3-Modul. Boshlangʻich ta’limda tarbiya nazariyasi-fayllar.org
Tarbiyada oʻquvchilarning yosh va individual xususiyatlarini hisobga olish qoidasi. Tarbiyaning mazmunini tashkil qiluvchi gʻoyalar, talablar, maqsad va vazifalar ichidan oʻquvchilarning yosh va individual xususiyatlariga muvofiq keladiganlarinigina tanlab olish juda muhimdir. Boshqacha qilib aytganda, tarbiyachilar bola shaxsiyatiga monand metod topishlari, uning shaxsini shakllantirish uchun kerakli sharoit yaratishlari lozim.
Odamlarning qobiliyati va shaxsiy xususiyatlarini, individual xarakterini oila, muhit, turmush sharoiti oldindan belgilaydi.
Oʻqituvchi bolalarni, ularning har birini tushunish mahoratiga ega boʻlishi kerak. Oʻz oʻquvchilarini bilish va ular bilgan narsalarni bilish va har biri alohida va hammasi birgalikda bilishi mumkin boʻlgan narsalarni bilish oʻqituvchi uchun zarur shartlardan biridir.
Tajribali oʻqituvchilar oʻquvchilarni kuzatadilar, ularni har tomonlama oʻrganadilar, oʻquvchini boshqalardan ajratadigan sifatlarni izlab topadilar va u boshqalarga qanday naf keltirishi mumkinligini aniqlaydilar.
Tarbiyaning mazmuni, shakli va metodlari bolalar yoshi va saviyasiga qarab turli sinfda turlicha boʻladi. Masalan, boshlangʻich ta’limning asosiy vazifasi oʻquvchilarda oʻqish, chizish, hisoblash malakalarini shakllantirish bilan birga ularning ongi, qalbiga tabiatni muhofaza qilish, yaxshilik-yomonlik, adolat-adolatsizlik, halollik-haromlik, goʻzallik-xunuklik, mehribonlik-shafqatsizlik kabi tuygʻularning oddiy qonun-qoidalari singdiriladi. Buning uchun ularni tez-tez tabiat qoʻyniga olib chiqish, ularning oʻzlari kuzatishlar olib borishlari kabi imkoniyatlar yaratish lozim.
Yuqori sinflarda esa shaxsning rivojlanishi va shakllanishi, uning ijtimoiy oʻzligini anglashga boʻlgan istagi, qiziqishi va qobiliyatini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratiladi, kasbga yoʻnaltirishga e’tibor beriladi. Oʻquvchilar jamoasi ayrim shaxslardan iborat. Shuning uchun har bir bolaning oʻziga alohida pedagogik ta’sir koʻrsatilishi kerak. Buning uchun pedagog bolaning qanday oilada tarbiyalanganligi, u tarbiyalangan muhit ta’sirini, tengdoshlari, oʻrtoqlari va kattalar qanday ta’sir koʻrsatayotganlarini, uning ijobiy va salbiy odatlarini, nimalarga qiziqishi va qobiliyati borligi va hokazolarni yaxshi bilishi kerak. Har bir bolaning oʻzigagina xos xususiyatlarini aniq bilmay turib bolaga rejaviy ravishda, maqsadga muvofiq ta’sir koʻrsatish mumkin emas.
Pedagogning bu qoidaga amal qilishi oʻquvchilarning tushunishiga, ularning his-tuygʻularini, tashvishlarini jiddiy qabul qilish va qadrlashga, ijobiy insoniy fazilatlarni tarbiyalashga yordam beradi. Oʻquvchilar ham oʻz oʻrnida oʻzlarini inson sifatida anglaydilar va oʻqituvchilarga hurmat bilan qaraydilar.
Pedagog tarbiya jarayonida bolalarning ijodkorligiga, ziyrakligiga, mustaqilligiga, bilish va ijtimoiy faolligiga keng yoʻl berish kerak. Bolalar jamoasiga singdirilgan muomala xarakteri har bir oʻquvchiga haqiqiy insoniy tabiatni rivojlantirishga yordam berishi lozim.
Bu qoidani amalga oshirish bolalar faoliyatini mazmuni va shakllarini ularning yoshiga, hayotiy tajribasiga va imkoniyatlariga muvofiqlashtirishni talab qiladi. Oʻqituvchi oʻz oʻquvchilarida insoniy fazilatlarni tarbiyalash jarayonida ularning har biriga xos ravishda muomala qilish yoʻlini topishi lozim.