Voleybolda aksariyat o‘yin malakalari sakragan holatlarda ijro etiladi. Shuning uchun ushbu sifat foydali natijaga erishishda hal qiluvchi omil bo‘lib hisoblanadi.
Namunaviy mashqlar:
- o‘z vaznidan 50-70% og‘irliklar bilan o‘tirib-turish;
- 50%dan ortmagan og‘irlikni yelkaga qo‘yib yarim o‘tirgan holatdan shiddat bilan turish;
- turli og‘irlikdagi moslamalar bilan sakrash;
- trenajorlarda oyoq mushaklarini mashq qildirish;
- turli tezlikda va balandlikda skakalka bilan sakrash;
- turli balandlikdagi to‘siqlar osha sakrash va hokazo (50,51,52,53,54,55-rasmlar).
50-rasm.
51-rasm.
52-rasm.
53-rasm.
54-rasm.
55-rasm.
19.3. Maxsus tezkorlik
Voleybolchining maxsus tezkorligi uni qisqa muddat ichida maydoncha bo‘ylab harakatlanishi va o‘yin malakalarini vaziyat talabiga mos ravishda samarali ijro etishi bilan belgilanadi.
Tezkorlik voleybolda 3 xil shaklda namoyon bo‘ladi:
- turli ishora va vaziyatni fahmlash tezligi (jamoadoshining ishorasi, o‘yin vaziyatini o‘zgarishi va uni baholash, raqib o‘yinchining joylashishi va hokazo);
- ushbu vaziyatlarga nisbatan tezkor va maqsadga muvofiq harakat qilish;
- harakatlanish yoki bir necha harakatlarni ko‘p martalab ijro etish tezligi (56,57,58,59-rasmlar).
Namunaviy mashqlar:
- murabbiyni turli ishorasiga turli harakatlar bilan tez va aniq javob berish: Masalan: murabbiy bir marta chapak chalsa – to‘pni yiqilib olish malakasini taqlid qilish, ikki marta chapak chalsa – sakrab zarba berish taqlidini bajarish, bir qo‘lini yuqoriga ko‘tarsa – sakrab to‘p uzatish taqlidi va hokazo;
- voleybol maydonchasi maketida turli taktik vazifalarni qisqa muddatda yechish (taktik vaziyatni baholash va to‘g‘ri qaror qabul qilish tezligini takomillashtirish);
- har bir zonada shu zona o‘yinchisi funksional harakati (malakasi)ni taqlid qilish (umumiy tezlik baholanadi). Masalan: 1-zona – to‘p kiritish; 6-zona – raqib tomondan yo‘naltirilgan to‘pni yiqilib olish; 5-zona raqib tomondan kiritilgan to‘pni 2-zonaga uzatish; 4-zona – baland uzatilgan to‘p – sakrab zarba berish; 3-zona – qisqa uzatilgan to‘p – sakrab zarba berish; 2-zona – 2, 3 va 4-zonalarda to‘siq qo‘yish va hokazo.