1. Auditorlik xulosasini tuzish Iqtisodiy sub’ektning buxgalteriya hisobi haqidagi auditorlik xulosasi auditorlik tashkilotining bu hisobotning ishonchliligi to’g’risidagi fikrini ifodalaydi.
Auditorlik xulosasi - moliyaviy hisobotning haqqoniyligi (to’g’riligi) va buxgalteriya hisobini yuritish tartibining qonun hujjatlari bilan belgilangan talablarga muvofiqligi to’g’risida auditorlik tashkilotining fikri yozma shaklda ifodalangan va xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy hisobotidan foydalanuvchilar uchun ochiq bo’lgan hujjat.
Auditorlik xulosasi quyidagi elementlarni o’z ichiga oladi:
a) nom («Auditorlik xulosasi» yoki «Auditorlik tashkilotining xulosasi»: ikkala nom teng huquqli);
b) adresatning nomi;
v) kirish qismi;
g) qayd etish qismi;
d) yakuniy qism;
e) auditorlik xulosasini berish sanasi;
j) auditorlik tashkiloti manzili;
z) auditorlar va auditorlik tashkiloti rahbarining imzosi.
Auditorlik xulosasi auditorlik tashkilotining muhri bilan tasdiqlanishi kerak.
Auditorlik tashkiloti auditorlik xulosasi shaklining bir xilligiga rioya qilishi kerak.
Auditorlik xulosasi auditorlik tekshiruvining buyurtmachisiga yo’llanib, buyurtmachining barcha zaruriy rekvizitlari ko’rsatilishi kerak.
Auditorlik xulosasining kirish qismi auditorlik tashkilotining quyidagi rekvizitlarini o’z ichiga olishi kerak:
– auditorlik tashkilotining yuridik manzili va telefonlari;
– auditorlik faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya raqami, berilgan sana va litsenziya bergan organning nomi;
– auditorlik tashkiloti davlat ro’yxatiga olingani to’g’risidagi guvohnoma raqami;
– auditorlik tashkiloti hisob-kitob varag’ining raqami;
– auditorlik tekshiruvida ishtirok etgan auditor (auditorlar) ning, shuningdek, auditorlik tashkiloti rahbarining familiyasi, ismi va otasining ismi.
Kirish qismida sana va hisobot davri ko’rsatilgan holda tekshirilgan moliyaviy hisobotlar ro’yxati keltirilishi kerak.
Kirish qismida quyidagilar ko’rsatilishi kerak:
– xo’jalik yurituvchi sub’ekt auditorlik tekshiruvidan o’tkaziladigan moliyaviy hisobotni tayyorlash va uning haqqoniy bo’lishi uchun javobgar;
– auditorlik tashkiloti auditorlik xulosasining xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy-xo’jalik faoliyati natijalariga muvofiq bo’lishi uchun javobgar.
Auditorlik xulosasining qayd etuvchi qismida auditorlik tekshiruvi moliyaviy hisobot va boshqa moliyaviy axborot qonun hujjatlariga, shuningdek moliyaviy-xo’jalik faoliyatining haqiqiy holatiga muvofiqligi va haqqoniyligini baholashga asoslanishi ko’rsatilishi kerak.
Qayd etuvchi qismda auditorlik tekshiruvi fikrni ifodalash uchun etarlicha asoslar berishi xususida auditorlik tashkilotining tasdig’i berilishi kerak.
Auditorlik xulosasining yakuniy qismida auditorlik tashkilotining tekshirilgan moliyaviy-hisobot xo’jalik yurituvchi sub’ekt moliyaviy-xo’jalik faoliyatining haqiqiy holati to’g’risida haqqoniy tasavvur berish-bermasligi va moliyaviy hisobot qonun hujjatlariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi xususidagi fikri ravshan bayon etilishi kerak.
Auditor auditorlik xulosasini auditorlik tekshiruvi yakunlangan kun bilan belgilashi kerak.
Auditor auditorlik xulosasini xo’jalik yurituvchi sub’ekt moliyaviy hisobotga imzo chekkan yoki uni tasdiqlagan sanadan oldin keluvchi kun bilan belgilashi kerak emas.
Auditorlik xulosasining har bir beti auditor tomonidan imzolanishi kerak va u auditorlik tashkilotining muhri bilan tasdiqlanishi kerak. Qiziquvchi tomonega auditorlik xulosasining yakuniy qismini ko’rsatish kerak.
Xalqaro standartlarga binoan auditorlik xulosalarining quyidagi turlari mavjud:
a) ijobiy auditorlik xulosasi;
b) shartli ijobiy auditorlik xulosasi;
v) salbiy auditorlik xulosasi;
g) xulosa berishdan bosh tortish.
