Tashabbusli audit deganda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, shuningdek huquqni
muhofaza qilish organlari tashabbusi bilan o‘tqaziladigan audit tushuniladi. Bunday
auditning buyurtmachilari bo‘lib xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning o‘zlari, ularning
investorlari, ta’sischilari, aksionerlari, shuningdek ochilgan jinoiy ishlarni yakunlash
maqsadida auditni tayinlagan huquqni himoya qilish va boshqa nazorat organlari
(prokuratura, sud, ichki ishlar organlari, soliq qonunchiligini buzilishiga qarshi kurashish
deportamentlari) hisoblanadi. Tashabbusli audit kompleks va tematik harakterga ega
bo‘lishi mumkin.
Tematik audit deganda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning, shuningdek boshqa
qiziquvchi tomonlarning tashabbusi bilan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatiga
tegishli bo‘lgan u yoki bu operatsiyalarni, jarayonlarni, aniq aktivlar va majburiyatlarni,
moliyaviy munosabatlarni, buxgalteriya hisobining tegishli bo‘limlarini yoki hujjatlarini
auditorlik tekshiruvidan o‘tqazish tushuniladi. Tematik auditda auditorlik xulosasi
faqatgina tekshirish ob’ektiga nisbatan beriladi. Maqsadiga ko‘ra tematik audit
tasdiqlovchi audit hisoblanadi, chunki uning natijasida auditorlar tekshirish ob’ekti
bo‘yicha mavjud holatlarni harakatdagi qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlarga mos
kelish yoki kelmasligi to‘g‘risida xulosa beradilar. Iqtisodiy adabiyotlarda tematik auditni
turlicha boshqa nomlar bilan ham ataydilar, masalan, moliyaviy audit, boshqaruv auditi
va boshqalar.
Moliyaviy audit – bu xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyaviy holatiga baho
berish maqsadida o‘tqazilgan audit.Ushbu audit korxonalarning o‘zlari, uning investorlari
va ta’sischilari, aksionerlari, kuzatuv kengashi va nazorat organlari tashabbusi bilan
o‘tqaziladi.
Boshqaruv auditi deganda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining boshqaruv
tizimi samaradorligini oshirish maqsadida amalga oshirilgan audit tushuniladi. Boshqaruv
auditining ob’ekti bo‘lib xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning tashkiliy tuzilmalari
(bo‘linmalari) faoliyati, xo‘jalik jarayonlari, ularga sarflangan harajatlar va boshqalar
hisoblanadi. Ushbu audit xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, ularning ta’sischilari va
investorlarining tashabbusi bilan o‘tqaziladi.
Auditning asosiy vazifalari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
•
shartnomalarda ko‘rsatilgan kompleks yoki tematik audit ob’ektlari bo‘yicha
harakatdagi qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlarga amal qilinganlikni aniqlash, mavjud
kamchiliklarni ochib berish;
•
xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning buxgalteriya hisobi va hisoboti holatini baholash
va unga xulosa berish;
•
mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq tavsiyalarni ishlab chiqish;
•
xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga hisobni yuritish, uni tiklash, soliq
deklaratsiyalarini tuzish, mavjud kamchiliklarni bartaraf qilishda amaliy yordam
ko‘rsatish, maslahatlar berish va boshqalar.