matosi kabi mahsulotlar olib borilgan. Rossiyadan esa Xivaga oltin va kumush tangalar, mis, cho‘yan, temir va boshqa metallar, paxta, ipak va yung matolar, bo‘yoqlar, shakar, choy, billur idishlar, oshlangan teri kabi mahsulotlar keltirilgan.
Xiva xonligi savdogarlari qo‘shni Buxoro va Qo‘qon xonliklari bilan, shuningdek, Xitoy, Eron, Afg‘oniston, Hindiston bilan ham savdo aloqalari olib borganlar. Bu davlatlarga Rossiyadan keltirilgan mahsulotlar bilan birga mahalliy mahsulotlar (zargarlik buyumlari, gilamlar, otlar) ham olib borilgan. Chet davlatlardan asosan turli matolar, metall, ziravorlar, bo‘yoqlar, fil suyagi, shakar (qand) kabi mahsulotlar keltirilgan.
Xiva xonligining Yangi Urganch, Kichik Vazir, Qiyot, Xonqa, Tirsak, Gurlan, Xazorasp, Qo‘ng‘irot, Shohabboz kabi shaharlari hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlari edi. Manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, XIX asrning birinchi yarmida Yangi Urganch himoya devorlari bilan o‘rab olingan savdo markazi bo‘lib, unda bir yarim mingta xonadon bo‘lgan. Urganchilik savdogarlarni nafaqat Buxoro, Qo‘qon va Turkiston bozorlarida, balki Astraxan, Orenburg, Nijniy Novgorod, Moskva, Qashg‘ar, Mashhad, Qobul bozorlarida ham ko‘plab uchratish mumkin bo‘lgan. Urganch bozorlari asosan ichki savdo mahsulotlariga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, tashqi savdo uchun mahsulotlar yirik savdogarlarning uylaridagi ustaxonalarda tayyorlangan. Shaharda 300 ga yaqin savdo do‘konlari bo‘lgan.
XVII- XVIII asrlarda Qiyot shahri saroylari, machit va madrasalari bilan shuhrat qozongan bo‘lib, XIX asrning birinchi yarmidan o‘z ahamiyatini yo‘qota boshlaydi va 50-60 xonadondan iborat qal’aga aylanadi. Bu yerda 30 ga yaqin do‘konlar bo‘lib, seshanba va shanba kunlari bozor bo‘lgan.
Juvarxas kanalining Amudaryodan suv oladigan joyida joylashgan Xazorasp shahri barcha qo‘layliklarga ega edi. Shaharda sakkizta machit va shuncha madrasa bo‘lib, 450-500 ta xonadon istiqomat qilgan hamda 400 ga yaqin savdo do‘konlari mavjud bo‘lgan. Hunarmandchilik mahsulotlari asosan do‘konlarda va qisman uylarda tayyorlangan. Hazoraspda katta bozor dushanba va juma kunlari bo‘lgan.
Xonlikdagi yirik savdo-hunarmandchilik markazlaridan biri Gurlan edi. Manbalarga ko‘ra, XIX asrning o‘rtalarida shaharda, atrof hududlar bilan qo‘shib hisoblaganda uch mingtagacha xonadon istiqomat qilgan. Shaharda ko‘plab machit va madrasalar, bog‘lar tutzorlar bo‘lib, dalalardagi sholi, paxta va bug‘doydan yaxshi hosil olingan.
Ma’lmuki, XVII asrning boshlariga kelib Xiva butun xonlikning poytaxtiga aylangan edi. Arabmuhammadxon davrida Xivada yirik madrasa bunyod etilgan bo‘lsa, Abulg‘ozixon davridan boshlab shaharning siyosiy – ma’muriy va iqtisodiy mavqyei yanada ko‘tarildi. Poytaxt shahar sifatida shaharning mavqyeini mustahkamlash maqsadida XIX asrning oxirlariga qadar Xivada ko‘plab machit va madrasalar, bozorlar va karvonsaroylar, saroy va minoralar, hammomlar bunyod etildi. Manbalarga ko‘ra, Xiva bozorlari haftaning deyarli barcha kunlari ishlab, raislar tomonidan boshqarilgan. Rus sayyohlari Xiva bozorlarini gavjumligi va mahsulotlarga boyligi, ajnabiy savdogarlarning ko‘pligi bilan Buxoro va Qo‘qon bozorlaridan qolishmasligi haqida ma’lumotlar qoldirganlar.