Morfonema o'zak bilan affiksal morfemaning birikuvi natijasida hosil bo'ladigan, morfologik ma'no ifodalaydigan, morfonologik al'ternatsiyalarda qatnashadigan al'ternant fonemalar guruhidir. U (morfonema) morfologik funksiya bajaradi.
Otlardagi morfonologik al'ternatsiyalar
O'zbek tilida otlarning kelishik qo'shimchalari vositasida turlanishi jarayonida o'zak bilan qo'shimcha chegarasida ma'lum fonetik o'zgarishlar yuz beradi
Masalan, jo'nalish, o'rin-payt, chiqish kelishiklari affikslari ("-ga", "-da", "-dan" morfemalari) o'zak oxiridagi jarangsiz undosh ta'sirida (progressiv assimilyasiya natijasida) "-ka", "-qa", "-ta", "-tan" shakllariga o'tadi: chelakka (-ga>-ka), qatiqqa (-ga>-qa), qopda (-da>-ta), qopdan (-dan>-tan) kabi. Bular "-ga", "-da", "-dan" morfemalarining allomorflari sanaladi.
Keltirilgan misollarda (chelakka, qatiqqa so'z shakllarida) hatto geminatalar (kk, qq qavatlanishi) yuz berganligini ham ko'ramiz. Ayrim shevalarda "-ga" morfemasining arxaik shakli ("-g'a") ham namoyon bo'ladi: boyg'a, loyg'a, moyg'a kabi. Bu allomorflar qiyoslansa, ularda fonetik qurshov taqozosi bilan g-k-q-g' almashinuvi yuz berganini ko'ramiz.