17-mavzu. Piyodalar harakat xafvsizligini oshirish yo‘llari. Tayanch iboralar: Piyodalar harakatini tashkil etish tamoyillar. Piyodalar o‘tish joylarida ziddiyatsiz harakatni tashkil etish. Piyodalar harakatini tashkil etish avtomobil yo‘llarini va shahar ko‘chalarini ikkita bo‘lakka
bo‘lib, olib borilishi lozim. Birinchi bo‘lak chorraha va tutashma joylar, ikkinchi bo‘lak chorraha va
tutashmalar oralig‘idagi yo‘l bo‘yidagi mintaqa.
Piyodalar harakatini tashkil etish qo‘yidagi tamoyillar bo‘yicha amalga oshiriladi:
I. Piyodalar transport vositalarining harakatiga ta’sir ko‘rsatmaydilar.
II. Piyodalar transport vositalarining harakatiga qisman (vaqti-vaqti bilan) ta’sir
ko‘rsatadilar.
III. Piyodalar transport vositalarining harakatiga ta’sir ko‘rsatadilar.
Birinchi tamoyil talabini bajarish uchun piyodalar harakatini tashkil etishda chorraha va
tutashmalar mintaqasida piyodalar yo‘lning (ko‘chaning) bir tarafidan ikkinchi tarafiga o‘tishi
uchun yer osti tonneli yoki qatnov qismining ustidan yo‘l o‘tkazgich inshootlari quriladi.
Shuningdek ikki chorraha oralig‘ida piyodalar harakatlanishi uchun yo‘lning ikki tarafidan yoki bir
tarafidan yo‘lka belgilanib, piyodalar yo‘lning qatnov qismiga chiqishini bartaraf etishi uchun
to‘siqlar o‘rnatiladi. Bu tamoyil bo‘yicha piyodalar harakatining tashkil etilishi avtomagistrallarda,
yuqori darajali yo‘llarda va asosan tezyurar shahar ko‘chalarida ko‘zda tutiladi. Chorrahada yoki
tutashmada bunday harakatni tashkil etilishi natijasida piyodalar va transport vositalari orasida
ziddiyatli vaziyat vujudga kelmaydi. Rivojlangan mamlakatlarning shahar ko‘chalarida va
avtomagistrallarda shu tamoyil bo‘yicha harakat tashkil etilgan bo‘lib, piyodalar o‘tish joylarida
YTH kuzatilmaydi.Oxirgi yillarda O‘zbekiston Respublikasining katta shaharlarida, xususan,
Toshkentda piyodalar uchun yer osti yo‘llari qurilishi keng rivoj oldi. Masalan, Markaziy va Bosh
universal, «Bolalar dunyosi» magazinlari, Oloy, Eski jo‘va bozorlari, shimoliy va janubiy vokzallar
hududida yer osti yo‘llari barpo etilib, shu mintaqadagi harakat xavfizligi ta’minlanishi bilan
birgalikda, transport vositalari o‘rtacha tezligining oshishiga erishildi. Afsuski, ko‘pchilik hollarda
piyodalar bunday mintaqalarda yo‘l harakat qoidalarini buzib, qatnov qismida harakatlanishi
natijasida yer osti yo‘laklarining samaradorligi pasayishi, aynan bu sutkaning qorong‘i vaqtida
kuzatiladi.