Ijobiy auditorlik xulosasi. Auditorlik tashkiloti xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy hisoboti uning moliyaviy ahvolini haqqoniy yoritadi va xo’jalik yurituvchi sub’ekt amalga oshirgan moliyaviy va xo’jalik operatsiyalari mamlakat qonunchiligi talablariga muvofiq degan fikrga kelganda ijobiy auditorlik xulosasi tuzilishi kerak.
Shartli ijobiy auditorlik xulosasi. Xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy hisobotida ayrim xatolar mavjud bo’lganida, ammo mazkur xatolar unchalik muhim bo’lmaganida tuzilishi kerak.
Salbiy auditorlik xulosasi. Auditorlik tashkiloti xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy hisobotida, agar xo’jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan bartaraf etilmasa, moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilarni chalg’itishi mumkin bo’lgan buzilishlar mavjud degan fikrga kelsa, salbiy auditorlik xulosasi tuzilishi kerak.
Xo’jalik yurituvchi sub’ekt amalga oshirgan moliyaviy va xo’jalik operatsiyalari moliyaviy hisobotda haqqoniy aks ettirilgan, lekin qonunchilik talablariga muvofiq kelmaydigan hollarda ham salbiy auditorlik xulosasi tuziladi.
Odatda xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbariyatining auditorlik tashkilotining aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish maqsadida moliyaviy hisobotga tuzatishlar kiritish to’g’risidagi fikriga qo’shilmasligi salbiy auditorlik xulosasini tuzishga sabab bo’ladi.
Xo’jalik yurituvchi sub’ekt auditorlik tekshiruvi davomida aniqlangan buzilishlarni bartaraf etgan holda salbiy auditorlik xulosasi tuzilmaydi.
Auditorlik xulosasini tuzishdan bosh tortish. Auditorlik tekshiruvi hajmining cheklanganligi tufayli auditorlik tashkiloti moliyaviy hisobot to’g’risidagi fikrni ifodalash uchun etarlicha auditorlik dalillarini olishi mumkin bo’lmasa, auditorlik tashkiloti auditorlik xulosasini tuzishdan bosh tortishi mumkin.
Auditorlik tekshiruvi hajmini cheklash - xo’jalik yurituvchi sub’ekt vakillari yoki uchinchi shaxslarning boshlab yuborilgan auditorlik tekshiruvini auditor auditorlik xulosasini tayyorlash uchun zarur deb hisoblagan hajmda o’tkazishga to’sqinlik qilishga yo’naltirilgan ochiqdan-ochiq harakatlari yoki harakatsizliklaridir.
Auditorlik xulosasini tuzishdan bosh tortish ariza shaklida bo’lishi va "Auditorlik tashkilotining auditorlik xulosasini tuzishdan bosh tortishi to’g’risidagi ariza" deb nomlanishi kerak.
Auditorlik xulosasi kamida uch nusxada tuziladi, shundan ikki nusxa auditorlik tekshiruvi buyurtmachisiga taqdim etiladi.
Auditorlik xulosasi moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilarga tushunarli bo’lishi, auditorning ishonchi komil emasligi va (yoki) rozi emasligi yuzaga keltirgan cheklashlarga doir ko’rsatmalarni o’z ichiga olishi kerak.
Auditorlik xulosasi ochiq axborot hisoblanadi, undan moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilarning hammasi foydalana olsin.
Auditorlik xulosasi tegishli moliyaviy hisobotlar bilan birgalikda xo’jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan e’lon qilinishi mumkin.
Auditorlik tekshiruvini o’tkazmasdan tuzilgan yoki auditorlik tekshiruvi natijalari bo’yicha tuzilgan, lekin auditorlik tekshiruvi davomida auditor (auditorlar) olgan xo’jalik yurituvchi sub’ektning hujjatlari mazmuniga muvofiq kelmaydigan auditorlik hisoboti va auditorlik xulosasi qasddan yolg’on hisobot va xulosa deb hisoblanadi.
Qasddan yolg’on auditorlik hisoboti va auditorlik xulosasini tuzish qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Xo’jalik yurituvchi sub’ekt bilan auditorlik tashkiloti o’rtasida yuzaga kelgan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Noto’g’ri auditorlik xulosasini tuzganlikda aybdor bo’lgan auditorlik tashkiloti va shaxslarning javobgarlikka tortilganligi xo’jalik yurituvchi sub’ektni soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lashning belgilangan tartibini buzganlik uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan jarimalardan ozod etmaydi.